Gulnora Karimovaning Shveysariyadagi villasidan 70 dona sanʼat asarini Oʻzbekistonga qaytarish rejalashtirilmoqda

12:42 11 Yanvar 2020 Jamiyat
419 0

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Adliya vazirligi tomonidan tegishli soha idoralari ishtirokida Shveysariya, Fransiya, Rossiya Federatsiyasi, Latviya va boshqa davlatlar vakolatli idoralari bilan hamkorlikda G.Karimova tomonidan jinoiy yoʻl bilan qoʻlga kiritilgan aktivlarni qaytarish masalasida muayyan ishlar olib borilmoqda.

Shveysariya federal prokuraturasi bilan hamkorlikda ekspertlarni jalb qilingan holda G.Karimovaning Jeneva shahrida joylashgan villasida oʻtkazilgan tintuv vaqtida aniqlangan va xatlangan 70 turdagi sanʼat ashyolari (kartinalar, amaliy sanʼat va hunarmandchilik asarlari va hokazolar)ning milliy boylikka taalluqliligini aniqlash hamda ularning Oʻzbekistonga qaytarilishi boʻyicha ishlar olib borilmoqda.

Avval G.Karimovaning Oʻzbekistondagi yashash manzillarida 985 turdagi tarixiy madaniy va badiiy ahamiyatga ega qimmatliklar deb topilgan hamda umumiy qiymati 12,7 mlrd. soʻmdan ortiq boʻlgan sanʼat asarlari (kartina, soʻzana, milliy taqinchoqlar, sopol, yogʻochdan ishlangan milliy hunarmandchilik asarlari va hokazolar) aniqlangan va xatlangan.

Qayd etilgan kartinalar va sanʼat asarlari sud hukmiga koʻra davlat egaligiga oʻtkazilib, Oʻzbekiston amaliy sanʼati va hunarmandchilik tarixi Davlat muzeyi, Fargʻona viloyat tarix va madaniyat Davlat muzeyi, Andijon viloyat tarix va madaniyat Davlat muzeyi, Chirchiq shahar tarix muzeylariga topshirilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?