“Gʻoʻzapoya uchungina MEHNAT qilardik”

17:07 12 Sentyabr 2019 Jamiyat
142 0

Illyustrativ foto

Daladan uyga Yangi yil sovgʻasi bilan borganim kechagidek yodimda. Xotinim ajablandi. Bolalar xursand boʻlishdi. Oʻzim ham rosa suyundim. Axir insof yuzasidan ayting: qachon dehqonga Yangi yil sovgʻasi berilgan?

Gap sovgʻada ham emas, eʼtiborda. Tumanimizda klaster usuli asosida ishlovchi korxona tashkil etildiyu yelkamizga oftob tegdi. Roʻzgʻorga baraka kirdi. Mana, oʻzimni olib koʻring. Ilgari fermer xoʻjaligida ishlardim. Dalada yurardimu xayolim uyda, bola-chaqada, qora qozonda edi. Oʻksinardim. Bunaqada bolalarimning orzu-havaslarini qanday qilaman, degan xavotirda yashardim. Negaki, maoshning tayini yoʻq edi. Fermer himmati bilan yiliga bir marotaba uyga kiradigan 500 — 600 kilo bugʻdoy roʻzgʻordan ortmasdi. Bor umid bir parcha tomorqayu ogʻildagi sigirdan edi. “Loaqal, molimga bir qop oʻt terib qaytaman” degan ilinjda dalaga chiqqanimiz ham rost. Qishlogʻimizdagilar oʻsha damlarni eslab, “Gʻoʻzapoya uchun ishlardik”, deyishadi. Bu ayni haqiqat.

Bugun yaxshi ishlagan kishi kam boʻlmayapti. Mehnatimizga yarasha maosh olyapmiz. Issiq ovqat taʼminoti yoʻlga qoʻyilgan. Biz, suvchilarga rezina etik, fonarlar tarqatilgan. Dam olishimiz uchun qurilgan dala shiyponini koʻrsangiz, hayron qolasiz. Shinam, koʻrkam. Muhimi, mehnatimiz qadr topdi. Roʻzgʻorimiz but. Orzu-havaslarimizga yetyapmiz. Ish izlab olis oʻlkalarga borishga hojat qolmadi. Bilishimcha, ilgari korxonamizga qarashli 8 ming gektar maydonda dehqonchilik qilgan fermer xoʻjaliklarida atigi 450 kishi ishlagan. Hozir esa uch ming besh yuz kishi mehnat qilmoqda. Shuncha kishining qoʻliga durustgina maosh tegyapti. Roʻzgʻoriga qut-baraka kiryapti. Qisqasi, xalqimiz bugun baxtli yashashi kerak, degan ezgu niyat roʻyobini men hayotimdagi shunday oʻzgarishlar misolida koʻryapman.

Otabek SHARIPOV,

Romitan tumanidagi “BCT CLUSTER AGROKOMPLEKS”

masʼuliyati cheklangan jamiyati ishchisi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?