“GM Uzbekistan” AJ toʻrtinchi chorakda 87 ming dona avtomobil ishlab chiqaradi

10:02 14 Noyabr 2018 Iqtisodiyot
494 0

Davlatimiz rahbari Andijon viloyatiga tashrifi chogʻida “GM Uzbekistan” AJdagi ish jarayoni bilan tanishib, uning faoliyatiga tanqidiy baho bergan edi.

Bu esa jamoani yangicha ishlash, dunyo tajribasidan foydalangan holda, iqtisodiy samaradorlikka erishishga undadi. Natijada Rivojlanish konsepsiyasi ishlab chiqildi.

Unga binoan, 2025 yilga qadar korxonada kadrlar siyosatini tubdan oʻzgartirish, texnologik yangilanishlarga asos solish, yangi modellarni joriy etish kabi oʻnlab masalalar yuzasidan aniq rejalar tuzildi.

Konsepsiya hozirdanoq oʻzining ijobiy samarasini bera boshlagani eʼtiborga molik. Buni quyidagi raqamlardan ham bilish mumkin. Misol uchun, yilning birinchi choragida mahsulot ishlab chiqarish koʻlami 40 ming donani tashkil etgan boʻlsa, bu koʻrsatkich uchinchi chorakda 50 mingtaga yetdi. Toʻrtinchi chorakda esa 87 ming dona avtomobil ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Zavodda bu qadar yuksak koʻrsatkich ilk marotaba kuzatilayotganini hisobga olsak, Rivojlanish konsepsiyasi iqtisodiyotimiz uchun ham, mijozlar talab-istaklari uchun ham muhim ahamiyatga ega ekanligiga amin boʻlamiz.

Avtomashina ishlab chiqarish jarayoni murakkab bosqichlarni oʻz ichiga oladi va bir dona avtomobilni tayyorlash uchun 5 mingdan 10 ming donagacha boʻlgan detal hamda ehtiyot qismlardan foydalaniladi. Ularni yetkazib berish maqsadida 100 dan ortiq ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan hamkorlik qilinmoqda. Shunday boʻlishiga qaramay, detallarning 30 — 40 foizi import hisobiga olib kelinadi. Bu esa korxonada mahalliylashtirish koʻlamini kengaytirish, shu orqali mahsulot tannarxini arzonlashtirishga erishishni taqozo qilmoqda.

Ushbu masala yuzasidan korxonada mahalliy tadbirkorlar bilan doimiy uchrashuvlar tashkil etilib, ularning istiqbolli loyihalari oʻrganilyapti. Har bir tadbir mobaynida 100 dan ortiq ishlab chiqaruvchilarning 70 ga yaqin loyihalari oʻrganishga qabul qilinayotganligi bu boradagi masalalarning ijobiy yechimi sari intilishlar davom etayotganidan dalolatdir.

— Maqsadimiz davriy avtomashinalar emas, balki yuqori texnologik sifatga ega boʻlgan avtomobillar tayyorlashdan iborat, — deydi korxonaning ishlab chiqarish boʻyicha boshqaruvchi direktori Akromjon Toʻxtaboyev. — Zero, mahsulotimizga boʻlgan talab kun sayin ortib borar ekan, biz ham yangilanishlar ustida izlanishimiz, xaridorlar xohishini inobatga olgan holda, yangi modellarni taqdim etishimiz kerak. Ana shu maqsadda boshlangan yangi loyihalar mijozlarga maʼqul boʻlishidan umidvormiz.
Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?