“GM Uzbekistan” AJ aholini firibgarlardan ehtiyot boʻlishga chaqirdi

18:20 27 Fevral 2019 Jamiyat
666 0

Arxiv foto

“GM Uzbekistan” AJ aholini firibgarlardan ehtiyot boʻlishga chaqirdi. Bu haqda kompaniyaning Jamoatchilik bilan aloqalar xizmati tomonidan tarqatilgan maʼlumotda xabar qilinadi. Unda, jumladan shunday deyiladi:

“Shu kunlarda aholiga juda ham arzonlashtirilgan narxlarda yangi avtomobil taklif qilib, aldov yoʻli bilan fuqarolarning mablagʻlarini oʻzlashtirayotgan “tadbirkorlar”ning firibgarlik faoliyati yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz:

Maʼlum boʻlishicha, ayrim firmalar firibgarlik bilan juda arzonlashtirilgan narxlarda xaridorlarga yangi avtomobil taklif qilib, natijada na avtomobil va na pulni qaytarib bergan. Bugun oʻnlab insonlar ana shunday firibgarlarning qurboniga aylanishga ulgurgan.

“GM Uzbekistan” AJ yangi avtomobillar savdosi bilan faqatgina kompaniyaning rasmiy dilerlari shugʻullanishini maʼlum qilgan holda, sizlardan ogoh boʻlishingizni, firibgarlarning qurboniga aylanmasligingizni soʻrab qoladi. Kompaniya rasmiy dilerlarining toʻliq roʻyxati bilan quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin.

Agar Siz bu kabi qonunga xilof holatlarning guvohi boʻlsangiz, darhol kompaniyaning 78 141 77 77 raqamli “Ishonch telefoni”ga qoʻngʻiroq qilishingizni soʻraymiz”.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?