Gulistonlik oʻzi uysiz tadbirkor ayol xayriya tadbirlarini davom ettirmoqda

14:23 06 Mart 2019 Jamiyat
528 0

“XALQ SOʻZI ONLINE”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Avval xabar berganimizdek, Guliston shahrilik tadbirkor Dilfuza Mansurova mamlakatimiz boʻylab xayriya tadbirlari oʻtkazmoqda. Saxovatli ayol ushbu niyatini amalga oshirishni yanvar oyida Qoraqalpogʻiston Respublikasida boshlagan edi.

Bugun esa Samarqand shahridagi 2-tugʻruqxonada boʻlib, 15 nafar kam taʼminlangan oila bekalariga chaqaloqlar kiyimi toʻplamlarini tuhfa qildi.

Dilfuza Mansurova bilan telefon orqali bogʻlanganimizda, ayni chogʻda u Jizzax viloyatiga yoʻl olganligini maʼlum qildi. Aytishicha, endi Gʻallaoroldagi tugʻruqxonada ham ana shu xayrli ishini amalga oshiradi.

Maʼlumot uchun, Dilfuza Mansurova boshliq jamoa chaqaloqlar toʻplami (xalq tilida “konvert”) hamda bolalar kiyimlari ishlab chiqarish faoliyati bilan shugʻullanadi. U koʻpdan buyon ijtimoiy himoyaga ehtiyojmand oilalarga, ayollarga baholi qudrat yordam berib kelmoqda. Jamoa aʼzolarining aytishicha, Dilfuza odamlarga yaxshilik qilishni hayotining mazmuni deb biladi. Ammo ularning ham tasdiqlashicha, saxovatli ayolning oʻzi ijara uyda istiqomat qilar ekan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?