Guliston shahridagi “Doʻstlik” kanalining suvi nega toʻxtatildi?

13:46 26 Oktyabr 2018 Jamiyat
856 0

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Guliston shahridan oqib oʻtuvchi, oʻzani Oʻzbekistondagi “Farhod” gidroelektrostansiyasi hududidan boshlanib Qozogʻiston Respublikasida tugaydigan “Doʻstlik” kanalidan suv uzatish vaqtincha toʻxtatildi. Sababi mazkur irrigatsiya tarmogʻining Sirdaryo viloyati markazidagi qismini betonlashtirish ishlarining navbatdagi bosqichiga kirishildi.

Bundan avval kanalning bir kilometrlik masofasi yaxlit, 2 kilometr 360 metrlik qismida ikki qirgʻoq betonlashtirilgan edi. Bugun ana shu keng koʻlamli ishlar tufayli shahar markazi, 1 va 2-mavzelar, Doʻstlik qoʻrgʻoni, Guliston davlat universiteti hududlarida sizot suvlar ancha pastlab, yerning meliorativ holati butunlay yaxshilangan. Qolaversa koʻpqavatli uylarning yertoʻlalarida suv toʻplanishiga ham barham berildi. Bir vaqtlar chivinlar makoni boʻlgan kanal atrofi obodolashtirilib, soʻlim xiyobonlar tashkil etildi.

Ayni chogʻda Toʻpalang HPD Water Construction unitar korxonasi tomonidan kanalning yana 1405 metrlik masofasidagi qirgʻoqlarini nam oʻtkazmaydigan maxsus sement vositasida betonlashtirish ishlari olib borilyapti. Ushbu bosqich bajarilgach, shaharning 3, 4, 5 –mavzelarida ham meliorativ holat yanada yaxshilanadi.

Maʼlumot uchun, “Doʻstlik” kanalining ilk oʻzanini qazish 1903 yilda boshlangan, 1913 yilning 18 oktyabrida esa foydalanishga topshirilgan. Oʻshanda u orqali hozirgi Boyovut tumani hududidagi yerlarga suv keltirilgan. Mutaxassislarning aytishicha, hozir kanalning bir yillik suv oʻtkazish quvvati 2,5 milliard metr kubga teng.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?