“Gulshan” istirohat bogʻi qachon yana oʻz eshiklarini ochadi?

17:08 12 Aprel 2019 Jamiyat
464 0

Arxiv foto

Tahririyatimizga har kuni gazetxonlardan turli mazmundagi bir qancha maktublar keladi. Ularning ayrimlarida bugungi islohotlar tufayli yaratilayotgan qulay shart-sharoitlardan minnatdorlik ifoda etilgan boʻlsa, baʼzilarida turli takliflar, mulohazalar bayon qilinadi. Yana boshqasida esa qaysidir hududda hali yechimini kutib turgan masalalar, odamlarni oʻylantirayotgan muammolar bitilgan boʻladi. Biz ana shu kabi murojaatlarning har biriga alohida ahamiyat qaratamiz. Koʻtarilgan masalalarga tegishli tashkilot va idoralar eʼtiborini jalb qilib, ularga ijobiy yechim topish choralarini koʻramiz.

Yaqinda poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumani Intizor koʻchasida yashovchi fuqaro Ibrohim Abdugʻaniyevdan xat oldik. Muallif tumandagi “Gulshan” madaniyat va istirohat bogʻi ish faoliyatini qayta yoʻlga qoʻyish masalasi va uning atrofidagi mahallalarda yigʻilib qolgan bir qator muammolar haqida soʻz yuritgan.

Taʼkidlanishicha, hududdagi Shukur Burxonov, Alisher Navoiy, Nodirabegim, Shoʻrtepa kabi mahallalar faollari, raislari bu boʻyicha Toshkent shahar hokimiyati, Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasi, Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi singari koʻplab idora va tashkilotlarga murojaat qilishgan. Ammo bundan natija chiqmagan. Nihoyat, tahririyatga maktub yoʻllashni lozim, deb topishgan.

Koʻtarilgan mavzu boʻyicha haqiqiy ahvolni bilish va masalaga oydinlik kiritish maqsadida aytilgan manzilga bordik. Mahalla faollari bilan suhbatlashdik. Murojaatda keltirilgan joylarlarni koʻzdan kechirdik.

Darhaqiqat, “Gulshan” istirohat bogʻi yopib qoʻyilgan boʻlib, bu joy qachon, qaysi tashkilot tomonidan berkitib qoʻyilgani nomaʼlum. Unga kirish uchun kimdan ruxsat olish kerakligini ham hech kim bilmaydi. Bogʻ atrofida qator xizmat koʻrsatish shaxobchalari ishlamayapti, qarovsiz ahvolda. Bu yerdagi ilgari gavjum boʻlgan choyxona xususiylashtirilgan ekan. Ammo u ham faoliyat olib bormayapti.

Mahalliy aholi vakillarining soʻzlariga koʻra, bir vaqtlar bu yerda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilgan. Bogʻda turli attraksionlar, koʻrgazmalar, koʻchma qoʻgʻirchoq teatrlar va toʻgaraklar faoliyat koʻrsatgan. Kitob doʻkonlari, maishiy xizmat obyektlari gavjum boʻlgan. Bugun esa ular oʻrnini spirtli ichimliklar doʻkoni, bar, kafe, ayniqsa, qator dorixonalar egallagan...

Yuzaga kelgan holat aholi kayfiyatiga, ayniqsa, yoshlar tarbiyasiga salbiy taʼsir oʻtkazmoqda.

— Hokimiyat, tashkilot va idoralarga qilgan murojaatlarimiz eʼtiborsiz qolgach, “bor-e” deb qoʻl siltagimiz ham keldi, lekin hududda biz yashayapmiz, farzandlarimiz shu yerda ulgʻaymoqda. Qanday qilib beparvo boʻlaylik? — deydi Shukur Burxonov mahalla fuqarolar yigʻini raisi Sobir Halimov. — Spirtli ichimliklar doʻkonining ortishi hududimiz muhitiga taʼsir qilmay qolmaydi. Shu bois mutasaddi idoralar va keng jamoatchilikning eʼtiborini mazkur muammolarga qaratish maqsadida tahririyatingizdan yordam soʻrashga majbur boʻldik.

