Gulistonda “oʻrmon malikasi” — joʻka gulladi

15:45 20 May 2019 Jamiyat
257 0

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Guliston shahrining “Xotira” va “Yurt bayrogʻi” maydonlari tegrasidagi lipa daraxtlari bu yil ikkinchi bor qiygʻos gulladi.

Aytish lozimki, Yevropadan keltirilgan mazkur ziroat turining Mirza vohasi yer sharoitida amal olib, yil sayin koʻkka boʻy choʻzayotganining oʻzi bir moʻjizadir. Zero, bungacha shahar markaziga ne-ne nihollar oʻtqazilib, barcha agrotexnik tadbirlar amalga oshirilsa-da ularning barchasi birdek tutib ketavermas edi. Qarangki, joʻka - fan tilida lipa deb ataluvchi 150 ta niholning bari endilikda sarvqomat daraxt aylanmoqda.

Albatta, bunda keyingi yillarda Sirdaryo viloyati markazining meliorativ holatini yaxshilash, yerosti sizot suvlarini pasaytirish borasida amalga oshirilgan ulkan ishlar muhim omil boʻldi deyish mumkin. Yaʼni, shahar oʻrtasidan oqib oʻtuvchi “Doʻstlik” kanali betonlashtirildi, oqova suv tizimi va tik quduqlarning maromida ishlashi taʼminlandi.

Qolaversa, “oʻrmon malikasi” deb taʼriflanadigan joʻka daraxti parvarishi uchun alohida guruh tuzildi.Ildiz atrofidagi tuproq torf va gumus bilan toʻyintirildi. Iqlim va tuproqqa moslashish davrida jazirama issiqdan saqlash uchun nihol tanalari maxsus mato bilan oʻrab chiqildi. Kuchli shamollardan himoya qilish va sarvqomat boʻlishi maqsadida har biriga chiroyli tayanch moslamalari ham oʻrnatildi.

Eʼtiborlisi, lipa ifori asal hidini eslatadi. Binobarin, manbalarda keltirilishicha, mazkur daraxt guli asalarilar uchun boy va shifobaxsh nektar manbai ham hisoblanar ekan.

Maʼlumot uchun, bugungi kunda Gulistonda joʻka qatori lola daraxti, nastarin,oq qayin singari noyob daraxt turlari ham barq urib rivojlanmoqda. Yana bir jihat, joriy yildan boshlab gul koʻchatlarini shaharning oʻzida oʻstirish ham yoʻlga qoʻyildi. Natijada gulzorlar tashkil qilish uchun ketadigan xarajat keskin qisqarishi barobarida butun viloyat markazi va boshqa hududlarni ham turli navdagi sifatli gul koʻchatlari bilan taʼminlash imkoniyati yaratildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?