Gulistonda yetti yoshli Marjona va Shohrux Navoiy bobomizga yuksak ehtirom koʻrsatishdi

15:04 07 Fevral 2019 Madaniyat
281 0

Foto: "Xalq so'zi"

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Buyuk bobomiz, hazrat Alisher Navoiyning tavallud kuni arafasida Sirdaryo viloyati markazidagi oʻzbekona meʼmoriy uslubda bunyod etilgan “Bilimlar maskani”da boʻlib oʻtgan tantanada Guliston shahridagi 1-musiqa va sanʼat maktabi oʻquvchilari guruhi ulugʻ shoirning “Fido” gʻazali bilan aytiladigan qoʻshiqni ijro etdilar. Eʼtiborlisi, ular orasida endigina yetti yoshga kirgan Marjona Hamidova va Shohrux Jumaboyevlar ham bor edi.

Tadbirda taniqli navoiyshunos, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Vahob Rahmonov yaqinda Navoiy shahrida Alisher Navoiyning hayoti va ijodiga bagʻishlab oʻtkazilgan 3-xalqaro konferensiyada 20 dan ziyod mamlakatlardan navoiyshunos olimlar qatnashganligi dunyoda buyuk bobomizning ulkan adabiy merosiga qiziqish juda yuqori ekanligini yana bir bor anglatdi dedi. Mazkur anjumanga Afgʻonistonning Mozori Sharif shahridan kelgan adabiyotshunos olim, noshir Abdullo Ruin tomonidan “sheʼriyat mulki sultoni”ning 28 jilddan iborat kulliyoti nashr qilinganligi xususidagi maʼlumoti ham ishtirokchilarga mamnuniyat baxsh etdi.

– Yurtimiz ham moddiy, ham maʼnaviy meros yodgorliklariga boy,-deydi Guliston davlat universiteti oʻzbek tili va adabiyoti yoʻnalishi talabasi Goʻzalxon Mamatqulova. - Shubhasiz, ular orasida mana necha asrdirki, xalqimiz nomini butun jahonga taratib kelayotgan Navoiy bobomiz qoldirgan adabiy merosning bahosi tengsizdir. Bunga sayyoramizning turli mashhur shaharlarida hazrat shoirimizning haykallari qad rostlab turganligi, asarlari koʻplab tillarda mutolaa qilinayotganligi va ilmiy jihatdan oʻrganilayotganligi ham yorqin dalildir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?