Qani endi, bizning ham talab-istaklarimiz inobatga olinsa, spirtli ichimliklar doʻkonlari oʻrnida kutubxonalar, zamonaviy koʻngilochar obyektlar, sport kiyimlari va anjomlari savdosi bilan shugʻullanadigan markazlar ochilsa! Mahalladoshlarimizning koʻnglidagi gap boʻlardi. Qolaversa, “Gulshan” istirohat bogʻi hududida obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish, bogʻdorchilikni rivojlantirish, mahallada ekologik vaziyatni yaxshilash, daraxt va gullarni sugʻorishda koʻp yillar mobaynida xizmat qilib kelgan “Toʻrt ariq” kanalini tiklash darkor. Kengligi 4-4,5 metr boʻlgan mazkur kanaldan ilgari odamlar suv ichishgan. Afsuski, hozir uning oʻrni chiqindi yigʻiladigan joyga aylangan.

Shuningdek, Shukur Burxonov va Buyuk Ipak yoʻli koʻchalari chorrahasiga yaqin boʻlgan bolalar bogʻchasi abgor ahvolda, koʻp yillardan beri qarovsiz yotibdi. Uni taʼmirlash borasida qilingan murojaatlar suvga tushgan toshdek izsiz ketmoqda.

Ibrohim akaning aytishicha, Intizor koʻchasidan oʻtuvchi 16-avtobus yoʻnalishini oʻzgartirish zarur. Yaʼni uning marshrutidan bu koʻchani chiqarib tashlash kerak. Chukni yoʻlovchilar oqimi umuman yoʻq. Qolaversa, Intizor koʻchasida bolalar sport maktabi faoliyat koʻrsatadi. Koʻchaning serqatnovligi bois yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashda qiyinchiliklar tugʻdirmoqda.

Bir vaqtlar “bu yoʻnalish Intizor koʻchasidan oʻtishi vaqtinchalik”, deya “Toshshahartransxizmat” AJ tomonidan maʼlum qilingan. Ammo ushbu masala hanuz hal boʻlgani yoʻq. Bu borada mahalla faollarining 2017 yildagi murojaatlari eʼtiborsiz qoldirildi. Shu bilan birga, Buyuk ipak yoʻli koʻchasidagi “Sentr lunacharskiy” avtobus bekati orqasida joylashgan maishiy uy taʼmirlanib, aholiga bir necha yoʻnalishdagi xizmatlarni koʻrsatadigan shaxobchalar — sartaroshxona, kiyimlarni kimyoviy tozalash, oyoq kiyim, soat tuzatish, maishiy texnika vositalarini taʼmirlash nuqtalari, tikuv sexi qurilsa, aholiga juda katta qulaylik yaratilardi.

Eʼtiborli jihati, 2018 yil 13 iyul sanasida Toshkent shahar hokimi J. Ortiqxoʻjayevning qaroriga binoan, bu maskan qayta rekonstruksiya qilinishi belgilangan edi. Unda qaysi obyekt qaysi tashkilot tomonidan taʼmirlanishi qatʼiy belgilab berilgan. Ammo shahar hokimining qarori hanuzgacha bajarilmagani kishini hayron qoldiradi. Shuningdek, Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasining 2019 yil 8 fevraldagi murojaatga javob xatida “Gulshan” istirohat bogʻi boʻyicha tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan taqdim etilgan loyihalar koʻrib chiqilayotgani aytilgan.

Xususan, “Maʼqul topilgan loyiha egalari bilan tegishli qaror asosida uzoq muddatli shartnoma imzolanadi va tadbirkorlarga zamonaviy bogʻ yaratish uchun beriladi,” deyiladi boshqarma boshligʻi M. Yunusov imzosi bilan kelgan xatda. Lekin qachon? Bu ham hali nomaʼlum.

Tahriryatimiz ushbu masala boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tuman hokimyati bilan bogʻlandi, ammo:

Bu masala hali ochiqligi va loyihalar oʻrganilayotgani bois hozircha batafsil maʼlumot bera olmaymiz. — deya javob berdi hokim oʻrinbosari Fuzaylxon Hoshimov.

Umid qilamiz, mazkur muammolarga tegishli tashkilot va idoralar tomonidan ijobiy yechim topiladi.

“Xalq soʻzi” bu mavzuga yana qaytadi.
Yulduz OʻRMONOVA, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?