Gʻijduvon shahrida umumiy qiymati 4,4 milliard soʻmga teng zamonaviy radarlar va kuzatuv kameralari oʻrnatiladi

18:51 20 Oktyabr 2020 Jamiyat
205 0

Gʻijduvon shahri aholi gavjum, avtomashinalar serqatnov hududlardan sanaladi. Shundan kelib chiqib, shahar hududidagi toʻrtta serqatnov chorrahada hamda tumanga kirish va chiqish joylarida tezlikni oʻlchaydigan qoʻzgʻalmas radarlar, dehqon va buyum bozorlari oldida kameralar oʻrnatish hamda ushbu bozorlarda mavjud kuzatuv kameralarini Gʻijduvon tuman IIO FMB da tashkil etilgan vaziyatni kuzatish markaziga integratsiya qilish boʻyicha loyiha hujjatlari tayyorlandi.

Xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasida huquqbuzarliklar oldini olish va profilaktikasi holati toʻgʻrisida deputatlar oldida hisobot bergan viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi Shuhrat Aliyev ana shuni maʼlum qildi.

— “Raqamli Oʻzbekiston — 2030”strategiyasi loyihasi bugungi kunda sohalarni raqamlashtirish, xususan, viloyat darajasida hududlarni raqamli transformatsiya qilish boʻyicha loyihalarning amalga oshirilishi bilan alohida ahamiyatga ega, — dedi jumladan Sh. Aliyev. — Gʻijduvon shahrida roʻyobga chiqarilishi kutilayotgan bu loyiha fuqarolarimizda haydovchilik madaniyatini oshirish, yoʻl-transport hodisalari oldini olish, avtomobillar harakatini tartibga solish nuqtayi nazaridan foydali boʻladi.

Deputatlardan tushgan savollarga javob berarkan, Sh. Aliyev mazkur loyiha mahalliy byudjet mablagʻlari evaziga amalga oshirilishini, tizim yoʻl- transport hodisalari bilan bogʻliq noxush hollarni kamaytirish imkonini berishidan tashqari, iqtisodiy jihatdan samarador tizim ekanini, unda inson omili boʻlmasligini taʼkidladi.

Maʼlumot tariqasida aytish lozimki, ayni paytda viloyat IIB YHXB ixtiyorida “AutoCon” rusumli 5 ta avtomatlashtirilgan fotovideo qayd qilish moslamasi mavjud. Bundan tashqari, yana 8 ta maxsus avtomatlashtirilgan statsionar foto va videofiksatsiya radarlari xarid qilinib, ular toʻliq ishga tushirilgan. Hozirga qadar ushbu avtomatlashtirilgan foto-video qayd qilish moslamalari orqali 44 835 ta qoidabuzarlik aniqlangan.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?