Gujaratdagi kelishuvlar ijrosi Andijon viloyatiga nima beradi?

03:16 26 Yanvar 2019 Jamiyat
883 0

Foto: X. Arabboyev.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modining taklifiga binoan, shu yilning 17-18 yanvar kunlari ushbu mamlakatda amaliy tashrif bilan boʻlib, “Joʻshqin Gujarat — 2019” IX xalqaro investitsiya sammitida ishtirok etdi. Hindistonga tashrif buyurgan delegatsiyamiz tarkibida Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ham bor edi.

Muxbirlarimiz mazkur tashrif davomida erishilgan natijalarning ahamiyati hamda Andijon viloyati uchun ochilayotgan yangi imkoniyatlar haqida suhbatlashdi.

— Shuhratbek Qoʻshoqboyevich, davlatlararo munosabatlar doirasida mintaqalarning oʻzaro muloqotini uyushtirish amaliyotini qanday baholaysiz?

— Bu amaliyot Harakatlar strategiyasiga toʻliq mos keladi. Chunki unda markaz vakolatlarini bosqichma-bosqich viloyatlarga oʻtkazish masalasi aks ettirilgan. Mana, ikki yildirki, mahalliy byudjetning oshirib bajarilgan daromadlar qismi viloyat hokimligi tasarrufida qoldirilyapti. Bu esa ijtimoiy muammolarni mustaqil hal etish, sarmoyadorlarni yanada faol jalb qilishga imkon beradi.

Andijon viloyati ham keyingi vaqtda Rossiya, Xitoy, Belarus va boshqa yaqin hamda uzoq mamlakatlarning muayyan mintaqalari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri iqtisodiy aloqalar oʻrnatdi. Jumladan, Belarusdagi kompaniyalar bilan hamkorlikda minitraktorlarni yigʻish va velosiped ishlab chiqarish boʻyicha istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.

Andijonda xitoylik investorlar ishtirokidagi oʻnlab korxonalar faoliyat yurityapti. 2019 yil arafasida biz Buloqboshi tumanida quriladigan zamonaviy sement zavodiga ramziy tamal toshini qoʻydik. “Shenfen-bridge of friendship” deb nomlangan mazkur Oʻzbekiston — Xitoy qoʻshma korxonasi yiliga 1,2 million tonnadan ziyod sement ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻladi. Mazkur loyiha boʻyicha kiritiladigan investitsiyalarning umumiy hajmi 203,9 million dollarni tashkil etadi. Korxonada 750 kishi ish bilan taʼminlanadi.

Shu maʼnoda, Hindistonning Gujarat shtatidagi Ahmadobod shahrida oʻtgan oʻzbek — hind ishbilarmonlar kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etganimiz ham aniq amaliy natijalarga boy boʻldi.

— Hindistonlik hamkorlar bilan qanday loyihalarni hayotga tatbiq qilish rejalashtirilyapti?

— Prezidentimizning Hindistonga tashrifi arafasida “Andijon-farm” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi. EIZ Andijon tumanida faoliyat yuritadi. Hududda ochiladigan korxonalar farmatsevtika mahsulotlari tayyorlash, dorivor xom ashyoni qayta ishlash, tayyor dori-darmonlar, tibbiyot buyumlari, qoʻshimcha va oʻrov materiallari ishlab chiqarish bilan shugʻullanadi. EIZning faoliyat yuritishi 30 yilga moʻljallangan boʻlib, undan keyin ham davom ettirilishi mumkin. Shu davr mobaynida Hindistonning yetakchi kompaniyalari bilan aloqalarni yanada mustahkamlash moʻljallanmoqda. Mazkur sohada ilgʻor hind texnologiyalarini oʻzlashtirish — ustuvor maqsadimiz. “Andijon-farm” EIZ direksiyasining vazifalari xorijiy kompaniyalar, birinchi galda, hind kompaniyalariga berilishi ham mumkin. Zona hududida alohida soliq va bojxona tartiblari amal qiladi.

Hindiston ishbilarmon doiralari bilan uchrashuv davomida 16 ta kompaniya bilan 205 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritish haqida kelishuvga erishildi. 13 ta farmatsevtika korxonasi 170 million dollar yoʻnaltirish istagini bildirdi. “Cadila Pharmaceuticals” kompaniyasi toʻrt yil davomida “Andijon-farm”ga 50 million dollar mablagʻ kiritish majburiyatini oldi.

