Gulistondagi qurilishlarda foydalanilayotgan avtotransport vositalarining tozaligi nazorat qilinadi

15:27 22 Noyabr 2018 Jamiyat
505 0

Foto: Ahmadali Shernazarov/“Xalq soʻzi Online”

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Endi Guliston shahridagi qurilish ishlarida foydalanilayotgan avtotransport vositalarining tozaligi nazorat qilinadi.

Shahar hokimi Toʻlqinjon Dadaboyev imzolagan farmoyishda ana shunday qoida belgilab qoʻyildi.

“Mazkur hujjatga koʻra buyurtmachi va pudratchi tashkilot rahbarlari, mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar qurilish ishlari olib borayotgan barcha yuridik va jismoniy shaxslar koʻchalarni iflos qilishi mumkin boʻlgan yuklar, chiqindilar, qum va tuproqni namlangan holda maxsus jihozlangan avtomashinalarda tashilishini taʼminlashlari belgilandi. Agar bunday yuklar koʻchalarning tozaligiga zarar yetkazsa, ustini maxsus material bilan yopib harakatlanishi zarurligi ham qayd etildi. Shahar koʻchalariga chiqayotgan avtotransport vositalarining gʻildiraklarini yuvish uchun esa maxsus moslamalar qurish tavsiya qilindi”, - deydi Guliston shahar hokimligi matbuot xizmati rahbari Sabrina Nomozova.

Foto: Ahmadali Shernazarov/“Xalq soʻzi Online” 

Shu bilan birga farmoyishda qurilish chiqindilarini belgilangan joylarga tashib chiqarish, bunyodkorlik ishlari olib borilayotgan hududdagi koʻchalarning tozaligini taʼminlash, muzlagan holatlarda koʻchalarning qatnov qismi hamda piyodalar yoʻlaklariga qum va tuz sepishga yuqorida keltirilgan tashkilot va shaxslar masʼul qilib belgilandi. Qolaversa, shahar arxitektura va qurilish boshqarmasi rahbari zimmasiga Oʻzbekiston Respublikasining “Shaharsozlik Kodeksi”ning 4-moddasiga binoan jismoniy va yuridik shaxslarning qurilish olib borayotgan hududlariga chegaradosh yer uchastkalari va boshqa koʻchmas mulk egalarining qonuniy manfaatlariga, shaharsozlik normalariga zid xatti-harakatlari kuzatilsa, mazkur hududlardagi qurilish ishlarini toʻxtatish boʻyicha shahar hokimligiga taklif kiritish yuklatildi.

Foto: Ahmadali Shernazarov/“Xalq soʻzi Online” 

Maʼlumot uchun, bundan bir necha yil oldin Guliston shahrining markaziy koʻchalari va hududida ot aravalarning harakatlanishi taʼqiqlangan edi. Albatta, bularning bari hozirda katta bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilayotgan, kundan-kunga chiroy ochayotgan Sirdaryo viloyati markazining yanada koʻrkam, ozoda va sarishta boʻlishiga xizmat qiladigan tadbirlardir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?