Gʻijduvonda zamonaviy, shinam bogʻchalar foydalanishga topshirildi

17:11 28 Avgust 2019 Jamiyat
148 0

Eng oqilona va toʻgʻri ish yosh avlod kelajagi uchun tikilgan sarmoyadir. Bu borada yurtimizda ham ibratga molik ishlar boshlab yuborilgani barchani birday mamnun etmoqda. Chunonchi, mamlakatimiz Mustaqilligining qutlugʻ 28 yilligi oldidan viloyatda eng koʻp aholisiga ega tumanlardan biri Gʻijduvonda ikkita maktabgacha taʼlim muassasasi qurib, foydalanishga topshirildi. Bu haqda Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Investitsiya dasturi asosida bunyod etilgan bu muassasalar “Qorabogʻ” MFYda 100 nafar, “Qoʻriq” MFYda 125 nafar jajji oʻgʻil-qizni oʻz bagʻriga olmoqda. Tumandagi “Qoraxoni mukammal qurilish” hamda “Gʻijduvon mukammal qurilish servis” MCHJlari tomonidan barpo qilingan bu ikki inshootga umumiy qiymati 7 milliard soʻm mablagʻ sarflandi.

Maktabgacha taʼlim muassasalari ochilish marosimi katta tantanaga aylandi. Tuman hokimligi, “Nuroniy” jamgʻarmasi mutasaddilari, ota-onalar va jurnalistlar ishtirok etgan tadbirda bolajonlarimiz, qolaversa, yurtimiz kelajagini oʻylab qilinayotgan bu kabi saʼy-harakatlar albatta, oʻz samarasini berishi taʼkidlandi.

-Bugungi kunda tumanimizda 3-7 yoshlilar soni 24 mingdan oshiqroq boʻlib, ayni kunda ularning 10328 nafari maktabgacha taʼlim muassasalariga qamrab olingan, -deydi tuman hokimi Murodjon Umarov. - Shu yil bahor oylaridan Amirobod va Oqrabot qishloqlarimizda zamonaviy va shinam bogʻchalar qurilishini boshlaganmiz. Hozirda zarur inventarlar va mebel bilan jihozlanayotgan muassasalar ham yaqin kunlarda bolajonlar ixtiyoriga topshiriladi. Umuman, hududda maktabgacha taʼlim muassasasi soni 63 taga yetgan boʻlsa, shu yil oxirigacha ular safiga yana har birida 25 nafardan bolajon taʼlim-tarbiya oladigan, davlat xususiy sherikchiligidagi 29 ta oilaviy bogʻchani qoʻshish loyihalashtirilgan.

Shu yil sentyabr oyida bolajonlarni bunday muassasalarga jalb qilish qamrovini 58 foizga yetkazamiz. Tuman madaniyat boʻlimi badiiy havaskorlik jamoasi va yosh isteʼdodli xonandalar kuy-qoʻshiqlari tadbirga bayramona ruh bagʻishladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?