Global tahdidga javob: Oʻzbekiston tajribasi

11:56 25 Aprel 2020 Jamiyat
669 0

Foto: Xasan Paydo / “Xalq soʻzi”

Yangi turdagi koronavirusning tarqalishi jahon hamjamiyati uchun favqulodda holatga aylandi. Aksariyat ekspertlar tomonidan bu Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng yirik ijtimoiy va iqtisodiy inqiroz sifatida koʻrilmoqda.

Ayni vaqtda koʻpchilik dunyo siyosati va iqtisodiyoti uchun ushbu pandemiyaning yakuniy oqibatlarini oldindan aytish qiyinligini bildirmoqda. AQSHning sobiq davlat kotibi G. Kissinjerning fikricha, “koronavirus pandemiyasi jahon tartibotini butkul oʻzgartiradi, siyosiy va moliyaviy oʻzgarishlar bir nechta avlod hayotida davom etishi mumkin”. Ushbu fikr bilan bahslashish qiyin. Haqiqatan ham, COVID-19 pandemiyasi millionlab insonlar hayotini “oldin” va “keyin”ga ajratadi.

Qisqa muddatlarda virusning tarqalish koʻlami bunga har qanday hodisaga shubha bilan qarovchilarni ham hayron qoldiryapti va ularning fikri oʻzgarishiga olib kelyapti. COVID-19 tarqalish geografiyasi 216 ta davlat va hududlarni qamrab olgan. Kasallanganlar soni 2,7 milliondan oshib ketdi, vafot etganlar esa 190 ming nafardan ortiqni tashkil etmoqda.

Barchamiz uchun bu pandemiya oldindan bilib boʻlmaydigan, ammo tarix oʻzanini burib yuboradigan hodisa boʻldi. Dunyoda bironta ham davlat bu illatning ham epidemiologik, ham iqtisodiy tahdidlariga toʻliq tayyor emas ekan. Virus mamlakatlarning hududi, qudrati va taʼminlanganlik darajasidan qatʼi nazar, zaif ekanligini koʻrsatdi.

Bundan Oʻzbekiston ham chetda qolmadi. 15-martda Toshkent shahrida birinchi marta virus bilan kasallanish holati qayd etildi. Ayni vaqtda virusning boshqa davlatlarda shiddat bilan tarqalishi Oʻzbekiston uchun unga qarshi kurashishda xorij tajribasini oʻrganish va tegishli xulosalar qilishga imkon berdi.

Bugun shuni ishonch bilan aytish mumkinki, ushbu qimmatli vaqt bekorga sarflanmadi. Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan oʻz vaqtida qabul qilingan choralar koronavirus infeksiyasi tarqalishi xavfiga qarshi nafaqat taktik javob, balki oʻzida tibbiy, iqtisodiy va ijtimoiy xarakterdagi uzoq muddatga moʻljallangan qarorlar tizimini aks ettirgan, chuqur oʻylangan yaxlit strategiyaga aylandi.

Oʻzbekiston Prezidenti raisligida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, milliy iqtisodiyotga uning salbiy taʼsirini kamaytirish, ustuvor vazifalarni belgilab olish va aholining keng qatlamini manzilli qoʻllab-quvvatlash masalalariga bagʻishlangan 14 ta videoselektor majlisi oʻtkazildi. Davlatimiz rahbari tomonidan ushbu masalalar boʻyicha ikkita qaror va yettita Farmon imzolandi.

Oʻzbekiston rahbarining COVID-19 xavfiga qarshi kurashdagi strategiyasi mohiyati nimalardan iborat?

Birinchidan, virusga qarshi vaksina va kasallanganlarni tasdiqlangan samarali davolashning yoʻqligi sharoitida Oʻzbekiston pandemiyani toʻxtatishda virus yuqishi mumkin boʻlgan barcha yoʻlni — fuqarolarning “oʻzini yakkalash”, ijtimoiy masofalanish orqali toʻsdi. Shuningdek, kasallikni aniqlash va bemorlarni boshqalardan ajratish boʻyicha faol choralar koʻrdi.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) qayd etishicha, istalgan pandemiyaga qarshi kurashdagi asosiy tamoyil, bu — kasallik manbalarini aniqlash va tarqalishining oldini olish, vaziyatni nazoratga olishdir. Boshqacha aytganda, “kasallik holatlari qanchalik tez aniqlansa, uni yengish shunchalik oson boʻladi”.

