Gʻijduvonlik tadbirkor qanday qilib narxi yerga urilgan xom ashyodan eksportbop mahsulot tayyorlashni yoʻlga qoʻydi?

10:23 01 Noyabr 2019 Jamiyat
270 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Nafiddin akaning kechagiday yodida. Oʻshanda fermer emasmi,ancha – muncha qorakoʻl qoʻyi bor edi. Hammasi yaxshi borayotgandi –yu ammo qoʻy juni deganlarining uvoqcha qadri qolmagandi.

Odamlar ham hayron. Sotay deyishsa, olaman, deydigan yoʻq.Axlatga tashlagani koʻz qiymaydi.Uvol.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Ana shunday pallada Nafiddin akani birov soʻroqlab keldi.Tanishdilar.Qoʻy juniga xaridor emish. Agar kilosini 100 soʻmdan bersa, hammasini koʻtarasiga olarmish.Fermerga bu gap ogʻir botdi.Axir, yerga urish bundan ham ortiq boʻlishi mumkinmi?! Insofsizlik ham evi bilan – da!Ammo fermer bosiqlik qildi.Ichidagini tashiga chiqarmadi.

-Shundan soʻng doʻppini boshdan olib obdan oʻyladim,- deydi Nafiddin aka. -Qoʻy junini qayta ishlab tayyor mahsulotga aylantirish nahotki, mushkul ish boʻlsa?Bu savol menga tinchlik bermay qoʻydi.Soʻrab – surishtirdim.Oʻqib -oʻrgandim.Izlandim.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Nafiddin Hayitov nihoyat, savolga javob topdi. Gʻijduvonda qoʻy junini qayta ixtisoslashgan zamonaviy korxona barpo etdi. Bunda moliyaviy muassasadan olingan 4 milliard soʻmdan koʻproq kredit mablagʻi asqotdi, albatta.

-Xitoy Xalq respublikasidan junni qayta ishlash liniyasini xarid qildik,- deydi “Nurli nihol chashmalari” xususiy korxonasi rahbari N. Hayitov.-U elektr energiyasini turdoshlariga qaraganda 30 – 40 foizga tejaydi.Korxonamiz yiliga 350 – 400 tonna xom ashyoni qayta ishlash quvvatiga ega.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Korxonada jundan issiqlikni saqlovchi materiallar tayyorlanayapti. Bu yerda ishlab chiqarilayotgan 10 turdagi mahsulotning, ayniqsa, namat yaʼni kigizning, koʻrpa – yostiqlarning bozori chaqqon. Chunki bugungi xaridor anoyi emas.U qoʻy juni solinib tayyorlanayotgan bu jihozlar inson salomatligi uchun foydali ekanini yaxshi biladi. Eʼtiborlisi, mahsulotning bir qismi Qozogʻistonga eksport qilinmoqda. Xitoyga esa momiq junni eksport qilish boʻyicha kelishuvga erishilgan.Korxonaning chiqitsiz texnologiya asosida ishlashini ham taʼkidlamoqchimiz.Chiqitlardan poyabzal uchun patak tayyorlanyapti.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Hozir bu yerda 20 ta ish oʻrni yaratilgan.Tadbirkor istiqbolda jundan ip yigirishni ham yoʻlga qoʻymoqchi.Ana oʻshanda ishchilar soni 50 nafarga yetadi.

Aytmoqchi, korxonaning xom ashyoni qabul qilish punkti ishlab turibdi. Qoʻy junining narxi ham endi suvtekin emas.Chunki uning eksportbop mahsulot tayyorlaydigan “Nurli nihol chashmalari”day insofli xaridori bor.

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Istam IBROHIMOV,
(“Xalq soʻzi)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?