Haydovchilarga: “qutqarish koridori” yoxud “Tez yordam”ga qanday qilib yoʻl berish zarur

16:39 17 Oktyabr 2019 Jamiyat
90 0

8-oktyabr kuni Sogʻliqni saqlash vazirligi oʻz saytida transport vositalari haydovchilariga murojaat qilib, ularni “Tez yordam” mashinasiga yoʻl berishga chaqirdi. Tirbandlikda qolib ketayotgan shifokorlar va ularni kutayotgan bemorlar qimmatli vaqtni yoʻqotmoqdalar...

Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlarining fikricha, haydovchilarda shaxsiy javobarlik va “tez yordam” mashinalariga yoʻl berish madaniyatini shakllantirib boʻladi. Ammo bunda nafaqat davlat idoralari, balki jamiyatning ham hissasi qoʻshilishi zarur.

Barcha haydovchilar umrlarida bir marotaba boʻlsa ham yoʻliqqan holatni tasavvur qilaylik. Avtomobilingiz ortidan sirena ovozi eshitildi, koʻzgularda oʻtib ketish uchun ustuvor huquqqa ega boʻlgan xizmat avtomobilini chiroq-mayoqchasi yongan holda koʻrmoqdasiz.

  1. QONUN NIMANI TALAB QILADI?

Yoʻl harakati qoidalariga muvofiq, “Yalt-yalt etuvchi koʻk rangli yoki koʻk va qizil rangli chiroq-mayoqchasi va maxsus tovushli ishorasi yoqilgan transport vositalari yaqinlashib kelayotgan boʻlsa, piyodalar qatnov qismidan oʻtmasliklari, unda harakatlanayotganlari esa, bu transport vositalariga yoʻl berishlari va zudlik bilan qatnov qismini boʻshatishlari kerak.”

Bundan tashqari, “Koʻk yoki koʻk va qizil rangli yalt-yalt etuvchi chiroq-mayoqchasini yoqib toʻxtab turgan transport vositasiga yaqinlashayotgan haydovchilar zarur boʻlgan hollarda harakatlanish tezligini darhol toʻxtash imkoniyatini beradigan darajada kamaytirishlari shart.”

Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda, oʻz navbatida, yuqoridagi talab inobatga olinmagan hollarda jazo koʻzda tutilgan.

128-5-moddaning birinchi qismiga muvofiq: “Transport vositalari haydovchilarining toʻsqinliksiz harakat qilish huquqidan foydalanadigan transport vositalarining oʻtib ketishiga xalaqit berishi – eng kam ish haqining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi”.

Ushbu huquqbuzarlikni maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish, - eng kam ish haqining yigirma baravari miqdorida jarima solishga yoki transport vositasini boshqarish huquqidan bir yil muddatga mahrum etishga sabab boʻladi.

  1. QAYERDA KUTISHNI TUSHUNISH

“Tez yordamni” oʻtkazib yubor degan gapni eshitganingizda, chet elda ishlangan va ushbu mavzuga bagʻishlangan videolavhalar koʻz oldingizga kelishi mumkin. Ammo shuni unutmaslik kerakki, “tez yordam”lar siz kesib oʻtayotgan yoʻldan ham chiqishlari mumkin va svetoforning taqiqlovchi signaliga oʻtib ketishga haqqlari bor. Shu sababli baʼzida maxsus transportni oʻtkazib yuborish uchun hech qanday chora koʻrmasdan – uzoqdan sirena ovozi eshitilganda oʻz vaqtida tezlikni pasaytirishning oʻzi kifoya. Albatta, yoʻnalishni keskin oʻzgartirishning keragi yoʻq – ortingizdan harakatlanayotgan haydovchilarni unutmang.

  1. UMUMIY KUCH ZARUR

Agarda siz avtomobillarning tiqilinch oqimiga tushib qolgan boʻlsangiz, muvaffaqiyat yaqin atrofdagi yoʻl harakati ishtirokchilari harakatlarining muvofiqligiga bogʻliq.

Jahon tajribasida maxsus transport favqulodda vaziyatlarda koʻpincha chap yoʻldan harakatlanadi, haydovchilarga esa quyidagi harakatlar rejasi taklif etiladi. Chap yoʻlga tushib qolganlarning hammalari chap tomonga siljishlari, qolgan harakat yoʻllaridagilar – oʻng tomonga siljishlari kerak. Muhimi, keskin harakat qilmaslik va sizning harakatingiz ahamiyatga egaligini unutmaslikdir. Hattoki oʻng tomondagi soʻnggi yoʻlda boʻlganingizda ham umumiy yondashuv bilangina “qutqarish koridorini” shakllantirish imkoniyati bor. Oʻng tomoningizdagi avtomobil haydovchisi oʻzini yoʻqotib qoʻyishi ehtimoli bor. Undan xushmuomalalik bilan koʻmak soʻrang.

  1. Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash – eng muhim shartlardan biridir. “Qutqarish koridorini” shakllantirishdek muhim ishni amalga oshirish vaqtida burilish chiroqlarini yoqib qolgan haydovchilarni harakatlaringiz haqida ogohlantirishni unutmang. Boshqa yoʻlga oʻtib olish uchun shoshilmaslik kerak: atrofdagi avtomobillar ham harakatlanishini yodda tuting.

Kesib oʻtayotgan yoʻlingizda qarshingizdagi transportga yoʻl berish vaqtida oldinroq sirenaga quloq tutib, avariyaviy holatni yuzaga chiqarmasdan oʻz vaqtida tezlikni pasaytiring.

Yon tomonga harakatlanib maxsus transportni oʻtkazib yuborganingizdan soʻng shoshmasdan oʻz yoʻlingizga qayting.

  1. JARIMA HAQIDA

“Qutqarish koridorini” shakllantirish vaqtida yoʻl harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimadan qoʻrqish kerakmi? Ilgari bu haqda bir necha bor maʼlum qilganmiz, yana bir bor qaytaramiz: yoʻq, bu holda jarimadan qoʻrqmang. Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlikt toʻgʻrisidagi kodeksning 271-moddasiga muvofiq, ”shaxs harakatni (...) oxirgi zarurat holatida qilgan boʻlsa”, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni yuritishni boshlash mumkin emas, boshlangan ish esa tugatilishi lozim. Binobarin, YHQ buzilganligi avtomatlashtirilgan qayd qilish kameralari tomonidan qayd qilingan boʻlsa ham, jarima toʻgʻrisidagi qaror bekor qilinadi.

“Bu menga ham taalluqli” – ushbu gap barcha haydovchilar uchun sirena ovozini eshitganlarida shior boʻlishi kerak. Ertami kechmi, “tez yordam” mashinasi, ichki ishlar organlari yoki yongʻin xavfsizligi avtomobili sizning uyingizga yoki yaqinlaringizning uyiga shoshilayotgan boʻlishi mumkin. Shunday holda haydovchilar maxsus avtomobillarga yoʻl bermayotganligini tasavvur qilib koʻring. Shaxsiy harakatlaringiz bilan atrofdagilarning ongini oʻzgartirishni bugundan boshlang – “qutqarish koridorini” shakllantiring va sirena ovoziga eʼtiborli boʻlishni odatlaning.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?