Oʻz vaqtida koʻrilgan qatʼiy va obyektiv zarur cheklovlar hisobiga mamlakatda kasallanganlar soni keskin va tartibsiz ortishining oldi olindi.

Bu borada samarali yondashuv sifatida “Xitoy modeli”ni koʻrsatish mumkin. Xitoy hukumati tomonidan koʻrilgan qatʼiy choralar evaziga mamlakat epidemiyani va uning salbiy tendensiyalarini toʻxtatishga va normal hayot jarayonini boshlashga erishdi.

Taʼkidlash kerakki, aksariyat mamlakatlar pandemiyani dastlabki bosqichda nazorat qilish imkonini qoʻldan boy berdi. JSST murojaatlariga qaramasdan, ular vaziyatni jiddiy qabul qilmadi. Bu esa qanday oqibatlarga olib kelganini koʻrib turibmiz. Afsuski, har kuni yuzlab va minglab odamlarning vafot etishi koʻpchilik mamlakatlar uchun oddiy holga aylandi.

Ikkinchidan, holatni oldindan his eta bilish va tegishli choralar koʻrish sogʻliqni saqlash tizimiga bosimni kamaytirdi. Shifokorlarda oʻz imkoniyatlarini yana-da oshirish, kuchlarni moʻljallab olish va COVID-19 tarqalishi ustidan nazorat oʻrnatish uchun qimmatli vaqt vujudga keldi.

Karantindagi fuqarolarga malakali tibbiy yordam koʻrsatish maqsadida Toshkent viloyatining Oʻrta Chirchiq tumanida qisqa muddatlarda 10 ming kishiga moʻljallangan karantin hududi barpo etildi. Shuningdek, hozirda ushbu viloyatda 5 ming kishiga moʻljallangan ikkita infeksion shifoxona qurilishi yakunlanmoqda. Surxondaryo, Namangan va Navoiy viloyatlarida ham har biri ming kishiga moʻljallangan modul klinikalari va karantin punktlarini zarur jihozlar bilan taʼminlash ishlari boshlangan.

Mamlakatimizda oʻpkani sunʼiy shamollatish va narkoz nafas olish uskunalarini ishlab chiqish saʼy-harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, koronavirusni aniqlashga qaratilgan test tizimini ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Tibbiyot niqoblarini uzluksiz ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. Buning natijasida bir sutkada 4 million 500 ming niqob isteʼmolchilarga yetkazilishiga erishildi. Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston dunyoda tibbiy niqoblar taqchilligi kuzatilmayotgan sanoqli davlatlardan biridir.

Koʻrilgan choralar natijasida davolash ishlari shoshmashosharlik bilan emas, balki bemorlarni kelgusida reabilitatsiyaga yoʻnaltirish orqali reja asosida amalga oshirilmoqda. Tibbiy xodimlar oʻz kuchlarini qayta tiklab olishlari va samarali faoliyat koʻrsatishlari uchun har 14 kunda almashtirilmoqda. Aksariyat mamlakatlarda buning uchun imkoniyat yoʻq.

Qolaversa, Oʻzbekiston Prezidentining tibbiyot xodimlarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qarori qabul qilindi. Unga koʻra, soha xodimlariga 5 milliondan 25 million soʻmgacha, agar xodim koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan taqdirda 100 milliondan 250 million soʻmgacha ragʻbatlantirish toʻlovlari joriy etildi. Bu, oʻz navbatida, davlat oʻz qahramonlarini qoʻllab-quvvatlashini va ularning mehnatini qadrlashini bildiradi.

Buning natijasida mamlakatimizda ayrim davlatlarda kuzatilgan tibbiyot xodimlarining ishdan yoppasiga boʻshash yoki hukumat eʼtiborini qaratish maqsadida koʻchaga chiqish hollari yuz bermadi.

Uchinchidaninqiroz salbiy oqibatlarining fuqarolar farovonligiga taʼsirini kamaytirishga qaratilgan choralar qabul qilindi.

Fuqarolarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror faoliyat koʻrsatishini taʼminlashga yoʻnaltirilgan 10 trillion soʻm hajmidagi Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi tashkil qilindi.

Xususan, Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasidan tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar berish maqsadida 500 milliard soʻm ajratildi. Aholiga manzilli vaqtincha ish oʻrni yaratish uchun 200 milliard soʻm Jamoat ishlari fondiga oʻtkazildi.

