Gul bir yon, ....axlat bir yon

16:38 03 Aprel 2019 Jamiyat
377 0

Foto: "Xalq so'zi"

Men Namanganni sevaman. Chamanzor bogʻlari, gulga oshufta insonlari bilan elga tanilgan maftunkor kentni bir koʻrgan kishi yana koʻrgisi keladi. Ayniqsa,shahar ahli va mehmonlar qadami uzilmaydigan Bobur nomli madaniyat va istirohat bogʻining jozibasi boshqacha. Biroq... biroq uning husniga soya solayotgan ayrim noxush koʻrinishlar ham uchrab qolyaptiki, bunga aslo toqat qila olmayman.

Masalan, gulsayridagi istirohatdan soʻng bogʻning janubiy qismidagi darvoza tomonga yoʻl sola koʻrmang. Yoʻlka chetidagi konteynerga toʻldirib tashlangan chiqindilar taratayotgan badboʻy hid dimogʻingizni egallab olgan gullar iforini quvib, burningizga dastroʻmol tutishingizga toʻgʻri keladi. Bu yerdagi manzaraga qarab toʻplangan axlat bir necha kunlab olib ketilmasligiga ishonch hosil qilasiz. Birgina bu emas.Maskanga joylashgan “Namangan yoshlar markazi” binosining orqa qismida uyilgan qogʻoz chiqindilari ham dilingizni xira qiladi. Boshqa tomonda esa faqatgina “Gul bayrami”da ishlov berilib, qolgan vaqtda boʻm-boʻsh turadigan yer maydonlari koʻzga tashlanadi.

Bogʻda bugun – erta yozgi mavsum boshlanadi. Tez orada “Gullar bayrami” deganday. Bunaqa paytlarda mehmonlar bilan toʻlib – toshadigan diltortar goʻshaga xunuk holatlar sirayam yarashmaydi-da. Siz nima deysiz?

Qudratilla NAJMIDDINOV. ”Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?