Gʻofirjon Mirzayev: “Oson emas jahon ichra davlat qurish”

16:31 01 Avgust 2019 Jamiyat
284 0

Xabar berganimizdek, media-tur qiziqarli muloqotlar asosida davom etyapti.

Tushlikdan soʻng Sirdaryo viloyat hokimi jurnalistlar bilan uchrashdi. Uchrashuv viloyat markazida qad rostlagan mehmonlarni qabul qilish binosida oʻtkazildi.

- Bu muhtasham bino bir yil davomida qurib bitkazildi, - deydi viloyat hokimi uchrashuvda. - Sizlar eng baxtli insonlarsizlar. Negaki, bino bitgach birinchi mehmonimiz sizlar boʻldilaringiz. Ilgari viloyatimiz choʻlga qiyoslanardi. Bugun esa, aksincha, obod maskanga aylanmoqda. “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Obod markaz” dasturlari bunda muhim oʻrin tutmoqda. Yana ikki yildan keyin hudud butunlay oʻzgaradi. Biz investitsiya kiritish, aholi bandligini taʼminlash boʻyicha jiddiy ishlayapmiz. Bundan 2-3 yil ilgari 8 tuman dotatsiyada edi. Bugun ishni toʻgʻri tashkil qilganimiz uchun vaziyat oʻzgardi, yaʼni birgina oʻtgan yili davlat byudjetiga 3 mlrd.ga yaqin mablagʻ tushirdik. Bu yil YAIMni 1,5 trln.ga yetkazishni koʻzlab turibmiz. Qolaversa, yilyakunina qadar 178 mln. dollar investitsiya kiritmoqchimiz. Bu boradagi reja dastlabki olti oyda qariyb 60 foizga bajarildi. Bu viloyatning 850 mingdan ortiq aholi farovonligi uchun muhimdir.

Hokim oʻz soʻzida pastda ishlash qiyinligini, lekin shunday boʻlsada Prezidentimiz tomonidan berilayotgan barcha topshiriqni bajarishni aytib oʻtdi. Jumladan, shunday dedi: “Oson emas jahon ichra davlat qurish....”

Hokim uchrashuvni yakunlar ekan, shu yil sentyabrda bir qator yirik forumlar oʻtkazilishini va ularda ishtirok etish uchun taklif qildi. Shuningdek, viloyatda amalga oshirilayotgan ishlarni yoritishda jurnalistlarga suyanishini taʼkidladi.

Media-tur davom etmoqda.

Rahim Sherqulov,
Ahmadali Shernazarov,
“Xalq soʻzi Onlayn”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?