O‘zbekistonda meva-sabzavot va go‘sht qimmatlashdi

15:43 01 Avgust 2018 Iqtisodiyot
872 0
Fotо: Xalq so'zi

2018 yil iyul oyida ayrim iste’mol tovarlari va xizmatlar narxi o‘rtacha 0,5 foizga o‘sdi. Bu haqda Markaziy bank tomonidan o‘tkazilgan monitoring natijalarida ma’lumot berilgan.

Qayd qilinishicha, iyul oyida meva-sabzavot mahsulotlarining narxi keskin pasayishni to‘xtagan. Bunga so‘nggi oylarda bu mahsulotlarga nisbatan taklif hajmining mavsumiy oshishi sabab bo‘lgan.

Xususan, ushbu guruhda narxlar o‘sishi 5,1%ni tashkil etdi. Narxlarning o‘sishi joriy yilning may va iyun oylarida meva-sabzavot mahsulotlari sezilarli darajada arzonlashishi natijasida past baza effekti bilan tushuntirilgan.

Bundan tashqari, iyul oyida go‘sht va sut mahsulotlari narxlarining o‘rtacha ko‘tarilishi kuzatildi.

Mol go‘shti narxi 1,2%ga, qo‘y go‘shti - 0,1%ga va sut - 2,2%ga qimmatladi, tovuq go‘shti esa, aksincha, 1%ga arzonlashdi.

Eslatib o‘tamiz, iyun oyida mol go‘shti narxi 1,7 foizga, qo‘y go‘shti - 2,1 foizga o‘sdi. May oyida mol go‘shti va qo‘y go‘shti mos ravishda 5% va 3,7%ga qimmatlashdi.

Shu bilan birga, tuxum sezilarli darajada arzonlashdi (12,3%ga), bu ularning mavsumiy taklifi yuqoriligi va tashqi bozordagi savdolarning pasayish bilan bog‘liq.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?