Gʻofurjon Mirzayev: Maktabni boshqarishda xalqning oʻrnini belgilashdek katta oʻzgarishga qoʻl urilmoqda, yaʼni xalq vakillari bilan maktab birlashdi

14:51 28 Oktyabr 2020 Jamiyat
148 0

Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining bugun oʻtkazilgan oʻn uchinchi sessiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda taʼlim-tarbiya tizimini yana-da takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni loyihasi muhokama etildi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

"Viloyatimizda bugungi kunda 367 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlari, 313 ta umumtaʼlim maktablari, 11 ta kasb-hunar maktabi, 6 ta kollej, 6 ta texnikum va 2 ta oliy taʼlim muassasalarida jami boʻlib 200 ming nafarga yaqin viloyat yoshlari taʼlim-tarbiya olmoqda.

Agar viloyat aholisini 857 ming nafarligini eʼtiborga olsak, har kuni 25 foiz, yaʼni chorak qism aholimiz taʼlim bilan bevosita bogʻchada, maktabda, kollej, texnikumda va institutda toʻqnashadi.

Tahlil va natijalar asosida taʼlim-tarbiya tizimining amaldagi holatini zamon talablariga moslashtirish, yoshlarni yuksak bilim-maʼrifat egalari, jismoniy va maʼnaviy sogʻlom insonlar etib tarbiyalash, oʻqituvchi-pedagoglar nufuzini oshirish, ularning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish boʻyicha qatʼiy va izchil chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab etilmoqda.

Shuning uchun ham muhtaram Prezidentimizning “Mamlakatimiz taʼlim-tarbiya tizimini yana-da takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni loyihasi keng va qizgʻin muhokama qilinmoqda. Bugungacha farmon loyihasi yuzasidan pedagoglar, ota-onalar va keng jamoatchilikdan 300 dan ziyod taklifilar kelib tushgan boʻlib, viloyat Kengashi deputatlari, mutasaddi tashkilot rahbarlari bilan birga har bir taklif oʻrganildi.

Sessiyada Sirdaryo viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi A.Abduraxmonov farmon loyihasi yuzasidan ishlab chiqilgan takliflar va ularning ahamiyati haqida deputatlarga maʼlumot berdi. Jumladan, farmon loyihasi boʻyicha 13 ta taklif, yaʼni 1 ta yangi Qonun loyihasi ustida ishlash va Farmon loyihasidagi 12 ta bandga qoʻshimcha, oʻzgartirish kiritish boʻyicha taklif bildirildi.

Sessiyada deputatlar, taʼlim sohasi vakillari ham mavzu yuzasidan oʻz taklif va mulohazalarini bildirdi.

— Farmon loyihasida maktabni boshqarishda xalqning oʻrnini belgilashdek-katta oʻzgarishga qoʻl urilmoqda, yaʼni xalq vakillari bilan maktab birlashdi, – dedi viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayev. – Farmonni oʻqish, oʻrganish davomida shunday xulosa qilish mumkinki, mamlakatimizda “III Renessans” yoki “Yangi uygʻonish davri” uchun tamal toshi qoʻyilmoqda. I, II- Renessanslar vujudga kelish tarixini oʻrganganimizda 3 ta muhim manba boʻlgan ekan, bu- birinchidan obodonchilik, ikkinchidan- ilm ahli va ziyoliga hurmat-eʼtibor, uchinchidan- xalqni kitob oʻqishga ragʻbatlantirish. Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida, 4 yillik tariximiz davomida bizda ana shunday makon, manba yaratildi, ushbu Farmon barchamiz uchun nafaqat taʼlim, balki Yangi Oʻzbekiston kelajagi uchun huquqiy, siyosiy va ijtimoiy asosdir.

Bildirilgan takliflar umumlashtirilib, Kengashning tegishli qarori qabul qilindi" deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?