Haydar Ali YILDIZ:«O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar mustahkamlanib borayotganidan barchamiz mamnunmiz»

11:44 20 Aprel 2018 Siyosat
1095 0

O‘zbekiston hamda Turkiya o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro ishonchga asoslangan ham-korlik turli sohalarda jadal rivojlanmoqda. Xususan, parlamentlararo aloqalar tobora mustahkamlanib borayapti. Ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasida amaliy muloqotlar faollashayotir. Bunda Prezidentimiz Shavkat -Mirziyoyevning o‘tgan yil oktyabr oyida Turkiya Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlar muhim asos bo‘lmoqda.

Maxsus muxbirimiz Turkiyaga ijodiy safari davomida mazkur mamlakat parlamenti — Turkiya Buyuk millat majlisida “Turkiya — O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik guruhi raisi Haydar Ali Yildiz bilan uchrashib, shu mavzuda suhbatlashdi. Quyida mazkur intervyu e’tiboringizga havola qilinmoqda.

— 2017 yil O‘zbekiston va Turkiya munosabatlarida tub burilish yili bo‘ldi. Buni ikki davlat parlamentlari o‘rtasida ilk bor muloqot yo‘lga qo‘yilganidan ham bilish mumkin. Parlamentlararo aloqalarning bugungi holati haqida nimalar deya olasiz?

— Avvalo, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochilishiga katta turtki bergan muhim voqealar xususida to‘xtalib o‘tishni istardim. Aytish joizki, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning 2016 yil noyabr oyida Samarqandga -tashrifi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 25-26 oktyabr kunlari Turkiyaga davlat tashrifi ikki qardosh xalqning do‘stona aloqalari, hamkorligi kuchayishi uchun qo‘yilgan muhim qadamlar bo‘ldi.

Munosabatlarimizning jadal sur’atda mustahkamlanib borayotganini bir necha hayotiy misollar orqali ko‘rish mumkin. Jumladan, O‘zbekistonda faoliyatini yo‘lga qo‘yayotgan turk firma va kompaniyalari soni ortayotgani, o‘z navbatida, Turkiyada biznes faoliyatini boshlash, rivojlantirish uchun tashrif buyurayotgan ishbilarmonlar safi kengayayotgani, joriy yilning 10 fevralidan e’tiboran, turkiyalik turistlarga O‘zbekistonda 30 kungacha vizasiz bo‘lishga ruxsat berilgani, “Turkish Airlines” aviakompaniyasi Istanbuldan Samarqandga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnovni yo‘lga qo‘ygani — bularning barchasi kishiga katta quvonch bag‘ishlaydi. Xoh u siyosiy, savdo-iqtisodiy, turizm yoki madaniy sohada bo‘lsin, ikki davlatni bir-biriga yaqinlashtiradi.

O‘zbek va turk xalqlari an’ana va qadriyatlari juda yaqin, o‘xshash bo‘lgan xalqlardir. Yaqinda O‘zbekistonga tashrifim chog‘ida bunga yana bir karra amin bo‘ldim. Ya’ni yurtingizda o‘zimizni sira begonalardek his etmadik. Ishonchim komilki, o‘zbek qardoshlarimiz ham Turkiyada xuddi shunday his-tuyg‘ularni boshdan kechirishadi.

Savolingizga keladigan bo‘lsak, men “Turkiya — O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik guruhi raisi sifatida ushbu yo‘nalishdagi hamkorlik rivojlantirilishi uchun mas’ulman.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Buyuk millat majlisiga tashrif buyurishi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi bilan Turkiya parlamenti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolangani, parlamentlar vakillarining o‘zaro bordi-keldisi faollashayotgani muhim ahamiyatga egadir. Masalan, biz mart oyida O‘zbekistonga borgan bo‘lsak, oradan hech qancha vaqt o‘tmay yurtingizdan deputatlar tashrif buyurishdi. Ular Turkiya Buyuk millat majlisida qonun ijodkorligi, qo‘mitalar faoliyati, shuningdek, parlamentimizning texnologik imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdilar. O‘zaro fikr-mulohaza almashildi. Bu muloqotlar kuchayayotganini ifodalaydi.

— Ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar kengayib borayotganini Turkiya parlamenti vakillari qanday kutib olishmoqda?

— Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiya Buyuk millat majlisiga tashrif buyurganida unga parlamentimiz Spikeri hamrohlik qildi. U O‘zbekistonda demokratiyani mustahkamlash, davlat va jamiyat hayotida parlament rolini oshirish borasidagi islohotlarni yuqori baholadi. Albatta, mamlakatingiz bilan munosabatlar yuksak bosqichga ko‘tarilib borayotganidan deputatlarimiz juda mamnun.

Takror bo‘lsa-da, aytish mumkinki, Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga davlat tashrifi juda katta ahamiyatga ega voqea bo‘ldi. Bu ikki mamlakat rahbarining shunchaki ko‘rishishigina emas, balki azaliy do‘st, qadrdon bo‘lgan ikki buyuk xalqning kelajakka birgalikda qarashi edi.

— Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhi va Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisining “Turkiya — O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik guruhining birinchi qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Uning yakunlari bo‘yicha amaliy tadbirlar rejasi (“Yo‘l xaritasi”) imzolandi. Ushbu uchrashuv yakunlari haqida gapirib bersangiz.

— Ana shu majlis judayam samarali kechdi, deb ayta olaman. Rasmiyatchilikdan xoli holda ifodalaydigan bo‘lsam, uzoq yillardan beri ko‘rishmagan aka-ukadek bir-birimizni bag‘rimizga bosib diydorlashdik, mehrimizga to‘ydik. Bu ta’riflash qiyin bo‘lgan hayajonli onlar edi.

“Yo‘l xaritasi”da tadbirlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Uning dastlabki bosqichida Turkiya Buyuk millat majlisiga O‘zbekiston vakillarining tashrifi ko‘zda tutilgandi va bu ro‘yobga chiqdi. Endi joriy yilning sentyabr oyida Turkiya Buyuk millat majlisi Spikerining O‘zbekistonga safari rejalashtirilgan.

E’tiborimizda bo‘lib turgan yana bir masala, bu — Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida birodarlashgan shaharlarni yo‘lga qo‘yishdir. Yurtingizning Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi betakror kentlari bor. Ularning qay biri bilan Turkiyadagi qaysi shahar birodarlashgan shahar bo‘ladi? Shu haqda hozir ikki tomon vakillari qizg‘in ish olib -borishmoqda.

Bundan tashqari, joriy yilning dekabr oyida O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasining Turkiyaga tashrifi ko‘zda tutilgan. O‘shanda biz “Yo‘l xaritasi” asosida yana qanday ishlarni amalga oshirishimiz mumkinligini muhokama etamiz. Bularning barchasi kelgusida har ikki davlat parlamentlarining ravnaqi uchun xizmat qiladi.

— Turkiya parlamenti delegatsiyasi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda tadbirkorlar, biznesmenlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishning yana qanday imkoniyatlari bor, deb bilasiz?

— Biz uchrashuvlarimiz davomida ikki davlat o‘rtasida qaysi sohalarda biznes faoliyatini rivojlantirishimiz mumkinligi, tadbirkorlarga har ikki mamlakatda investitsiya kiritish borasida qanday imkoniyatlar yaratilgani haqida muloqot qildik. Ayniqsa, turizm, qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan ishlar xususida atroflicha fikr almashdik.

Tadbirda Turkiya savdo-sanoat palatasi va Tashqi iqtisodiy aloqalar kengashi mavjudligi, ular investorlarga mamlakatimizdagi qonun-qoidalardan xabardorliklarini ta’minlash uchun ko‘maklashishini bildirdik.

Umuman, keyingi paytlarda ikki davlat turli rasmiy doiralari vakillari, biznes sub’ektlari o‘rtasida o‘zaro bordi-keldi faollashdi. Bunday tashriflar, muloqotlar, shubhasiz, siyosiy, iqtisodiy, madaniy kabi ko‘plab sohalarda O‘zbekiston va Turkiya manfaatlari uchun xizmat qiladi. Masalan, o‘zaro savdo hajmida sezilarli ortish kuzatilmoqda. Kelgusida bu o‘sish yanada kuchayishi shubhasiz. Chunki Samarqand va Buxoroga borganimda ana shu shaharlar mutasaddi vakillari bilan uchrashib, angladimki, ular ham ikki davlat munosabatlari rivojlanishiga hissa qo‘shish uchun katta xohish-istak bildirdilar. U yerda men bilan ko‘rishgan o‘zbek va turk ishbilarmonlari Turkiya va -O‘zbekiston munosabatlari mustahkamlanayotganidan behad mamnunligini aytishdi. Mana shu do‘stona aloqalardan ruhlanib, biznes vakillari qandaydir loyihalarni hayotga tatbiq etish istagida ekanliklari quvonarlidir. Bu juda muhim ahamiyatga ega.

Yurtingizga safarimiz chog‘ida rasmiy doiralar, masalan, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan o‘tkazgan muzokaralarimiz ham samarali kechdi. Shulardan xulosa qilib ta’kidlash joizki, hamkorlik istiqboli uchun muhim -poydevor mavjud.

— O‘zingiz aytib o‘tganingizdek, Turkiya parlamentining yaqinda O‘zbekistonga tashrifi doirasida Samarqand, Buxoro shaharlarida ham bo‘ldingiz. Safar taassurotlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.

— Bu xuddi moziyga qilingan sayohatga o‘xshardi. Men O‘zbekistonga ilk bor 2016 yilda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning tashrifi vaqtida birgalikda borgandim. Ammo ushbu safar vaqti juda tig‘izligi sababli mamlakatingizni bemalol aylanish imkoni bo‘lmagandi. Bu galgi tashrifimizda Toshkent, Samarqand va Buxoroga borish imkoni tug‘ildi.

