Go'sht narxi atrofidagi shov-shuvlar vs haqiqatlar

21:02 12 Iyul 2019 Iqtisodiyot
2939 0

Goʻsht narxi atrofidagi shov-shuvlar va haqiqatlar

Bugun eng koʻp muhokama qilinayotgan mavzu — bu goʻsht bahosi boʻlib turibdi. Chunki ijtimoiy tarmoqlar, internet nashrlarida mol goʻshtining kilosi 60 ming soʻmga koʻtarilib ketgani haqida axborot tarqalgach, uning atrofida turli fikrlar aylana boshladi.

Biroq ushbu raqam bilan Oʻzbekiston Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi bozorlardagi narx-navoni oʻrgangan holda, taqdim etgan maʼlumotlardagi koʻrsatkich oʻrtasidagi tafovut ancha katta ekanligi har qanday kishini hayron qoldiradi. Negaki, 2019-yil 7-iyul holatiga koʻra, mol goʻshti 28 000 soʻmdan 42 000 soʻmgacha, qoʻy goʻshti esa 32 000 soʻmdan 45 000 soʻmgacha sotilgani maʼlum qilingandi.

Vaziyatni oʻrganish, real holat bilan yaqindan tanishish maqsadida “Eski juva dehqon bozori” aksiyadorlik jamiyati tomon yoʻl oldik.

Saraton issigʻi zabtiga olgan boʻlsa-da, bozorda har doimgiday hayot qaynamoqda. Odam gavjum. Goʻsht rastalari oldi ham. Xaridorlarni gapga solamiz.

— Mol goʻshtini 34 ming soʻmdan oldim, — deydi oʻzini Abdulla Ashrafxonov deb tanishtirgan otaxon. — Oʻzining kichkina suyagini aytmasa, suyak ham qoʻshib bergani yoʻq. Goʻsht suyaksiz boʻlmaydi-da!

Har doim shu bozordan savdo qiladigan bu xaridor goʻsht narxining oshganini sezmaganini aytadi. Bu gapni goʻsht xarid qilayotgan keksa pedagog Tursinoy Mirhamidova, olmazorlik pensioner Erkin Ikromov ham tasdiqladi. Yunusobodlik Zuhra Ashrapova esa narx-navo bundanam arzon boʻlishini xohlashini aytadi.

Savdo rastalarida mol goʻshtining bir kilogrammi 34-39 ming soʻm ekanligi yozib qoʻyilibdi. Shu narxda sotilayotganiga ham guvoh boʻlyapmiz. Unda 60 ming soʻmlik narx qayerdan paydo boʻldi?

— Kuniga oʻrtacha 100 kilo goʻsht sotaman, lekin hali 60 ming soʻmga chiqqani yoʻq, — deydi qassob Miraʼzam Isʼhoqov. — Eng baland sotganim 42-43 ming boʻlgan. Bugundan 39 ming soʻmdan sotyapman.

Narxning 3-4 ming soʻmga pastlashi tadbirkorga zarar emasmi? Goʻsht bahosi arzonlashishiga nima taʼsir qildi? Shu savollarga javob olish uchun goʻsht yetkazib beruvchi tadbirkor — “Turkiston chorva xoʻjaligi” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Muzaffar Musamuhamedovni suhbatga tortamiz.

— Faoliyatimiz boʻrdoqichilikka ixtisoslashtirilgan boʻlib, ayni paytda 100 bosh buqa boqyapmiz, — deydi u. — Ammo ular bilan buyurtmalarni toʻliq taʼminlash olmaymiz. Shuning uchun importni yoʻlga qoʻyganmiz. Qozogʻistondan kuniga oʻrtacha 60 bosh qoramol olib kelib, soʻyib sotamiz. Ularning har biri 250 kilogrammdan goʻsht qiladi. Ilgari 42-43 ming soʻmdan sotgan boʻlsak, hozir 39 ming soʻmdan sotib, ziyon qilayotganimiz yoʻq. Har bir kilogrammidan oʻrtacha ming soʻmdan sof foyda olyapmiz. Bozor maʼmuriyati tomonidan tekinga joy va sovitkich, davlat tomonidan soliq imtiyozlari berilgani tufayli daromadimiz koʻpaymoqda. Shuning uchun Chilonzor bozorigayam bitta savdo nuqtasi faoliyatini yoʻlga qoʻydik.

Qiziq, xaridor ham, sotuvchi va yetkazib beruvchi ham goʻsht narxining oshganini birdek inkor qilyapti. Unda ijtimoiy tarmoqlardagi bahs-munozaralar shunchaki havoyi gapmi?

