Gʻuzorning loy koʻchalari qachon ravon boʻladi?!

12:03 25 Fevral 2019 Jamiyat
378 0

Foto: muallif olgan suratlar.

Gʻuzor tumanida ijtimoiy-iqtisodiy holatni oʻrganish boʻyicha Respublika ishchi guruhi tomonidan mahallalarda uyma-uy yurish hamda ijtimoiy va boshqa obyektlarni oʻrganish davomida aniqlangan jami 3 532 ta muammoning 892 tasi yoʻllarni taʼmirlash bilan bogʻliqligi maʼlum boʻldi.

Oʻrganish davomida koʻrindiki, tumanning Pachkamar, Eshonquduq, Sovbogʻ, Yangikent, Chanoq hamda Chugurtma mahallalarida yillar davomida hal etilmay kelayotgan muammolari mavjud. Mazkur mahallada yashovchi aholidan mahallani tuman markazi bilan bogʻlovchi ichki yoʻllarning taʼmirtalabligi, ularda yilning qish va bahor oylarida transport qatnovining cheklanishi, buning oqibatida esa mahallaga tez tibbiy yordam mashinasining kela olmasligi haqida koʻplab murojaatlar tushgan.

Eng achinarlisi, mahallalarning tuman markazidan uzoq chekka hududda joylashganligi hamda tibbiyot muassasalarida malakali shifokorlarning yetishmasligi oqibatida homilador ayollarda tugʻuruq jarayonida oʻlim holatlari va aholi oʻrtasida turli kasalliklarning soni ortib borishi kuzatilmoqda.

Biz vaziyatni yaqindan oʻrganish, haqiqiy holatni bilish maqsadida tumandagi Sovbogʻ mahallasida boʻlib, aholi vakillari bilan suhbatlashdik.

— Ichki yoʻllardagi muammolar tufayli bolalarimiz maktabga kelib ketishda qiynalishmoqda, — deydi 56-maktab direktori Margʻuba Tojiyeva. — Maktabimiz 160 oʻringa moʻljallangan boʻlib, hozir bu yerda 147 nafar oʻquvchi tahsil oladi. Ular maktabga 2 ta qishloqdan, eng uzogʻi 4 kilometrdan kelib ketishadi.

 

Suhbatdoshimiz maktabdagi isitish muammolari haqida ham aytib oʻtdi. Uzoq yoʻldan loy kechib kelgan bolalar sovqotib qolmasligi uchun sinfxonalarda qoʻlbola pechlar oʻrnatilib, koʻmir hamda oʻtin bilan kun koʻrishga majbur boʻlishayotgan ekan. Sababi, maktabdagi qozonxonalar ichki quvurlardagi muammolar tufayli 4-5 yildan buyon ishlatilmaydi.

— Maktabga keladigan yoʻllarimiz juda yomon, bolalar loy kechib keladi, — deydi 29-maktab direktori Dildora Xurramova. — Boʻyrachi, Qumchoʻp qishloqlaridan uch yarim kilometr masofani piyoda bosib kelishadi. Yoʻllarimiz yogʻingarchilikda koʻllab ketadi. Ota-onalar bolalarini koʻtarib oʻtkazib qoʻyishga majbur boʻlishmoqda.

 

 

— Bolalar maktabga kelish uchun portfeliga etik solib yurishga majbur boʻlyapti, — deydi Sovbogʻ mahallasidagi Saroy qishlogʻining koʻchaboshisi Togʻaymurod Qulmatov. — Ichki yoʻllar haqida hokimiyatga murojaat qilganmiz, kelib koʻrib ketishgan, lekin natija boʻlmadi. Oʻzimiz bir amallab qoʻlda tosh terib, piyoda yoʻlagi qilyapmiz.

Maʼlumotlarga koʻra, tumandagi 860 kilometrlik ichki yoʻllarning 60 kilometri bugungi kunda asfalt yotqizishga, 410 kilometr tuproq yoʻllar esa toʻliq taʼmirlanishga muhtoj.

Bugun shu kabi yoʻl muammosini Gʻuzordagi qariyb barcha qishloqda uchratish mumkin. Tuman ahli “Yoʻllarimiz qachon yoʻlga oʻxshaydi, bizda ham qachon obodonchiligu oʻzgarishlar boʻladi?” deyishmoqda. Balki bu savolga tuman mutasaddilari aniqroq javob berishar.

 

 

 

 

 

 

Ahad Muhammadiyev (“Xalq soʻzi”).

 

Tahririyatdan: suratlardan ham koʻrinib turibdiki, Gʻuzorda hali yoʻlsozlik sohasida qilinishi kerak boʻlgan ish nihoyatda koʻp. Ammo kishini boshqa masala oʻylantiradi. Nahotki oʻtgan 27 yil mobaynida tumanda ichki yoʻllarni yaxshilash borasida bironta ham ish qilinmagan boʻlsa?! Yoki nahotki bu yoʻllar shu vaqt davomida biron marotaba ham Davlat dasturiga kiritilmagan boʻlsa?! Agar kiritilgan boʻlsa, unda nega hech qanday ish qilinmagan?! Qachondir bunga kimdir javob beradimi yoki “yopigʻliq qozon yopigʻliq holida” qolib ketaveradimi?!

“Xalq soʻzi ONLINE” bu masalaga yana qaytadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?