Bundan tashqari, infratuzilma obyektlari qurilishini kengaytirish boʻyicha, ayniqsa, qishloq joylarida oʻn minglab ish oʻrinlari yaratilishini taʼminlaydigan maxsus dastur amalga oshirilmoqda.

Pandemiyadan eng koʻp zarar koʻrgan iqtisodiyot tarmoqlari uchun (turizm, transport, xizmat koʻrsatish sohasi va boshqalar) soliq taʼtillari va kommunal xizmatlar uchun toʻlovlarni kechiktirishga ruxsat berildi. 1-oktyabrgacha koʻplab soliq turlari uchun bekor qilish yoki pasaytirilgan stavkalar koʻrinishidagi imtiyozlar berildi.

Banklar oʻz mijozlari — tadbirkorlar va aholining qiyinchiliklarini tushungan holda ularga ajratilgan kreditlar toʻlov muddatlarini kechiktirmoqda, omonatlar muddatini avtomatik tarzda uzaytirmoqda. Koʻplab tadbirkorlar iqtisodiy faoliyati “muzlatib qoʻyilgan” sharoitda, aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun kreditlardan foydalanishdi.

Fuqarolarning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami ham eʼtibordan chetda qolmadi. Bu masalada davlat va fuqarolik jamiyati oʻrtasida samarali sheriklik yuzaga keldi. Mamlakatimizning barcha hududida homiylik yordamlarini muvofiqlashtirish boʻyicha tegishli markazlar tashkil qilindi. Bu ishlarga Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining 18,5 mingga yaqin koʻngillilari jalb qilingan. Bugungi kunga qadar ular 229 mingga yaqin muhtoj oilalarga bepul yordam koʻrsatishdi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini manzilli qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatini tuzish taklifi ilgari surildi. U tadbirkorlarni yordamga muhtojlarga faol ravishda ixtiyoriy tarzda oʻzlarining begʻaraz koʻmaklarini berishga chaqirdi.

Oʻz navbatida, davlat bunday tadbirkorlarga soliq, lizing, kreditlar va zarur manbalardan foydalanish uchun turli imtiyoz va afzalliklar berish orqali kompensatsiyalar taqdim qiladi. Hozirda hukumat tomonidan xayriya yordamlarini amalga oshirayotgan tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qaror qabul qilinishi kutilmoqda. Bosh vazir oʻrinbosari J.Qoʻchqorov taʼkidlaganidek, tadbirkorlar tomonidan sarflangan mablagʻ toʻlaligicha davlat tomonidan qoplab beriladi.

Majburlashni nazarda tutmaydigan, lekin biznesning ijtimoiy masʼuliyatini ragʻbatlantiradigan ushbu model dunyoda keng qabul qilingan va oʻzining samaradorligini allaqachon isbotlagan. Yetakchi xalqaro xayriya tashkiloti boʻlgan “Charities Aid Foundation” maʼlumotlariga koʻra, tadbirkorlar tegishli soliq va boshqa imtiyozlaridan foydalanishsa, xayriya faoliyatiga daromadining 12 foizidan koʻproq mablagʻlarini ajratadilar.

Ayni vaqtda inflyatsiya darajasi oshishi ehtimolini tugʻdirishi va byudjet mablagʻlari taqchilligi ortishini keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan aholiga pul tarqatish amaliyotidan farqli ravishda Prezident tomonidan taklif qilingan model nafaqat muhtoj odamlarga koʻmak, balki ularning iqtisodiy faolligining oʻsishiga ham xizmat qiladi. Hududlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar markazdagi masʼullarga qaraganda joylardagi ahvoldan yaxshi xabardordirlar. Ular muhtojlarga nafaqat manzilli yordam berishlari, balki ish oʻrinlari yaratishlari hamda mahsulot ishlab chiqarish uchun zarur xom ashyolarni yetkazib berishlari mumkin. Zero, bu oʻrinda aniq yoʻnaltirilgan va samarali yondashuv muhim.

Koronavirus bilan kurashish maqsadida mamlakatda iqtisodiy faollikni sezilarli darajada kamaytirish, inqirozga qarshi keng koʻlamli chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun qatʼiy irodali qaror qabul qilish oson emas, albatta. Davlat juda katta xarajatlarni oʻz zimmasiga olishi byudjetga katta zarar yetkazadi. Faqat yer soligʻi va jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻi toʻlanishining kechiktirilishi byudjet tushumini 3 baravarga qisqartirdi. Mavjud vaziyat byudjetni qayta koʻrib chiqish, xarajatlarni kamaytirish va qayta yoʻnaltirish, shuningdek, baʼzi rejalarni amalga oshirishni kechiktirishni taqozo etadi.