Qolaversa, Sharda universitetining filialini va qoʻshma klinikani ochish rejalashtirilmoqda. Hindistonning ushbu yetakchi oliy taʼlim muassasasida 55 mamlakatdan kelgan 20 ming nafar talaba oʻqiydi. U turli davlatlardagi 110 ta taʼlim dargohi bilan hamkorlik qiladi. Bu oʻquv yilida mazkur universitetning Andijon filiali 550 nafar talabani qabul qilmoqchi. Kelgusida ularning soni 10 ming nafardan kam boʻlmaydi.

Tashrif doirasida “Aunde India” kompaniyasi bilan ham kelishuvga erishildi. Unga koʻra, joriy yilning oʻzidayoq avtomobil oʻrindiqlari uchun gʻilof tayyorlaydigan qoʻshma korxona tashkil etiladi. 1997 yili ochilgan mazkur kompaniya 19 ta davlatda 55 ta korxonaga ega. Uning buyurtmachilari orasida “General Motors”, “Hyundai” kabi avtomobil sanoati liderlari bor.

Shuningdek, Gujaratdagi korporatsiya bilan agroklaster tuzishga kelishib oldik. Bu yerda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiriladi, baliq koʻpaytiriladi, mahsulotni qayta ishlash va realizatsiya qilish yoʻlga qoʻyiladi. Viloyatimizda klaster uchun 15 — 20 gektar yer ajratamiz.

Hamkorlikning yana bir qirrasi AKT bilan bogʻliq. 50 nafar yosh andijonlik Hindistonda malaka oshiradi. Soʻngra ular viloyatning sanoat korxonalari uchun dasturiy mahsulotlar ishlab chiqadi.

Umuman aytganda, Oʻzbekiston Prezidentining Hindistonga tashrifi doirasida muhokama qilingan bir qator yoʻnalishlar bevosita Andijonga ham tegishli. Bu “Andijon-farm” EIZga sarmoyadorlarni jalb etish bilan birga, joriy yilda “Gujarat — Andijon” ishbilarmon doiralari biznes forumini oʻtkazishga oiddir.

— Nega aynan Hindiston va tibbiyot Andijon viloyati uchun hamkorlikning ustuvor yoʻnalishi etib tanlandi? Bunga viloyat va uning aholisi tayyormi?

— Oʻzingizga maʼlum, Hindiston va Oʻzbekiston tarixan bir-biriga yaqin. Har ikki xalqning dunyoqarashi, madaniyati, anʼanalarida oʻxshash jihatlar koʻp. Qadimda mavjud boʻlgan qatnov yoʻllari bizning mintaqamiz uchun Hind okeaniga chiqish imkonini bergan. Hindistonliklar Oʻzbekiston deganda koʻz oldilariga bobomiz Zahiriddin Muhammad Boburni keltirishadi. 330 yildan ortiq hukm surgan buyuk imperiyaning asoschisi va uning avlodlari, to Hindistonni inglizlar bosib olgunicha, u yerda tinchlik va millatlararo totuvlikni taʼminlab turgan. Ulugʻ vatandoshimizning bunyodkorlik saʼy-harakatlari madaniyat, shaharsozlik rivojlanishiga xizmat qilgan. Betakror “Tojmahal” oʻzining goʻzalligiyu mahobati bilan hanuzgacha butun dunyodan millionlab sayyohlarni rom etib kelyapti. Hindistonning mashhur jamoat arboblari andijonlik shoh va shoirga ehtirom bildirganlar. Masalan, Javoharlal Neru shunday degan edi: “Bobur ham eng fasohatli va orif kishilar sirasiga mansub edi. U diniy mazhablarga mutaassiblarcha berilishdan xoli edi, sanʼatga, adabiyotga ixlos qoʻygan, oʻzi ham nazm bitardi. Gullaru bogʻlarni sevar, jazirama Hindistonda turib, oʻzining Oʻrta Osiyodagi Vatanini koʻp bor yodga olardi”.

Andijonda faoliyat yuritayotgan Bobur xalqaro jamoat fondi adabiyot, tarix, fan va madaniyat sohalaridagi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga katta hissa qoʻshib kelyapti. Jamgʻarma tomonidan oʻtkazilayotgan tadbirlarda Hindiston, Afgʻoniston, Pokiston, Xitoy, Rossiya, Yaponiya va boshqa davlatlardan tadqiqotchilar ishtirok etishadi.

Sogʻliqni saqlash sohasi haqida soʻz yuritadigan boʻlsak, Andijon davlat tibbiyot instituti Oʻzbekistondagi shu soha oliy taʼlim muassasalari orasida yetakchi dargohlardan biri sanaladi. Viloyatimizdagi tibbiyot kollejlarining farmatsevtika yoʻnalishi boʻyicha bitiruvchilari esa yangi tashkil etiladigan zonadagi korxonalar uchun malakali ishchi kuchi boʻladi.

