GM Uzbekistan yana bir avtosalon bilan dilerlik kelishuvini bekor qildi

11:54 12 Noyabr 2018 Iqtisodiyot
647 0

“Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati monitoring davomida aniqlangan qonunbuzarliklar sabab GM Uzbekistan “Qashqadaryo Avtotexxizmat” masʼuliyati cheklangan jamiyati bilan dilerlik kelishuvini bekor qildi.

Avtosalon faoliyati, shuningdek, avtomobillar saqlanayotgan omborxonalarda aniqlangan qoidabuzarliklar kelishuv bekor qilinishiga olib keldi, deyiladi GM Uzbekistan rasmiy saytida eʼlon qilingan xabarda.

Joriy yilning yanvar oyidan hozirgi davrga qadar GM Uzbekistan kompaniyasiga jismoniy va yuridik shaxslardan “Qashqadaryo Avtotexxizmat” MCHJ dilerlik korxonasi faoliyatiga doir 420 murojaat kelib tushgan. Shundan 117 murojaat dilerlik korxonasining mijozlarga nisbatan qoʻpol va haqoratomuz harakatlari bilan bogʻliq. Shuningdek, 10 murojaatda mijozlar tomonidan “Qashqadaryo Avtotexxizmat” MCHJ xodimining korrupsion harakatlariga oid dalillar keltirilgan.

Avtomobillar sotishni hisobga olishga doir hujjatlar oʻrganilganda dilerlik korxonasi va mijoz oʻrtasida imzolanmagan shartnomalar mavjudligi aniqlandi. Shartnomalar va boshqa hujjatlar oʻrganilganda mijozlarning imzolari haqqoniy emas deb gumon qilindi. Ushbu hujjatlarning haqqoniyligini aniqlash maqsadida ekspertiza uchun tegishli idoralarga taqdim etiladi.

Avtomobili hali berilmagan 487 ta shartnomalar oʻrganilganda mijozlar imzosi boʻlmagan 47 ta shartnoma borligi aniqlangan. Dilerda mavjud avtomobillar hisob-kitob qilinganda omborda ortiqcha saqlanayotgan avtomobillar mavjudligi ham maʼlum boʻlgan.

Avtomobilini kutayotgan ayrim xaridorlarga qoʻngʻiroq qilinganda ularga avtomobillari salonga yetkazilganligi haqida ogohlantirilmaganliklari kuzatilgan. Bundan tashqari, ayrim xaridorlar 2018 yilning 10 sentyabridan 6 noyabriga qadar GM Uzbekistan aksiyasi doirasida “Spark“ avtomobilini xarid qilgan xaridorlarga velosipedlar olish uchun vaucher berilmaganligi qayd etilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?