GM Uzbekistan avtomobillarini endi internet va mobil ilova orqali ham sotib olish mumkin

16:18 07 Noyabr 2018 Jamiyat
2539 0

“Oʻzavtosanoat” AJ GM Uzbekistan avtomobillarini xarid qilish boʻyicha onlayn rejimida internet va mobil ilovasini ishga tushiryapti.

Kompaniya maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonning har bir fuqarosi va yurtimiz mehmonlari uzavtosavdo.uz sayti orqali, shuningdek, Android va iOS mobil telefonlariga Uzavtosavdo ilovasini yuklab olgan holda avtomashina sotib olish imkoniyatiga ega boʻladi.

Buning uchun foydalanuvchi Identifikatsiyaning yagona tizimi(One ID)dan roʻyxatdan oʻtishi lozim. Agar elektron raqamli imzo boʻlsa, avtomobilni xorijda turib ham xarid qilish mumkin.

Foydalanuvchi avtoulov rusumi, modifikatsiyasi, rangi va hatto dilerlik markazini tanlay oladi. Bundan tashqari, avtomobil uchun toʻliq yoki qisman toʻlovni amalga oshirish imkoni ham mavjud. Mazkur jarayonlarning barchasi avtomatlashtirilgan.

Xaridorga navbat raqami va dilerdagi avtomobillar soni haqida maʼlumotlar beriladi. Agar unga zarur boʻlgan avtomashina dilerda yoʻq boʻlsa, buyurtma toʻgʻridan-toʻgʻri avtomobil zavodiga yuboriladi.

Xaridor shartnoma va avtomobilning individual VIN-raqamiga ega boʻladi. Shundan soʻng u dastlab tanlangan avtomobilning umumiy qiymatidan 3 foizini bank kartasi orqali oʻtkazishi va keyinchalik qolgan summani toʻlab berishi lozim.

“Savdoning eski tizimiga bildirilgan noroziliklar va shikoyatlarning asosiy sababi shartnoma olish, toʻlovlarni toʻlash boʻyicha uzundan-uzoq navbatlar, shundan soʻng avtomobilning oʻzini uzoq kutish bilan bogʻliq edi. Buning boisi avtomobil olish muddatini nomaʼlum muddatga choʻzuvchi noinsof odamlar tomonidan yaratilgan soxta navbatlar edi. 3 foizlik avans toʻlovining joriy etilishi mazkur sabablarni yoʻq qilish va xaridorga eng qisqa muddatlarda avtomobilni yetkazib berishga xizmat qiladi”, - deyiladi kompaniya xabarida.

Uzavtosavdo ilovasi xaridorga barcha jarayonlarni boshidanoq nazorat qilish imkonini yaratadi. Foydalanuvchilar oʻz navbati va avtomobilni olish sanasini bilib borishadi.

Avtomobilning 85 foiz narxi toʻlangandan soʻng yana bir qoʻshimcha qulaylik taqdim etiladi. Yaʼni xaridor avtomobilni uyigacha bepul yetkazib berish imkoniyatidan foydalanishi mumkin.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?