“Global Times”: “Ipak yoʻlining durdonasi”

12:17 29 Oktyabr 2019 Jamiyat
75 0

Xitoyda ingliz tilida nashr etiladigan “Global Times” gazetasi “Ipak yoʻlining durdonasi” sarlavhali suratli maqolani eʼlon qildi. Unda Xiva shahrining boy va betakror sayyohlik salohiyati haqida soʻz yuritilgan, deb yozadi “Dunyo” AA.

Mazkur gazeta jurnalisti X. Liu oʻz maqolasini Xivaning bebaho manzil ekanligi haqidagi taʼriflari bilan boshlar ekan, “Siz bu qadimiy shaharni oʻz koʻzingiz bilan koʻrmasdan turib, uning naqadar goʻzal va ulugʻvor ekanini toʻliq tasavvur eta olmaysiz”, deya taʼkidlaydi. U qadimiy Xiva haqidagi tarixiy maʼlumotlarni qalamga olar ekan, “Ichan qalʼa” majmuasi 1991-yil YUNESKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilganini gazetxonlar eʼtiboriga havola qiladi.

Muallif, shuningdek, Kalta minor, Juma masjidi singari osoriatiqalar tarixiga alohida toʻxtalgan. Xitoylik jurnalist “Ichan- qalʼa” yodgorlik majmuasida X asrga oid 50 ta tarixiy obida, XVIII-XIX asrlarga taalluqli 250 ta qadimiy uy mavjud ekanini alohida qayd etgan.

Maqolada jahon sayohatchilari tomonidan haqli ravishda “ochiq osmon ostidagi muzey-shahar” deya taʼriflanadigan Xiva tarixda Buyuk Ipak yoʻlining muhim markazi boʻlgani, mamlakatimizda turizm sohasini rivojlantirish yoʻlida keng koʻlamli izchil chora-tadbirlar hayotga tatbiq etilayotgani, 2020-yil 1-yanvardan boshlab Xitoy Xalq Respublikasi fuqarolari uchun Oʻzbekiston xalqaro aeroportlari orqali yetti kundan koʻp boʻlmagan muddatga mamlakatga vizasiz kirish tartibi belgilangani, oʻzbek zaminiga sayohat qilayotgan xorijlik, jumladan, xitoylik sayyohlar soni tobora koʻpayib borayotgani bilan bogʻliq maʼlumotlar ham oʻz ifodasini topgan.

Joriy yil 14 — 16-sentyabr kunlari Xiva shahrida boʻlib oʻtgan “Raqs sehri” xalqaro musiqa festivalini Xitoy ommaviy axborot vositalarida yoritish uchun maqola muallifining Oʻzbekistonga ijodiy safari uyushtirilgan edi. Uning mazkur xalqaro madaniy tadbir haqidagi turkum xabar va maqolalari “Global Times” gazetasi va nashrning veb-sahifasida eʼlon qilindi.

“Global Times” nashri Xitoyning yetakchi gazetasi hisoblanadigan “Jenmin jibao” tizimidagi boʻlinma sifatida faoliyat koʻrsatadi. Xitoy tilida 1,5 million nusxa, ingliz tilida 260 ming nusxada chop etiladigan ushbu nashr mamlakat boʻylab tarqatiladigan ikkita umummilliy gazetadan biri hisoblanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?