Shuni ham eʼtirof etish kerakki, keyingi paytda viloyatimizdagi davolash muassasalarida nafaqat Oʻzbekistonning boshqa viloyatlari, balki qoʻshni Qirgʻizistonning Oʻsh va Jalolobod viloyatlaridan ham bemorlar kelib, shifo topishmoqda.

Endi andijonliklarning salohiyati va kayfiyatiga keladigan boʻlsak, oʻtgan yil yakuni boʻyicha yalpi hududiy mahsulot hajmi 27,12 trillion soʻmni tashkil etdi, oʻsish surʼati esa 112,1 foizga yetdi. Sanoat mahsuloti ishlab chiqarish 155,8 foiz oʻsdi. Oʻtgan yilning yanvar — dekabr oylarida kapital qoʻyilmalar 4 trillion 55,9 milliard soʻmni tashkil qildi. Bu 119,1 foiz oʻsish taʼminlandi, deganidir. Demak, bizda belgilangan vazifalarni bajarish uchun xohish ham, imkoniyat ham yetarli.

— Andijon viloyati hindistonlik sheriklarni nimasi bilan qiziqtirdi?

— Viloyatdagi rivojlangan infratuzilma, malakali ishchi kuchining mavjudligi hind tomoni eʼtiborini oʻziga tortdi. Qoʻshimcha ragʻbat sifatida Hindiston kompaniyalari uchun qulay ob-havo sharoiti, dorivor oʻsimliklarning koʻpligini aytish mumkin. Masalan, bizda dori vositalari ishlab chiqarish uchun xom ashyo boʻladigan oʻsimliklarning mingdan ortiq turi oʻsadi.

Oʻzbekiston — farmatsevtik mahsulotlarni import qiladigan mamlakat. Fargʻona vodiysi boʻlsa oʻzining 15 millionli aholisi bilan juda yaxshi xaridor. Buning ustiga, Oʻzbekiston orqali Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligining barcha mamlakatiga chiqiladi. Demak, 300 million nafar toʻlov qobiliyatiga ega isteʼmolchilar mavjud.

— Andijonda, xuddi Hindistondagidek, aholi zichligi yuqori. Xoʻsh, ijtimoiy masalalarni hal etishda ham hamkorlik nuqtalari bormi?

— Darhaqiqat, viloyatimiz aholisi har yili 50 — 55 ming nafarga oshyapti. Bu Boʻz yoki Ulugʻnor tumani aholisi bilan teng. Boshqacha aytsak, demografik jihatdan yiliga bitta tuman qoʻshilyapti. Viloyat hududi esa kengaygani yoʻq. Tabiiyki, maishiy turmush sharoitlariga oid muammolar, ish bilan taʼminlash masalasi bizda juda dolzarb, shu jumladan, viloyat rahbari sifatida men uchun ham. Muammoning yanada murakkablashishiga sabab — keyingi 20 yil davomida viloyatda turarjoylar deyarli qurilmagan. Misol uchun, ikki xonali kvartirada bir necha oila tiqilib yashayotganiga oʻzim guvoh boʻlganman. Albatta, biz bu borada Hindiston va Xitoy tajribasini oʻrganyapmiz. Shunday boʻlsa-da, oʻz imkoniyatlarimizdan kelib chiqishga harakat qilamiz.

Bugungi kunda tez surʼatlar bilan uy-joylar, shu jumladan, koʻp qavatli, qishloq joylarda arzon, namunaviy loyihadagi turarjoylar, qolaversa, nogironligi boʻlgan odamlar uchun alohida uylar qurilmoqda. Oʻtgan yili Bogʻishamolda yangi turarjoy massiviga asos solindi va uni “Oʻzbekiston mustaqilligining 27 yilligi” nomi bilan atadik. Namunaviy uyni poydevor qoʻyishdan to “kaliti bilan” topshirguncha besh oygina oʻtyapti, xolos. Oʻtgan yili 2826 ta uy bunyod etildi. Bu yil esa qurilishning barcha yoʻnalishi boʻyicha ish hajmini sezilarli darajada oshirish moʻljallangan. Bunda tajriba tariqasida koʻp qavatli uylarni adir yerlarda ham qurish boʻyicha loyiha ishlab chiqilmoqda.

“Xalq soʻzi” muxbirlari Saidahmad SHUKUROV, Saminjon HUSANOV suhbatlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?