Suhbatdoshimizning izoh berishicha, 60 ming soʻmlik goʻsht yoʻq emas, bor. U bitta buqadan atigi 2 kilogramm chiqadi, xolos. Biqin atrofiga bu goʻsht, asosan, steyk va maxsus kabob uchun olinadi. Aholi uy-roʻzgʻori uchun ishlatmaydi. “Ana shu arzimagan miqdordagi goʻsht bahosi oʻrtacha narxga u qadar taʼsir qilmaydi va shov-shuv koʻtarishga arzimaydi”, deya qoʻshimcha qiladi tadbirkor.

“Eski juva dehqon bozori” aksiyadorlik jamiyati bosh mutaxassisi Avaz Yunusovning aytishicha, bozorda kuniga oʻrtacha 12-20 tonna goʻsht sotiladi. Narx-navoning oshib ketmasligining oldini olish, aholiga qoʻshimcha qulayliklar yaratish, shuningdek, viloyatdan kelgan qassoblarga goʻsht mahsulotlarini emin-erkin sotish uchun Toshkent shahrida 150 ta qoʻshimcha goʻsht rastasi tashkil etilgan. Shundan 20 tasi “Eski juva dehqon bozori” hissasiga toʻgʻri keladi. Ayni paytda ularning 18 tasi goʻsht mahsulotlari bilan taʼminlangan.

— Internet saytlarida goʻsht narxi boʻyicha eʼlon qilingan maʼlumotlarni haqqoniy, deb hisoblamaymiz, — deydi “Oʻzbekchorvanasl” agentligi bosh direktorining birinchi oʻrinbosari Ziyadulla Pirnazarov. — Biz Toshkent shahridagi bozorlarni monitoring qilganimizda, oʻrtacha narx 34-40 ming soʻm atrofida ekanligi maʼlum boʻldi. Hozir ham shunday. Oradagi 20 ming soʻmlik farq haqiqatdan ancha yiroq.

Bozor iqtisodiyotida narx-navo talab va taklif asosida shakllanadi. Shuning uchun zimmamizga yuklatilgan vazifalardan kelib chiqib, chorvachilikni rivojlantirish, goʻsht narxi oshishiga taʼsir qiluvchi faktorlarni kamaytirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar koʻryapmiz. Bunda asosiy eʼtibor kuchli ozuqa va yem mahsulotlarini maqbul narxlarda yetkazib berishga qaratilgan.

Darhaqiqat, boʻrdoqichilikda ozuqaning oʻrni gʻoyatda katta. Chunki bir kilogramm goʻsht narxining qariyb 65 foizini yem xarajatlari tashkil etarkan. Biroq keyingi paytda paxta shroti birja savdolariga 1918 soʻm boshlangʻich baho bilan qoʻyilib, narxining 15 foiz oshgan holda, sotilsa, doʻkondan to chorvador qoʻliga yetib borgunicha 145 foizgacha, omixta yem esa 136 foizgacha oshib ketayotgan ekan. Agar mamlakatimiz mavjud chorva mollarining 94 foizi aholi va dehqon xoʻjaliklari tasarrufida ekanligini inobatga olsak, bitta buqa boqish xonadon byudjetidan ancha-muncha xarajat talab qilishi oydinlashadi.

Shuning uchun ayni paytda boʻrdoqichilikni rivojlantirish maqsadida qabul qilingan uch yillik dastur asosida 240 ta majmua tashkil etish ishlari boshlab yuborilgan. Xususan, shu yilning oʻzida 107 ta boʻrdoqichilik majmuasi foydalanishga topshirilishi, buning evaziga 7 ming tonna qoʻshimcha goʻsht yetishtirishga erishilishi kutilmoqda. Shuningdek, qishloq xoʻjaligi ekinlarini almashlab ekish hisobiga beda maydonlarini kengaytirish tadbirlari koʻrilmoqda. Masalan, hozirgi paytda 230 ming gektarga takroriy ekin sifatida makkajoʻxori ekish ishlari yakunlanayotgan boʻlsa, kuzda 105 ming gektar oraliq ekinlar ekish rejalashtirilgan. Bularning bari goʻsht narxini arzonlashishiga xizmat qiladi, albatta.

Shu oʻrinda yana bir mulohaza. Respublika aholisining goʻshtga boʻlgan ehtiyojini qondirishda faqat mol va qoʻsh goʻshtiga tayanib qolinmasligi kerak. Yer va suv resurslari, yaylovlar cheklangan sharoitda qoramolchilik nisbatan katta xarajat talab etishidan koʻz yumib boʻlmaydi. Shuning uchun sohada noanʼanaviy yoʻnalishlarni rivojlantirish orqali mahsulotlar turini koʻpaytirish, tannarxini esa arzonlashtirish mumkin. Bunda kurkachilik, quyonchilik, oʻrdak va gʻozchilik, baliqchilik kabi tarmoqlar qoʻshimcha imkoniyatlarni yuzaga keltirib, oziq-ovqat mahsulotlari, shu jumladan, goʻshtning narxi aholiga maqbul darajada boʻlishiga erishishda qoʻl keladi.

Said RAHMONOV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?