“G‘o‘zada kafolatli hosil yaratish zarbdor oyligi” e’lon qilindi

10:11 01 Iyun 2018 Iqtisodiyot
542 0

Joriy yilning 29 may kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida bugungi kunda g‘oyat dolzarb bo‘lib turgan masalalar, shu jumladan, qishloq xo‘jaligida g‘o‘za parvarishi, g‘alla o‘rimi, takroriy ekinlar va suvdan oqilona foydalanish kabi muhim tadbirlarni samarali o‘tkazish muhokama etilib, mamlakatimizda 1 iyundan 1 iyulgacha “G‘o‘zada kafolatli hosil yaratish zarbdor oyligi” deb e’lon qilindi.

Suv resurslari cheklangan mintaqamiz tuproq-iqlim sharoitida dehqonchilik taqdiri tabiat bilan chambarchas bog‘liq. Ayniqsa, bu yil bahorning salqin hamda quruq kelishi paxta yetishtirishda jiddiy muammolarni keltirib chiqaryapti. Chunki g‘o‘za rivojlanishi o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan ancha orqada qolmoqda. Bu esa ekin parvarishiga jiddiy e’tibor qaratib, barcha agrotexnika tadbirlarini jadallashtirishni taqozo etadi.

Darhaqiqat, joriy mavsumdagi murakkab ob-havo sharoitida mo‘l hosil yetishtirmoqchi bo‘lgan fermerlar, eng avvalo, g‘o‘za qator oralariga sifatli ishlov berishlari darkor. Bu jarayonda kultivatordagi ishchi organlar soniga va ishlov berish chuqurligiga alohida e’tibor qaratilishi zarur. Nega deganda, iyun oyida birinchi hamda ikkinchi kultivatsiya o‘rtasida chizel-kultivator yordamida 25 — 30 santimetr chuqurlikda yumshatilsa, g‘o‘za ildiz tizimi baquvvat rivojlanishiga, yer osti suvlaridan samarali foydalanishga qulay sharoit yuzaga keladi.

Shunday ekan, bugungi mas’uliyatli pallada mexanizatorlar dehqonning yonida turishi, tuproq yetilishi bilan qator oralariga kultivatorni kechiktirmasdan kiritishi joiz. Ana shunda o‘simlikning oziqlanish tizimi yaxshilanadi, yosh nihollarning ildiz chirish va gommoz kasalliklari bilan zararlanishining oldi olinadi. Eng muhimi, taralgan suvning 50 foizgacha behuda isrof bo‘lishi bartaraf etiladi.

G‘o‘za o‘suv davrida o‘g‘itlansa, ozuqa moddalar bilan yetarli darajada ta’minlanib, unga mador bag‘ishlaydi. Mineral o‘g‘itni nihollar yaxshi o‘zlashtirishi uchun oziq moddalar ildiz o‘sish qatlamiga yaqin solinishi zarur. Mazkur agrotadbirni rivojlanishdan orqada qolayotgan g‘o‘zalarda qo‘llash chog‘ida organik hamda mineral o‘g‘itlar aralashmalaridan foydalanilsa, yanada yaxshi samara berib, uning rivojini tezlashtiradi.

Tajribadan ma’lumki, hosil taqdiri hal bo‘ladigan ayni shu kunlarda g‘o‘za maydonlarining har gektariga 250 — 300 kilogrammdan 2 marta mahalliy o‘g‘it berilsa, tuproqdagi mavjud mikroorganizmlar faoliyati jadallashib, mineral o‘g‘itlar samaradorligi 50 foizgacha oshadi. Nihollarni mahalliy o‘g‘itlar tarkibidagi makro va mikroelementlar bilan qo‘shimcha oziqlantirish imkoniyati ortadi. Sug‘orilgandan keyin esa tuproqdagi namning bug‘lanishini 50 foiz, to‘plangan hosilning to‘kilishini 25 — 30 foiz kamaytirib, hosil salmog‘ini 20 — 25 foiz oshiradi. G‘o‘zalar shonalash hamda gullash davrlarida gektariga 500 — 700 kilogramm quruq mahalliy o‘g‘it azotli o‘g‘itlar bilan birga berilsa, paxta hosilini gektariga 2 sentner oshiradi.

