Gerd-Rudolf VELING: "Prezident Shavkat Mirziyoyevning demokratik islohotlari amalda oʻz ifodasini topmoqda"

17:50 26 Fevral 2020 Siyosat
157 0

Gerd-Rudolf VELING,

Gamburg shahri Oliy boshqaruv va politsiya maktabi dotsenti,

yuridik fanlari doktori:

Oxirgi oʻn yildan ziyod vaqt ichida Oʻzbekiston Respublikasiga Fridrix Ebert nomidagi Fondning huquqiy masalalar boʻyicha eksperti sifatida bir necha bor tashrif buyurdim.

Biroq soʻnggi paytlarda Oʻzbekiston Prezidentining mamlakatni modernizatsiya qilish va jamiyatda, iqtisodiyotda, umuman, davlatda demokratik islohotlarni jadal davom ettirishga qaratilgan soʻzlari hamda irodasi real aniq amaliy ishlarda oʻz tasdigʻini topyapti. Bugun biz bundan uch yil oldin boshlangan islohotlar sharofati bilan mamlakatda nisbatan qisqa vaqt ichida ulkan ijobiy oʻzgarishlar roʻy berganining guvohi boʻlib turibmiz.

Buni mamlakatga kirish joyida — aeroportdayoq koʻrish mumkin. Vaholonki, yaqin-yaqingacha bu yerda koʻp vaqtni oladigan ogʻir chegara nazorati mavjud edi. Endi bunday holat oʻtmishda qoldi.

Xalqaro standartlarga mos ravishda chegaralarni boshqarishning zamonaviy uslublarini joriy etish va mamlakatga kirish toʻgʻrisidagi qonunchilikning liberallashtirilishi hozirga kelib oʻz mevalarini bermoqda. Buni sezmaslik mumkin emas. Turizmda katta oʻsish kuzatilyapti va u mamlakat iqtisodiyotining eng muhim tarmoqlaridan biriga aylanmoqda. Ishonchim komilki, islohotlar dasturida belgilab qoʻyilganidek, ushbu sohani yana-da rivojlantirish sayyohlik, shuningdek, iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari taraqqiyotining qudratli salohiyatini ochish imkoniyatini beradi.

Bugun Oʻzbekiston Buyuk Ipak yoʻli boʻyidagi oʻzining dongdor shaharlari, koʻplab mashhur diqqatga sazovor madaniy meros durdonalari bilan xorijlik turistlarning keng doirasi uchun sevimli maskanga aylanmoqda.

Ayni paytda mamlakat “bilimlar jamiyati” sari ham jadal surʼatlar bilan harakatlanyapti. Maktablar, universitetlar va boshqa oʻquv hamda ilmiy-tadqiqot muassasalarini kuchaytirish hamda rivojlantirish koʻzga yaqqol tashlanmoqda.

Prezident tomonidan eʼlon qilingan “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” ushbu yangilanish jarayonlariga kuchli turtki beradi.

Taʼlim tizimidagi yuksalishlar qatorida atrof-muhitni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirish borasida ham keng miqyosli islohotlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Suv tanqisligi oʻsib borayotgan bir paytda obi hayot resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish islohotlarning ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida tanlab olingani har tomonlama toʻgʻridir.

Shu bilan birga, iqtisodiyot sohasidagi qonunchilikni yana-da isloh etishga oid qaror ham muhim ahamiyatga ega. Bu barqaror iqtisodiy oʻsish asoslarini mustahkamlash va xorijlik sarmoyadorlarning mamlakatga nisbatan qiziqishini oshirishga xizmat qiladi.

Iqtisodiy hayotda qonunchilik barcha uchun qulay va istiqbolli boʻlishi kerak. Adolatli qonunlar va samarali huquqiy doiralar, sud hokimiyati mustaqilligi mavjudligi asosida taʼminlangan huquqiy barqarorlik jamoatchilik tartibi, shaxsiy erkinliklar hamda mamlakatda iqtisodiy muvaffaqiyatlarni kafolatlaydi. Odil sudlovni xolislik bilan amalga oshirish va sud hokimiyati halolligiga boʻlgan ishonch fuqarolar hamda ularning huquqiy tafakkuri uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Binobarin, Prezident Shavkat Mirziyoyevning buyuk nemis faylasufi Immanuil Kantdan iqtibos keltirgani chuqur ramziy maʼnoga ega.