Biroq hukumat uchun asosiy jihat — fuqarolarning sogʻligʻini himoya qilish, ijtimoiy majburiyatlarni bajarish vazifalari oʻzgarishsiz qolmoqda. Bu haqda davlatimiz rahbari 10-aprel kuni oʻtkazgan videoselektor yigʻilishida taʼkidlaganidek: “Biz bu xatarga qarshi kurashda mamlakat ichida boʻladimi, yurtimizdan tashqarida boʻladimi, bor kuch va imkoniyatlarimizni toʻla safarbar etamiz. Vatanimizda yashayotgan hech bir inson, hech bir oila davlatimiz va jamiyatimizning eʼtibori va gʻamxoʻrligidan chetda qolmasligi kerak”.

Shu sababli Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan ishlab chiqilgan strategiya yurtdoshlarimiz tomonidan yakdil qoʻllab-quvvatlanmoqda. “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi maʼlumotlariga koʻra, soʻrovda qatnashganlarning 92,3 foizi hukumat tomonidan koronavirusga qarshi kurashish boʻyicha koʻrilayotgan choralarni toʻla maʼqullaydi. Shu bilan birga, respondentlarning deyarli uchdan bir qismi — 27,1 foizi pandemiyaga qarshi choralarni kuchaytirish tarafdori ekanini bildirgan. Ularning fikricha, karantin qoidalariga rioya qilmaganlik uchun fuqarolarning shaxsiy javobgarligini oshirish zarur.

Aholi mamlakat rahbariyatining saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlabgina qolmay, balki karantin tartibiga rioya qilish chaqirigʻiga ijobiy javob berdi. Xususan, mamlakatimiz fuqarolari MDH hududida eng intizomli deb topildi. Oʻzbekiston “Yandeks” internet-resursi taqdim etgan MDH mamlakatlari orasida “oʻzini yakkalash” reytingida yetakchilik qilmoqda.

Bu raqamlarning barchasi shunchaki statistika emas, balki bu aholining hokimiyatga boʻlgan ishonchi, toʻgʻri yoʻnalishdagi faoliyatining tan olinishidir. Zero, aholining koʻmagisiz, xavfni toʻla tushunmasdan turib, hech qanday karantin samarali boʻlmaydi.

Shu bilan birga, barcha inqirozlar oʻtib ketishini unutmaslik lozim. Hozirgi vaqtda mutaxassislar koronavirus holatlari aniqlanmagan yoki epidemiologik vaziyat yaxshilangan hududlarda karantin cheklovlarini bosqichma-bosqich yumshatish choralarini koʻrmoqda. Profilaktika va gigiyena qoidalariga toʻliq rioya qilingan holda, barcha turdagi qurilish ishlariga ruxsat berish rejalashtirilgan. Ushbu soha 1 million 325 ming kishini ish bilan taʼminlaydi va sanoatning boshqa tarmoqlarida bandlikni qoʻllab-quvvatlaydi.

Bunday sharoitda karantindan chiqish jarayoni uning qoidalariga rioya qilishdan kam boʻlmagan ahamiyatga ega. Bu borada shoshilish kerak emasligini Xitoy tajribasida koʻrish mumkin. Oʻzbekiston Prezidenti taʼkidlaganidek, barcha ishlar oqilona, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari va aholining roziligi bilan amalga oshiriladi. Shu munosabat bilan, hushyorlikni yoʻqotmaslik, pandemiya tahdidlarini yengib oʻtish uchun barcha resurslarni safarbar qilishni davom ettirish va sinovlarga munosib qarshi turish muhimdir.

Biz allaqachon eng asosiy narsani amalga oshirdik — koʻrilgan chora-tadbirlar eng yomon holatni bartaraf etishga, bemorlar soni nazoratsiz oʻsishining oldini olishga va sogʻliqni saqlash tizimining barqarorligini taʼminlashga imkon berdi. Biz kasallikni hali yengmadik, ammo shubhasiz, toʻgʻri yoʻldan ketyapmiz.

Eldor ARIPOV,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar

instituti direktori

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?