Gʻuzorlik zargar Amir Temur muhr-uzugi nusxasini yaratdi

18:01 11 Sentyabr 2019 Madaniyat
330 0

Qoʻqon shahrida boʻlib oʻtayotgan Xalqaro hunarmandchilik festivalida Qashqadaryo viloyatidan 60 nafar hunarmand 23 yoʻnalish boʻyicha ishtirok etmoqda. Ular orasida yaqinda “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti bilan taqdirlangan gʻuzorlik Sharifjon Raupov ham bor.

hunarmand shu kunga qadar dunyoning eng nufuzli muzeylarida saqlanayotgan eng qadimiy milliy zargarlik buyumlarimizning 400 dan ortiq turini qayta tiklashga muvaffaq boʻldi.

– Bu qadimiy va noyob turlarni tiklash uchun jahonda eʼtirof etilgan muzeylarning rasmiy internet saytlari, kitoblar, jurnallarni muntazam kuzatib juda koʻp vaqt sarflaganman, –deydi hunarmand Sharifjon Raupov. – Mamlakatimizdagi deyarli barcha muzeylarimizda boʻlganman. Chunki har qaysi hunarmandning kelajagi va ijod sermahsulligi uning ijodiy yondashuviga bogʻliq. Eʼtiborli jihati va xulosam shuki - har qanday zargarlik buyumlarimiz tarixat shunchaki yaratilmagan. Balki har birining oʻziga xos maʼno va mazmuni, mohiyati,yaratish usuli, ustaning oʻziga xos yoʻli mujassam boʻlgan. Zargarlar tili bilan aytganda har bir sanʼat namunasi oʻzini “tanitib” turgan.

Ikki yil boʻldi Sohibqiron bobomizning uzuklari haqida oʻqib qoldim. Shundan beri shu mavzu haqida maʼlumot toʻplayman. Yuzlab savollar tinchlik bermaydi. Uzuk mavjudmi? Hozir qayerda saqlanyapti? Nega mamlakatimizda emas. Aslini koʻrib undan nusxa olsa boʻladimi... Bu uzuk tarix silsilasida qanchadan qancha taqdirlarga, talatoʻp urushlar va rivojlanishlarga guvoh boʻlmadi,deysiz! Xullas, uzukning aslidek nusxa yasash fikri butkul meni oʻziga “kasal” qildi. 24 toʻrt oy tinimsiz izlanish bilan shu uzukning noyob nusxasini tiklashga muvaffaq boʻldim. Gardishidagi naqshlar, aylana qirgʻogʻidagi arabiy yozuvlar, uzuk koʻzidagi nefrit toshidan qilingan muhr belgisi – hammasini aslidek oʻxshatishga harakat qildim.

Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, tarixchi Ibn Arabshohning yozishicha, 1405-yilda Xitoyga yurishi chogʻida vafot etgan A.Temurning jasadi Samarqandga yuborilishidan avval Oʻtrorda Saroymulkxonim, Amir Shohmalik va Amir Shayx Nuriddinlar oʻzaro kelishib Sohibqironning vasiyatiga koʻra, saltanat muhri oʻz aksini topgan uning uzugi, qilichi va otini Xuroson poytaxti Xirot shahriga – Shoxruh Mirzoga yuborishadi. Shoxruh Mirzoning vafotidan soʻng ancha tarixdan “oʻchib” ketgan uzuk birdaniga Husayn Boyqaro qoʻlida “paydo boʻladi”. Boyqaro vafotidan soʻng dafn payti ham uzuk uning qoʻlidan olinmaydi. 1965-yilga kelib oʻsha paytdagi Afgʻoniston qiroli taklifi bilan shohning qabri ochilib olimlar tomonidan qirol Muhammad Zohirshohga uzuk sovgʻa qilinadi. Uning jiyani Muhammad Dovud 1973-yilda davlat toʻntarishi qilgandan soʻng muhr-uzukni AQSH ning Metropoliten muzeyiga sotib yuboradi. Ayni paytda muhr-uzuk AQSHning Metropoliten muzeyida saqlanmoqda.

Elyorjon Ehsonov, “Xalq soʻzi” muxbiri.

Xursandbek Arabboyev olgan suratlar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?