GTAI: Oʻzbekiston – Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda iqtisodiy jihatdan oʻsishga erishayotgan yagona mamlakat

13:39 09 Iyul 2020 Iqtisodiyot
432 0

Germaniyaning “Industrielle Automation” internet nashri veb-sahifasida nashr muharriri Mari-Kristin Kryugerning “Koronavirus pandemiyasi davrida energetika siyosatidagi burilish” nomli maqolasi chop etildi, deb xabar berdi “Dunyo” AA.

Maqolada mamlakatimiz hukumati tomonidan pandemiya sharoitidagi inqiroz davrida olib borilayotgan energetika siyosati xususida soʻz yuritilgan. 

Muallif oʻz maqolasida DENA – Germaniya energetika agentligining mamlakatlar oʻrtasida tashkil etilgan “Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlarida shahar energetika infratuzilmasi” mavzusidagi muloqot maydoni haqida xabar berib, agentlikni ushbu mintaqalarda siyosiy va iqtisodiy subyektlar oʻrtasida hamkorlikka koʻmaklashayotganini taʼkidlaydi.

Germaniyalik jurnalistning GTAI (Germany Trade & Invest) tashkilotiga asoslanib xabar berishicha, Markaziy Osiyo mintaqasida hal qiluvchi mavqega ega Oʻzbekiston pandemiyaning iqtisodiyotga salib taʼsirini kamaytirish boʻyicha majmuaviy chora-tadbirlarni ishlab chiqdi. Karantin davrida tadbirkorlarga iqtisodiy yengillik va imtiyozlar berilayotgani, hukumatning tashqi savdoni qoʻllab-quvvatlayotgani shular jumlasidan. “Oʻzbekiston iqtisodiyoti pandemiya boshlanmasidan oldin taxmin qilingan 5,5 foiz emas, hatto 1,8 foiz oʻsishga erishsa ham, mazkur inqiroz sharoitida Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari orasida iqtisodiy jihatdan yuksalishga erishgan yagona mamlakat boʻlib qolmoqda”, deya GTAI maʼlumotini keltiradi nemis jurnalisti.

“Energetika sohasini modernizatsiya qilish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanishga urgʻu bergan holda uning koʻlamini kengaytirish masalasi Oʻzbekiston hukumatining iqtisodiy siyosatida muhim oʻrin tutadi. Buning sababi oddiy: iqtisodiyotni qayta isloh qilish va barcha sohalarda rejalashtirilgan koʻplab investitsiya loyihalarini amalga oshirish, oʻz navbatida, elektr energiyasini ishlab chiqarishni jadal surʼatlarda oshirish, uzluksiz yetkazib berish va taqsimlashni talab etadi. Joriy yilning may oyi boshida hukumat tomonidan sohada qabul qilingan yangi va uzoq muddatli rejalar elektr ishlab chiqarish quvvatini jadal kuchaytirish, yaʼni bugungi 12,9 ming megavatt oʻrniga 2030-yilga borib 29,3 megavattga yetkazib, sohada barqarorlikka erishishni koʻzda tutadi.

Maqolada, shuningdek, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlarida energiya eksporti rivojlanishi borasida soʻz boradi. Koronavirus inqirozining mintaqa energetika tizimiga burilish yasash yoki sohaga taʼsiri bir xil emas. Bir tomondan qaraganda, koʻpgina holatlarda energiya eksportidan tushadigan daromadning pasayishi va sarf-xarajatlarning koʻpaygani sababli mablagʻlar kamayib ketmoqda. Boshqa jihatdan inqiroz energiya eksport qiluvchi davlatlar iqtisodiyoti bir tomonlama yoʻnaltirilishining salbiy oqibatlarini aniq koʻrsatib berdi”, deyiladi maqolada.

Taʼkidlanishicha, qayta tiklanuvchi energiya manbalari yoqilgʻiga qaraganda istiqbollidir. Markaziy Osiyo mintaqasida energiya samaradorligi va qayta tiklanuvchi energiya manbalari, xususan, Oʻzbekistonda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu kabilardan kelib chiqib, Germaniya energetika agentligi mintaqa mamlakatlari bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?