Gulistonda Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabining tamal toshi qoʻyildi

14:25 13 Mart 2019 Jamiyat
358 0

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Maʼlumki, Prezidentimiz shu yil 19 fevraldagi Sirdaryo viloyatiga tashrifida Oʻzbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ona tili va adabiyot fanlarini chuqur oʻrgatishga ixtisoslashtirilgan maktabni tashkil etish boʻyicha topshiriq bergan edilar. Bugun Guliston shahrida ana shu maktab binosiga tamal toshi qoʻyish tantanasi boʻlib oʻtdi. 

Joriy yilning 25 avgustigacha qurib foydalanishga topshirilishi kutilayotgan mazkur oʻquv muassasasida 150 nafar iqtidorli oʻgʻil-qiz taʼlim olishi moʻljallanmoqda. Qurilishning loyiha taklifiga koʻra, maktab umumiy koʻrinishi ezgulik, orzu-umidlar, tinchlik ramzi- parvozdagi laylakni eslatuvchi muhtasham va betakror meʼmoriy yechimdagi binoga ega boʻladi.Unda xalqimizning sevimli shoirasining hayoti va ijodiga oid muzey ham joy olishi belgilangan.

- Bugun sirdaryoliklar, ayniqsa yoshlarning quvonchi cheksiz, -deydi Zulfiya nomidagi davlat mukofoti laureati, Guliston davlat universiteti talabasi Azizaxon Zulfiqorova. - Negaki, endi hademay adabiyotga, badiiy ijodga havasmand oʻquvchilar uchun ham ixtisoslashtirilgan zamonaviy maktabimiz boʻladi. Oʻylaymanki, unda taʼlim olgan yoshlarimiz ayni Sirdaryoda tugʻilib oʻsgan ardoqli shoiramiz Halima Xudoyberdiyevaning munosib izdoshlari boʻlib yetishadilar.

Maktab qurilishi boshlanishiga bagʻishlangan marosimda shoiraning singlisi, Xovos tumanidagi 23-maktab oʻqituvchisi Rahima Xudoyberdiyeva soʻzga chiqib, opasi- Oʻzbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyevaga koʻrsatilgan yuksak izzat –ehtirom uchun ijodkorning oila aʼzolari nomidan cheksiz minnatdorlik bildirdi.

Tadbirda Sirdaryo viloyati hokimi Gʻofurjon Mirzayev ishtirok etdi va soʻzga chiqdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?