Gulnora Karimova Shveysariyadagi hisob raqamlarda muzlatilgan mablagʻlar masalasiga aniqlik kiritdi

14:41 24 Iyun 2019 Jamiyat
636 0

Gulnora Karimovaning qizi Imon oʻzining Instagramʼdagi sahifasida onasiga tegishli ekanligi taxmin qilinayotgan akkauntdan olingan bayonotni joylashtirdi. Ayni paytda mazkur akkaunt oʻchirilgan

Olti yil davomidagi ilk murojaat ekanligi aytilayotgan matnda Gulnora Karimova kutishlarni oqlamagani va hafsalasini pir qilgani uchun xalqdan uzr soʻragan. Oʻzi olib yurgan familiya uchun masʼuliyatni his etgan holda ixtiyoriy yoki bunday boʻlmagan harakatlarini anglab yetishga vaqti boʻlganini qayd etgan.

Avvalgi qarorlari va qilmishlarini qoralaydigan darajada oʻzgarganini taʼkidlagan. Huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlik qilayotganini maʼlum qilgan.

“Birinchi soʻrovlardanoq mablagʻlarim mamlakat rivoji uchun xizmat qilishi maqsadida hamkorlik qilishni boshlaganman. Bu pullar Oʻzbekiston uchun naf keltiradigan loyihalarda salmoqli oʻrin tutadi, degan umiddaman. Prokuratura davlat foydasiga musodara qilingan mol-mulk va vositalarni aniq hisoblab boʻlmasligini daʼvo qilgan boʻlsa-da, Oʻzbekiston hududidagi 1,2 milliard dollar miqdoridagi shaxsiy aktivlarim mening tasarrufimdan chiqqani va respublika byudjeti uchun ishlayotganini bildirmoqchiman. Bu holat bir necha mahalliy tekshiruvlar davomida oʻz tasdigʻini topgan”, — deyilgan bayonotda.

Shuningdek, bayonotda Shveysariyadagi hisob raqamlarda muzlatilgan mablagʻlar masalasiga ham aniqlik kiritilgan.

“Bu masala faqat menga tegishli yoki bogʻliq emas. Ularga boshqa davlatlardagi koʻpchilik daʼvogarlik qiladi. Vaholonki, ularning barchasi mening aktivlarim. Bunda men tomonimdan ishga tushirilgan yirik kompaniyalar Oʻzbekistonda 15 ming kishini ish bilan taʼminlaganini ham hisobga olish lozim”, — deya taʼkidlanadi bayonotda.

Mazkur bayonotga hozircha rasman izoh berilmagan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?