Gimnastikachilarimiz xalqaro Gran-pri turniri va jahon kubogida ishtirok etishadi

14:59 26 Mart 2019 Sport
213 0

Badiiy gimnastika boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi 28 mart kuni Yevropaga yoʻl oladi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

8 aprelga qadar koʻhna qitʼaning bir yoʻla ikki davlatida sportning eng nafis turi boʻyicha ketma-ket ikkita yirik musobaqa boʻlib oʻtadi va ularning har ikkalasida mamlakatimiz vakillari ishtirok etishi rejalashtirilgan. Dastlab Fransiyaning Tye shahrida qizlarimiz xalqaro Gran-pri turnirida ishtirok etishadi. Mazkur musobaqa 1 aprel kuni nihoyasiga yetadi va shundan soʻng gimnastikachilarimiz 3-8 aprel kunlari boʻlib oʻtadigan jahon kubogi bosqichida qatnashish uchun Italiyaning Pesaro shahriga yoʻl olishadi.

Musobaqalarda ishtirok etadigan Oʻzbekiston terma jamoasi tarkibi uch murabbiy va 8 sportchidan iborat boʻlib, yurtimiz sharafini Nilufar Shomuradova, Dinara Ravshanbekova, Kseniya Aleksandrova, Sofiyabonu Kasыmova, Kamola Irnazarova, Sevara Safoyeva, Sabina Tashkenbayeva va Yekaterina Fetisova himoya qilishadi.

Shuningdek, delegatsiyamizdan ikki nafar hakam va shifokor ham oʻrin olgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?