Gulistonda mahalliy iqlimga moslashgan noyob daraxt gulladi

17:21 21 May 2018 Jamiyat
581 0

Ayni paytda Guliston shahrining qoq markazidan asal hidini eslatuvchi ifor taralmoqda. Boisi, Yoshlar xiyoboni va Xotira maydoni atrofidagi lipa (jo‘ka) daraxtlari ilk bor gulladi.

Mubolag‘a emas, Mirzacho‘l vohasi yer sharoitida nihol ko‘kartirish igna bilan quduq qazishdek gap. Shu ma’noda Italiyadan keltirilgan, asosan subtropik mintaqalarda o‘sadigan 150ta lipa ko‘chatining to‘liq tutganligini mo‘’jiza deyish mumkin.

 “O‘rmon malikasi” deb ta’riflanadigan mazkur daraxtning bizning iqlim va tuprog‘imizga moslashishi uchun bir yil  vaqt ketdi. Ularni hozirgi baravj holatga keltirguncha ko‘plab agrotexnik tadbirlarni amalga oshirdik. Xususan, ko‘chat joylashtirilgan tuproqni gumus bilan to‘yintirdik. Nihollarni jazirama issiqdan saqlash uchun maxsus mato bilan o‘rab chiqdik hamda kuchli shamollardan himoya qilish va sarvqomat bo‘lishi maqsadida har biriga chiroyli tayanch moslamalari ham o‘rnatdik. Yana bir jihati, bevosita lipa parvarishi bilan doimiy shug‘ullanadigan alohida guruh  tuzdik”, — deydi Guliston shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Abduqul Otaboyev.

Ahmadali ShERNAZAROV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?