Gulistonda yangi mavze barpo etilmoqda

09:08 20 Fevral 2019 Siyosat
390 0

Keyingi yillarda Guliston oʻz nomiga monand obod boʻlib bormoqda. Yangi uy-joylar, inshootlar, ravon yoʻllar qurilmoqda.

Shaharning yangi qiyofasi “Buyuk kelajak” mavzesida yorqin namoyon boʻladi. Oʻtgan yili bu yerda namunali loyiha asosida 5 qavatli 8 ta uy foydalanishga topshirildi. Yana 7 qavatli, 420 xonadondan iborat 10 ta uy qurilishi davom etmoqda.

Prezidentimiz mazkur mavzega tashrif buyurib, yangi koʻp qavatli uylarni koʻzdan kechirdi. 

Prezident “Sirdaryo tajribasi”ni joriy qilish loyihalarini koʻzdan kechirdi.

Shu yerda yoshlarni madaniyat va sport majmualariga jalb etish, ular oʻrtasida kompyuter savodxonligi va kitobxonlikni rivojlantirish boʻyicha yangi tizim taqdimoti oʻtkazildi.

Unga koʻra, Yoshlar ittifoqi, Sport, Madaniyat va Xalq taʼlimi vazirliklari, Maʼnaviyat targʻibot markazi, Yozuvchilar uyushmasi tumanlardagi yoshlar bilan manzilli ishlaydi, ularning qiziqishlariga mos toʻgarak va muassasalarga jalb etadi. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi “Oʻqituvchi” brendi ostida markaziy kitob doʻkoni va “buk-kafe”lar tashkil etadi, shuningdek, elektron kitoblar tayyorlab tarqatadi.

- Bilim, madaniyat, fidoyilik birinchi oʻrinda boʻlishi kerak. Maʼnaviyat iqtisodiyotga ham asos boʻladi. Farzandlarimizni sogʻlom, bilimli, vatanparvar qilib tarbiyalash uchun hech narsani ayamaymiz. Ana shunday yoshlar bizning ertangi kunimiz, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Viloyatda koʻp qavatli uylar va sport inshootlari qurish, ichimlik suvi taʼminoti va oqova suv tizimini rivojlantirish borasida amalga oshiriladigan ishlar haqida ham maʼlumot berildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?