Gʻuzorda AGTKSH gaz tarmogʻiga noqonuniy ulanib 49 kun davomida davlatga 1 milliard soʻmdan koʻp zarar yetkazdi

13:08 24 Yanvar 2020 Iqtisodiyot
1470 0

“Xalq so`zi ONLINE”

“Oʻztransgaz” AJ Qashqadaryo viloyati boʻyicha gaz taʼminoti hududiy filialining mansabdor shaxslari ulgurji isteʼmolchi gaz hisoblagichlar koʻrsatgichlarini olib, yetarlicha tahlil qilib bormasdan, tabiiy gazning ruxsatsiz isteʼmol qilinganligi, gaz tarmoqlari moddiy boyliklarining talon-taroj qilinganligi toʻgʻrisida Byuro va boshqa huquqni muhofaza qilish organlarini xabardor qilmasdan davlat va jamiyat manfaatlariga juda koʻp miqdorda zarar yetkazilishiga sababchi boʻlgan.

Xususan, “Hudud gaz taʼminot” AJ va “Oʻzstandart” agentligi Qashqadaryo sinov va sertifikatlashtirish markazi davlat korxonasi mutaxassislari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tekshirishda, Gʻuzor tumanidagi “TAZIB” MCHJga qarashli avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchasi (AGTKSH)da oʻrnatilgan gaz hisoblash uskunasi konfiguratsiyasining bosimlar farqi kalibrovkasiga oʻzgartirish kiritish yoʻli bilan 01.08.2019-yildan 18.09.2019-yilga qadar boʻlgan vaqt yaʼni 49 kun davomida tashqi taʼsir oʻtkazilib, 1 mlrd. 031 mln. 683 ming soʻmlik 1.031.683 m3 tabiiy gaz noqonuniy ravishda isteʼmol qilinganligi aniqlangan

Majburiy ijro byurosi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tomonidan maʼlum qilinishicha, mazkur holat yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirib, shoxobcha gaz tarmogʻida uzib qoʻyilgan edi. Shundan soʻng MCHJ davlatga yetkazilgan zararni hamda tarmoqqa qayta ulash uchun toʻlovlarni amalga oshirdi va joriy yilning 22-yanvar kuni tarmoqqa qayta ulab berildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?