Guanchjou shahrida Oʻzbekiston Bosh konsulxonasini ochish rejalashtirilmoqda

15:48 20 Avgust 2019 Jamiyat
79 0

2019-yilning 19-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Pekin shahrida Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi aʼzosi, Tashqi ishlar vaziri Van Yi bilan uchrashdi. Bu haqda TIV xabar berdi.

Tashqi siyosat idoralari rahbarlari ikki tomon kun tartibi, ayrim xalqaro va mintaqaviy muammolarga tegishli qator dolzarb masalalarni muhokama qildilar.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Raisi Si Szinpinning Pekin shahridagi “Bir makon, bir yoʻl” forumi, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (Bishkek) va Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash (Dushanbe) sammitlari doirasidagi samarali uchrashuvlari ikki mamlakat oʻrtasidagi keng qamrovli aloqalarni rivojlantirishga yangi turtki va dinamika berdi. Oʻzaro savdo yuqori surʼatda oʻsmoqda, investitsion sohadagi hamkorlik faollashmoqda, mintaqalararo va madaniy-gumanitar almashinuvlar kengaymoqda.

Shu nuqtayi nazardan, Janubiy Xitoyning siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, taʼlim va madaniy markazi boʻlgan Guanchjou shahrida Oʻzbekiston Bosh konsulxonasi ochish taklifi muhokama qilindi.

Vazirlar Bosh vazir Abdulla Aripovning Xitoyga va Davlat kengashi Bosh vaziri Li Ketsyanning Oʻzbekistonga boʻlajak rasmiy tashriflarining kun tartibi va dasturini amaliy jihatdan koʻrib chiqdilar.

Uchrashuv chogʻida Oʻzbekiston va Xitoy strategik sherikligini mustahkamlash bilan bogʻliq boshqa masalalar ham muhokama qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?