Gulnora Karimovaga qarshi yana bir jinoyat ishi qoʻzgʻatildi - Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi axboroti

10:04 20 Avgust 2019 Jamiyat
412 0

Bosh prokuratura tomonidan G.Karimovaga nisbatan davlat mulkini talon-toroj qilish, Oʻzbekiston Respublikasi manfaatlariga zid bitimlar tuzish hamda oʻzgalarning juda koʻp miqdordagi mulkini tovlamachilik yoʻli bilan qoʻlga kiritish holatlari yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatildi.

Jinoyat ishlari qoʻzgʻatilishiga xalqaro kompaniyadan kelib tushgan maʼlumotlar va fuqarolarning arizalari asosida toʻplangan tekshirish hujjatlari asos boʻlgan.

Aniqlanishicha, G.Karimova bir guruh shaxslar bilan til biriktirgan holda, “Quvasoysement” va “Bekobodsement” AJlarining davlatga tegishli boʻlgan aksiyalarini arzonlashtirilgan narxlarda sotib olgan.

G.Karimova qayd etilgan aksiyalarni chet el tadbirkorlariga sotgan hamda ularning noqonuniy faoliyatiga rahnamolik qilib, respublika manfaatlariga juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan.

Bundan tashqari, G.Karimova fuqarolar va turli kompaniya egalarini zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitib, ularning mulkini oʻziga tegishli boʻlgan kompaniyalarga rasmiylashtirib berishga majbur qilgan.

Ish boʻyicha haqiqatni aniqlashga toʻsqinlik qilish holatlarining oldini olish maqsadida boshqa tafsilotlar oshkor qilinmaydi.

Jinoyat ishlari boʻyicha tergov davom etmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?