Haydovchilar norozi. Urganchdagi pulli avtoturargohlarni kim tartibga soladi?

13:56 27 Dekabr 2018 Jamiyat
572 0

Illyustrativ foto

Bu savol Urganch shahri aholisi va mehmonlari tomonidan bot-bot yangramoqda. Sababi, ularning koʻpchiligi u yerdagi dehqon bozori va yirik savdo majmualari yaqinidagi pulli avtoturargohlarda shunday anglashilmovchilikka duch kelishmoqda.

Maʼlumki, bunday joylarda avtomobillar hamisha koʻp boʻladi. Har bir haydovchi mashinasini qoʻygani uchun pul toʻlaydi va shu boʻyicha unga kvitansiya beriladi. Tasdiqlangan preyskurant (narxnoma) boʻyicha bunday xizmatning bir soatlik narxi 2500 soʻm. Biroq kvitansiyaga avtoturargohga kirish va u yerdan chiqish vaqti qayd etilmayapti. Hatto xizmatlarni kassa chekini bermasdan koʻrsatish holatlari ham uchrab turibdi.

— Shaharga har kuni ishga kelaman va turargoh xizmatlaridan foydalanaman, — deydi Bogʻot tumanilik A. Jumaniyozov.— U pulli boʻlsa ham, bu yerda na sanitariya meʼyorlari, na yongʻin xavfsizligi, na mashinalarni joylashtirish tartibiga rioya etiladi. Belgilar va ishoralar, plastik kartochkalar uchun terminallardan asar ham yoʻq.

“Urganch savdo uyi” MCHJ oldidagi avtoturargohda ham shunga oʻxshash vaziyat. Bu yerda ham yuqorida aytib oʻtilgan qoidabuzarliklarga duch kelish mumkin. Kirish joyi juda tor va haydovchilar uchun oʻta noqulay. Maʼlum boʻlishicha, boshida u faqat savdo majmuasi xodimlari avtomobillari uchun moʻljallangan ekan. Keyinchalik u yer pulli joyga aylantirilgan. Biroq avtomobillarning bekam-koʻst saqlanishiga hech kim javob bermaydi. Asosiy vazifa — avtoulovni olib kirib qoʻyganlik uchun pul undirish boʻlib qolgan.

“Darital Shoes” MCHJ oldidagi avtoturargohdagi holat bundan-da, battar. Yaʼni u yerga bir joydan kiriladi va chiqiladi! Bu esa avariya holatini yuzaga keltirmoqda. Yaqqol koʻrinib turgan kamchiliklar hamda avtomobil egalarining koʻp sonli shikoyatlariga qaramay, hech kim ushbu muammoni hal etishga urinmayotganga oʻxshaydi.
Latofat SAILXONOVA,
muxbirimiz.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?