Bilasizmi, bobom rahmatli bizning ajdodlar aslida Turkiyaga Buxorodan kelishgani haqida ko‘p gapirib berardi. Shuning uchun ham O‘zbekiston, Buxoro bolaligimdanoq, ayniqsa, litseyda o‘qib yurgan kezlarimdayoq e’tiborimni tortardi, qiziqishimni orttirardi. Gohida xaritadan qarardim. Biror-bir xabarda Buxoroning nomi tilga olinsa, u haqda nimadir deyilsa, qalbimda butunlay boshqacha his-tuyg‘u uyg‘onardi.

O‘zbekistonga borganimda Buxoroda qolib, erta tongda turganimda “Ajabo, bobolarim bu yerning qayerida yashashgan ekan, Turkiyaga qachon ketishgan ekan?”, deya yon-atrofga katta qiziqish, hayajon bilan qaradim. Bu holatni tasvirlab berish mushkul. Shu bois men uchun Buxoroning qadri, ahamiyati bo‘lakcha.

Bahouddin Naqshband majmuasi, Ismoil Somoniy maqbarasi va boshqa diqqatga sazovor joylarni ziyorat qildik.

Samarqand ham xuddi shunday — O‘zbekistonning go‘zalligini aks ettiradigan joy. U yerda Imom Buxoriy, Imom Moturidiyni ziyorat qildik. Bozorga borib, o‘zbek qardoshlarimiz bilan ko‘rishdik, samimiy suhbatlashdik. Necha yuz yillik tarixiy bozor misolida savdo-sotiqning qanday chuqur ildiz otgani va mamlakatingizda ushbu an’analar saqlanib qolganiga guvoh bo‘ldik. Yana bir diqqatga sazovor maskan Ulug‘bek rasadxonasidir. U odamni lol qoldiradi.

Bizning bordi-keldilarimiz shunday davom etishi kerak. Istardikki, yurtdoshlarimiz O‘zbekistonni borib ko‘rishsa, sizning mamlakat vakillari Turkiyani kelib tarixiy boyliklari, go‘zalliklaridan bahramand bo‘lishsa, qalbimizdan joy olgan tabarruk maskanlarni ziyorat qilishsa, qandoq yaxshi. Shunday emasmi? Ana shunday maskanlar ham bizni bir-birimizga bog‘lab turadi aslida.

Men Istanbulning Uskudar tumanida istiqomat qilaman. Uyimdan taxminan 200 metr uzoqda o‘zbeklar mahallasi mavjud. Bu yerga ular bir necha yuz yillar avval kelib joylashishgan. Ya’ni o‘zbeklar bilan qo‘shniman. Bu haqda O‘zbekistonga borganimda ham gapirib bergandim. Ana shu maskan tarixda Turkiyaning istiqlol yo‘lidagi kurashlarida muhim o‘rin tutgan. Bugun ham u yerda o‘zbeklar mahallasi, degan yozuv turadi.

Anadoluda gilamlarning naqshiga “Buxorocha boqishli, Samarqandcha naqshli” degan ta’rif mavjud. Ko‘ryapsizmi, biz har jihatdan bir-birimizga yaqin, ildizimiz bir xalqlarmiz. Biz xohlardikki, mana shu yaqinlik izchil davom etsin.

Fursatdan foydalanib, alohida ta’kidlashni istardimki, ikki do‘st xalqning bugungi munosabatlari kuchayishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbuskorligi, qat’iy xatti-harakatlari katta ahamiyatga ega. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatdagi uchrashuvlarimiz chog‘ida ham aytdim va doimo shu -fikrimni bildirishdan charchamayman.

Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis palatalariga Murojaatnomasi, O‘zbekistonning erkin bozorga chiqishi, dunyoga ochilishi borasidagi fikrlari, sa’y-harakatlari shu tabarruk zaminning yorqin kelajagi, xalqining farovonligi uchun qaratilgani bilan diqqatga sazovor. Men Prezidentingiz mamlakatni yuksak cho‘qqilarga olib chiqishiga chin yurakdan ishonaman.

Davlatimiz rahbari Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning ham O‘zbekistonga bo‘lgan hurmati, mehr-muhabbati yuksak va buni hammamiz yaxshi bilamiz. Nasib qilsa, hademay Prezidentimizning yurtingizga tashrifi amalga oshiriladi. Bu tashrif munosabatlarni yanada yuqori pog‘onaga olib chiqishga va o‘zaro hamkorlikning muhim istiqbollarini belgilab berishga xizmat qiladi.

Qisqasi, ikki davlat o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy, madaniy yo‘nalishlarda hamkorlik shunday rivojlanib, mustahkamlanib borayaptiki, bunday qalin munosabatdan barchamiz mamnunmiz.

— Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.

«Xalq so‘zi» maxsus muxbiri
Shavkat ORTIQOV suhbatlashdi.
Turkiya Respublikasi, 
Anqara shahri

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?