Guseyn GULIYEV: “Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan islohotlar Oʻzbekiston imidjini yaxshilamoqda va davlat uchun juda zarur boʻlgan investitsiyalarni jalb qilyapti”

15:27 30 Avgust 2018 Siyosat
253 0

Guseyn GULIYEV, Ozarbayjon Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi:

— Oʻzbekiston Markaziy Osiyodagi muhim davlatlardan biri ekanligini koʻp bor mamnuniyat bilan taʼkidlaganmiz. Zero, uning ishtirokisiz biror masalani hal etib boʻlmaydi.

Prezident Shavkat ­Mirziyoyev rahbarligida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ulkan oʻzgarishlarga keladigan boʻlsak, Ozarbayjon ijtimoiy-­siyosiy doiralarida ular tan olinmoqda va davlat rahbarining ulkan xizmati ekanligi eʼtirof etilayotir. Oʻzbe­kiston Prezidentining oqilona siyosati nafaqat mamlakat va mintaqada tinch­lik, barqarorlikni, balki qoʻshni davlatlar bilan aloqalarni ham mustahkamlashga xizmat qildi. Bu, oʻz nav­batida, mamlakat salohiyatini sezilarli darajada oshirdi.

Ozarbayjonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan islohotlar Oʻzbekiston imidjini yaxshilamoqda va davlat uchun juda zarur boʻlgan investitsiyalarni jalb qilyapti, deya hisoblashadi. Mamlakat iqtisodiyotining koʻplab tarmoqlari isloh etildi va yirik korxonalar ochildi. Pirovardida iqtisodiy oʻsish, makroiqtisodiy barqarorlik, iqtisodiyot va eksportni diversifikatsiya qilish kabi koʻplab maqsadlarga erishilmoqda.

Qardosh Oʻzbekistonning mustaqillik va davlatchilikni mustahkamlash yoʻlidan ishonch bilan ketayotgani, qolaversa, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy sohalardagi muvaffaqiyatlari bizni chin dildan quvontiradi. Ozarbayjon va Oʻzbekistonni anʼanaviy doʻstlik va hamkorlik rishtalari bogʻlab turadi. Ishonchim komilki, xalqimiz xohish-irodasiga uygʻun boʻlgan oʻzaro ishonch va qoʻllab-quvvatlashga asoslangan ikki tomonlama aloqalarimiz yanada rivojlanadi hamda mustahkamlanib boraveradi.

Fursatdan foydalanib, Mustaqillik kuni munosabati bilan oʻz nomim va elchixona xodimlari nomidan Oʻzbekiston xalqini tabriklayman va mamlakatingizning yanada gullab-yashnashini tilayman.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?