GM Uzbekistan baʼzi avtomobillarini muddatli toʻlov evaziga sotish aksiyasini eʼlon qildi

17:56 13 Fevral 2019 Jamiyat
2016 0

GM Uzbekistan AJ va “Oʻzagrosugʻurta” AJ avtomobil xarid qilish istagida boʻlgan mijozlarga qoʻshimcha qulaylik yaratish maqsadida jismoniy shaxslarga Chevrolet Malibu va Tracker avtomobillarini muddatli toʻlov orqali sotib olish boʻyicha yangi xizmatni ishlab chiqdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Xalq soʻzi“ga maʼlum qildi.

Endilikda xaridor Tracker avtomobili puliga (215 mln soʻm) Malibu, Lacetti puliga esa (128 mln soʻm) Chevrolet Tracker xarid qilishi mumkin.

Yangi sugʻurta turi Chevrolet Malibu va Chevrolet Tracker avtomobillari uchun aynan ushbu miqdordagi dastlabki toʻlovni amalga oshirib, ushbu avtomobillarning egasiga aylanish imkonini beradi. Avtomobilning qolgan summasi 12 oy davomida foizsiz boʻlib toʻlanadi.

Masalan bunda 215 mln 680 ming 575 soʻmlik TRACKER AT markali avtomobilini dastlabki toʻlov - 128 mln 679 ming 875 soʻm (Lacetti 3-pozitsiyaning puli) evaziga sotib olish va qolgan toʻlovni 12 oy davomida - har oy 7 mln 250 ming soʻmdan toʻlab borish mumkin boʻladi.

275 mln 781 ming 751 soʻmlik MALIBU-2 uchun esa dastlabki toʻlov - 215 mln 680 ming 575 soʻm (Tracker AT ning puli)ni toʻlab, qolganini 12 oy davomida - har oy 5 mln 8 ming soʻmdan toʻlash mumkin boʻladi.

Aksiya 14 fevraldan 1 martga qadar amal qiladi. Aksiya boʻyicha ajratilgan avtomobillar soni chegaralangan. Qayd etish joizki, mazkur aksiyada faqat dilerlarda mavjud boʻlgan ushbu modeldagi avtomobillar ishtirok etadi.

Shartnoma tuzilgan vaqtda “Oʻzagrosugʻurta” mutaxassislari oʻsha joyning oʻzida muddatli toʻlovga berilayotgan summaning 3% miqdorida moliyaviy xatardan, shuningdek muddatli toʻlov summasining garov qiymatidan 1% miqdorda sugʻurta polisini rasmiylashtiradi. Avtomobil uchun toʻliq toʻlov amalga oshirilmaguniga qadar dilerda garovda boʻladi. Oylik toʻlovlar shartnoma tuzilgan sanadan keyingi oyning har 15 sanasigacha amalga oshirilishi lozim.

Qayd etish joizki, shartnoma muddati va toʻlov shartlari buzilishga yoʻl qoʻyilgan taqdirda kelishuv bekor qilinadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?