Oʻzbekiston Prezidenti adolatli taʼkidlab oʻtganidek, boshlangan islohotlarning muvaffaqiyati, eng avvalo, yaqin besh yil ichida huquqiy davlatni mustahkamlash, sudlar mustaqilligini kuchaytirish va korrupsiyaga qarshi muvaffaqiyatli qarshi kurashishning uddasidan chiqish bilan bogʻliq. Ishonchim komilki, korrupsiyaga qarshi kurashishga masʼul boʻladigan alohida organ tashkil etilishi bu borada sezilarli qadamga aylanishi mumkin.

Qolaversa, Prezident Shavkat Mirziyoyevning oʻzini oʻzi boshqarishning asoslarini kuchaytirish va fuqarolarning jamoatchilik muhokamalaridagi ishtirokini kuchaytirish toʻgʻrisidagi qarori demokratik huquqiy davlat hamda fuqarolik jamiyatini yana-da rivojlantirishga salmoqli hissa qoʻshadi.

Germaniya tajribasi shuni koʻrsatmoqdaki, davlat tomonidan bu borada qabul qilinayotgan chora-tadbirlar jamoatchilik eʼtirofiga sazovor boʻlyapti, faol fuqarolar esa islohotlar atrofida jipslashib, ularni amalga oshirishni keng qoʻllab-quvvatlashmoqda.

Axborot va soʻz erkinligining huquqiy kafolatlarini kuchaytirish boʻyicha koʻrsatib oʻtilgan chora-tadbirlar ham yuksak bahoga loyiq. Bu, shubhasiz, “jamoatchilikni toʻrtinchi hokimiyat sifatida” kuchaytiradi. Pirovardida jamiyatda shaffoflik darajasi va fikrlar xilma-xilligi oʻsadi.

Bundan tashqari, maʼmuriy islohotlar, birinchi navbatda, maʼmuriy sudlar faoliyatini yoʻlga qoʻyish va ularni rivojlantirishni izchil amalga oshirishni olqishlash lozim. Aynan mana shunday sudlar fuqaroning uning davlat organlari bilan daʼvolashuvidagi huquqiy himoyasini kafolatlaydi, inson huquq va erkinliklari ishonchli himoyasi tizimlarini kuchaytirishga muhim hissa qoʻshadi.

Jinoyat odil sudlovi sohasidagi natijalar ham yuksak eʼtirofga munosib. Oxirgi uch yilda oqlov hukmlari soni koʻpaygani sud-huquq sohasidagi tub islohotlardan dalolatdir. Bu sobiq sovet davridan buyon keng vakolatlarni saqlab kelayotgan prokuraturaning taʼsir imkoniyatlari endilikda cheklanganini hamda sudlar katta mustaqillikka erishganini koʻrsatadi.

Jinoiy-huquqiy va fuqarolik-huquqiy sohalardagi kodekslarni, shuningdek, davlatning moddiy javobgarligi toʻgʻrisidagi qonunchilikni yana-da takomillashtirish boʻyicha bildirilgan fikrlarni bu borada alohida taʼkidlash joiz.

Qonunlar oradan 20 — 25 yil oʻtib maʼlum darajada eskirishi ayni haqiqat va ularni yangilash lozim. Rivojlanishning fuqarolar uchun juda muhim boʻlgan progressiv yoʻli davom ettirilishi yakunda adolatli qonunlar, samarali sud hokimiyati va barqaror demokratik institutlar yaratishga xizmat qiladi, degan umiddaman.

“Xalq soʻzi”.

Bizning maʼlumot

Gerd-Rudolf Veling — taniqli advokat, prokuror va sudya sifatida uzoq yillar faoliyat yuritgan va katta tajribaga ega. U 2000 — 2010-yillarda Gamburg shahri Maʼmuriy sudi raisi ham boʻlgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?