“Haft sin” — yetti taom Navroʻzda qaysi Sharq mamlakatlari dasturxoniga tortiladi?

16:53 13 Mart 2020 Madaniyat
152 0

Har qanday milliy bayram, eng avvalo, oʻsha xalqning olam va odamga estetik munosabatini anglatadi. Ayni shu maʼnoda Navroʻz xalqimizning tarixi, falsafasi, hayot tarzi, sanʼati va madaniyati, mifologik, diniy va dunyoviy tafakkurini oʻzida mujassamlashtirgan qomusiy ayyom sanaladi.

Navroʻz — “yangi kun” degani. Yaʼni kun bilan tun teng kelgan vaqt. Navroʻzi olam, yaʼni bahor bayrami, ayniqsa, Sharq mamlakatlarida keng va oʻziga xos nishonlanadi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 2010-yil 23-fevral kuni ushbu ayyomning umuminsoniy tamaddun rivojiga qoʻshgan buyuk hissasini inobatga olib, 21-martni Xalqaro Navroʻz kuni deb eʼlon qilgan. BMT rezolyutsiyasida qayd etilganidek, Navroʻz 3 ming yildan ortiqroq vaqtdan buyon Markaziy Osiyo, Bolqon, Yaqin Sharq, Kavkaz, Qora dengiz havzasidagi mamlakatlar va boshqa hududlarda millionlab insonlar tomonidan keng nishonlanadi.

Navroʻz — sharq xalqlarining bosh bayrami. Bu bayram qadimda 13 kun nishonlangan. Tantanalardan soʻng odamlar keng maydonlarga chiqib, Yangi yilni kutib olishgan. Sayr qilish asnosida odamlar kirib keladigan yil ular oilasiga baxt-saodat, farovonlik olib kirishini tilagan. Mazkur anʼana Eronda hozirgacha saqlanib qolgan. Ushbu mamlakatda Navroʻz 13 kun nishonlanadi. Bayram munosabati bilan odamlar qarindoshlar, doʻstlar holidan xabar oladi.

Eron va Afgʻonistonda bayram kuni arab alifbosidagi sin harfi bilan boshlanuvchi yetti taom — olma (sib), undirilgan don (sabze), sirka (serke), jiyda (senjet), tanga (sekke), sarimsoq piyoz (sir), sumalak (samanu) dasturxonga qoʻyiladi. Olma — goʻzallik, undirilgan don — uygʻonish, yasharish, sirka — uzoq umr, sabr-bardosh, jiyda — sevgi-muhabbat, tanga — boylik va farovonlik, sarimsoq piyoz — salomatlik, sumalak — toʻqchilik ramzi hisoblangan.

Dasturxonga koʻzada gul, ranglangan tuxum, shirinliklar, meva-chevalar, non, shuningdek, koʻzgu bilan sham ham qoʻyiladi. Oila aʼzolariga teng miqdorda sham yoqilib, u toʻliq yonib tugamaguncha olov oʻchirilmaydi. Afgʻonistonda bayramga yetti mevadan sharbat ham tayyorlanadi.

Qozogʻistonda Navroʻz bayrami munosabati bilan dasturxonga oʻziga xos bayram taomi — “naurыz koje” (navroʻz goʻjasi) tortiladi. U yettita mahsulot — goʻsht, suv, un, yogʻ, don, tuz va sutdan tayyorlanadi. Bu taomni tayyorlash usuli turlicha: har bir uy bekasi uni oʻz tajribasidan kelib chiqqan holda tayyorlaydi.

Turkiyada insonlar ushbu kunda birinchi kim bilan koʻrishsa yoki qaysi bir buyum va taomga koʻzi tushsa, yil davomida ana shular uning hamrohi boʻlishiga ishonadi. Shu bois ham bu yerda Navroʻz kuni odamlar oʻz uylari va liboslarini ezgu niyatlar bilan baxt, sogʻliq, boylik sanalgan ramziy narsalar bilan bezatishadi.

Navroʻz Ozarbayjonda ham keng nishonlanadi. Bayramning birinchi kuni odamlar daryo yoki buloqqa borib, uning suvini bir-birlariga sepadilar. Chunki suvni poklik va tozalik ramzi sifatida bilishadi. Ular Yangi yilda bir-birlariga baxt-saodat tilaydilar, yaqin insonlarini shirinliklar bilan mehmon qiladilar. Navroʻz kuni albatta shirinlik istemol qilish ularning azaliy odati hisoblanadi.

Mamlakatimizda esa bayram kunlari umumxalq sayillari tashkil etiladi. Sharqona yangi yil arafasidagi hasharlar, ezgu tilaklar, taom yo pishiriqlar almashinuvi — xalqimizning asrlar osha bir-biriga yelkadosh boʻlib yashab kelayotgani ifodasi. Bu hamisha bir-birimizga kerak ekanimizni eslatadi, oʻzaro totuvlik va inoqlik rishtalarini mustahkamlaydi.

Bir necha kun mobaynida mahallalarda Navroʻzga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkaziladi, sumalak, koʻksomsa va boshqa tansiq taomlar pishiriladi. Navroʻz kunlari hokimliklar, mahalla faollari, xayr-ehson tashkilotlari Mehribonlik uylari bolalari, urush va mehnat faxriylari, yolgʻiz keksalar huzuriga tashrif buyurib, ularni qutlab, sovgʻa-salomlar ulashadi.

Navroʻz — bahor bayrami qaysi xalqda nishonlanmasin, hamisha tinchlik, osoyishtalik, totuvlik, doʻstlik, yurtga, ona tabiatga mehr-muhabbat ifodasi boʻlib kelgan. Eng muhimi, u odamlarni mudom ezgulikka, saxovatpeshalikka, hamjihatlikka undayveradi.

Shahzod GʻAFFOROV

(“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?