Bu yilgi ekstremal sharoitda ekinning yaxshi o‘sib, baravj rivojlanishini istagan fermer g‘o‘zani qo‘shimcha ravishda bargidan oziqlantirishni e’tibordan qochirmasligi zarur. Suspenziya sepish me’yorlari nihollarning rivojlanish darajasiga, barg sathi yuzasiga, ko‘chat qalinligiga va qolaversa, ildiz orqali qo‘llanilgan o‘g‘it me’yorlariga qarab belgilanadi. Mazkur yumushni ertalab hamda kechqurun havo harorati 20 — 25 darajadan oshmagan paytda bajarish tavsiya qilinadi.

G‘o‘zalar shonaga kirgach, azotli va kaliyli, gulga kira boshlaganda esa azotli hamda fosforli o‘g‘itlar berilishi lozim. Oziqlantirishning oxirgi muddati g‘o‘za gullay boshlashining 10-kuniga to‘g‘ri kelishi ayni muddaodir. Bundan kechiksa, ekinning rivojlanish davri cho‘zilib ketishiga olib keladi.

Joriy yildagi suv taqchilligi sharoitida agrotexnika tadbirlari orasida g‘o‘zani sug‘orish texnologiyasiga alohida yondashish talab etiladi. Har bir maydon uchun sug‘orish muddatlari va me’yorlari hududning suv bilan ta’minlanganligi, tuproq xususiyatlari hamda sizot suvlari chuqurligi hisobga olingan holda belgilanishi o‘ta muhim. Ana shundagina g‘o‘zaning bir me’yorda o‘sishiga, ertagi, mo‘l va sifatli hosil to‘planishiga mustahkam poydevor qo‘yiladi.

Egatlar uzunligini qisqartirish suvdan tejamli foydalanishning oqilona yo‘llaridan biridir. Shuni hisobga olib, suvni yaxshi o‘tkazadigan o‘tloq hamda yengil qumoq tuproqlarda g‘o‘za qator oralari 60 santimetr bo‘lganda, egatlar uzunligi 60 — 70 metrdan, suvni sust shimadigan, og‘ir tuproqli yerlarda 80 — 90 metr, qator oralari 90 santimetr bo‘lgan paykallarda esa tegishli ravishda 80 — 90 va 90 — 100 metrdan oshmasligi kerak.

Shu bilan birga, bu yilgi sharoitda g‘o‘zani ko‘chma egiluvchan quvurlar yordamida sug‘orish texnologiyasini keng qo‘llash tavsiya qilinadi. Bu usul tatbiq etilganda, suv egatning 75 foiziga yetgach, ikki baravar kamaytirish, egat oxiriga borganda esa yana ikki baravar kamaytirib, tadbirni o‘zgaruvchan oqimda doimiy jildiratib bajargan ma’qul. Zotan, suvdan tejab-tergab foydalanish, mazkur nozik agrotexnika tadbirini sifatli o‘tkazish yuqori hosil olish garovidir.

Paxtakorlarimiz iyun oyining har bir damini g‘animat bilib, g‘o‘zani chanqatmasdan sug‘orish, kultivatsiyalash, zararkunanda hasharotlar hamda xavfli kasalliklarga qarshi kurashish kabi tadbirlarni o‘z vaqtida, maromida bajarsalar, hech shubhasiz, paxta xirmonimiz yuksak bo‘ladi. Shunday ekan, hosilga hosil qo‘shiladigan hozirgi o‘ta mas’uliyatli pallada tunni tongga ulab, fidokorona mehnat qilish har birimizning burchimizdir. Unutmaylik, bugungi mashaqqatli mehnat evaziga keladigan daromaddan, eng avvalo, o‘zimiz bahramand bo‘lamiz. Qolaversa, u iqtisodiyotimizning barqaror rivojlanishi, yurtimiz obod, turmushimiz yanada farovon bo‘lishiga xizmat qiladi.
Shodmon NAMAZOV,
Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti direktori,
Feruza HASANOVA,
institut laboratoriya mudiri, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?