Green Card egalari AQSHdan deport qilinishi mumkin

14:04 23 Iyul 2019 Dunyo
485 0

AQSH prezidenti Donald Tramp maʼmuriyatining yangi taklifi mamlakatda qonuniy tarzda muqim yashab kelayotgan immigrantlarni deport qilish jarayonlarini sezilarli ravishda yengillashtiradi.

Ular ijtimoiy imtiyoz va qulayliklardan foydalanib kelayotgan fuqarolar, jumladan, Green Card egalariga ham taalluqlidir. Ayni paytda ushbu davlat kam daromad topadigan insonlar immigratsiyasini cheklash boʻyicha saʼy-harakatlar olib boryapti, deb yozadi Reuters.

Adliya departamentining shu boʻyicha qarori loyihasida imtiyozlardan foydalanib kelayotgan insonlar toifasi keskin kengaytiriladi.

Hozirgi qoidalarga koʻra esa “jamiyatga ortiqcha yuk” deya tasniflangan AQSHning qonuniy aholisi vakillari ham deport qilinishi mumkin. Yaʼni ular davlat koʻmagi va imtiyozlariga haddan tashqari koʻp bogʻlanib qolgan shaxslardir. Biroq amaliyotda bunday holatlar kamdan-kam roʻy beradi.

Yangi qarorda esa “jamiyat uchun ortiqcha yuk” tushunchasi yanada kengaytiriladi. U oʻz ichiga endi qator imtiyozlar, xususan, yordam puli, ovqat taloni, turar joy yordami yoki Medicardʼdan foydalanib kelayotgan immigrantlarni ham oladi.

Hozircha ushbu reja dastlabki bosqichda boʻlib, rasmiy davlat siyosati hisoblanmaydi va oʻzi bilan koʻplab sud daʼvolarini keltirib chiqarishi mumkin.

Biroq Tramp maʼmuriyati qonuniy immigratsiyani cheklash Qoʻshma Shtatlarga noqonuniy immigratsiyani qisqartirish boʻyicha olib borilayotgan ishlarni toʻldiradi deb hisoblamoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?