Gilos eksporti. Buning ortidan katta daromad olish mumkin

09:50 23 May 2018 Iqtisodiyot
441 0
Foto: protoday.uz

Yurtimizda pishiqchilik mavsumi boshlandi. Bog‘larda pishib yetilayotgan sarxil mevalar dasturxonimizni bezamoqda.

Bozor rastalarini to‘ldirayapti. Undan ortgani esa eksportga chiqarilmoqda. Ayniqsa, bolga to‘lgan giloslarning xaridori chaqqon. Tashqi bozorda talab yuqori bo‘lgan bu mevadan joriy yilda ham mo‘l hosil yetishtirildi.

Xususan, Namangan giloszorlaridagi pishiqchilik kishining havasini keltiradi. Viloyat mirishkorlari bu mavsumda 26,5 ming tonna hosil yetishtirishni mo‘ljallashgan.

Uning 11 ming tonnadan ko‘prog‘i tashqi bozorga yo‘naltiriladi. Ayni paytda joylarda eksport amaliyotlari jadal davom ettirilmoqda.

— Xorijda bizning gilosga talab juda yuqori, — deydi Mingbuloq tumanida ro‘yxatdan o‘tgan yakka tartibdagi tadbirkor Bahodir Ko‘paysinov. — Hozirgi kunga qadar chet ellik xaridorlarga 3 million AQSh dollaridan ortiq miqdorda gilos sotdik. Bu hali mavsumning boshlanishi...

Aytish kerakki, viloyatda bu yil birgina gilos eksportining o‘zidan 45 million AQSh dollariga teng daromad qilish mo‘ljallanayapti. Dastlabki natijalar ushbu ko‘rsatkich yanada ko‘proq bo‘lishidan dalolat bermoqda.

O‘zbekiston gilos yetishtirish va uni eksport qilish bo‘yicha AQSh, Chili, Turkiya va Yevropa ittifoqidan keyin beshinchi o‘rinda turadi. Ma’lumotlarga qaraganda, ayni paytda mamlakatimizdagi giloszorlardan yiliga 200 ming tonnaga yaqin hosil olinadi. Uning 30 ming tonnadan ortig‘i xorijiy xaridorlarga jo‘natilmoqda. 

Xo‘sh, bu ko‘rsatkich ozmi-ko‘pmi? Bu boradagi imkoniyatlarni yanada kengaytirishning iloji bormi? Jahon bozoridagi o‘rnimizni mustahkamlash yo‘lida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?    

— Buning uchun, avvalo, meva yetishtirish va qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan har bir korxona tashqi bozorga chiqish huquqini beruvchi “Global GAP” sertifikatiga ega bo‘lishi shart, — deydi “O‘zagroeksport” aksiyadorlik jamiyatining logistika bo‘limi boshlig‘i Bahodir Rahmatullayev. — Ayni paytda respublikamizda meva-sabzavot eksporti bilan shug‘ullanuvchi 10 dan ortiq sub’ektlar shunday sertifikatni qo‘lga kiritgan. Tabiiyki, xushta’m, ko‘rinishi e’tiborni tortadigan, yuqori sifatli mevalargina jahon bozorida xaridorga manzur bo‘ladi.  Jumladan, gilosga ham talab shunday. Ta’mi, donasining yirik va tekisligi alohida ahamiyatga ega. Shundan kelib chiqib, mamlakatimizda barcha jihati bilan xorijliklar didiga mos tushadigan mahsulot yetishtirish va sotuvga tayyorlash uchun mavjud imkoniyatlar ishga solinmoqda. Bunda dunyoning mashhur kompaniyalarida tayyorlangan texnologik uskuna va jihozlar qo‘llanishiga ahamiyat qaratilayapti. Masalan, Italiyaning “Uniteks” kompaniyasidan keltirilgan liniya yordamida gilosni ma’lum darajadagi past haroratda saqlash va uni maxsus qutilarga joylab, savdo rastasigacha tabiiy holatda yetkazish mumkin. Ayni paytda uch joyda shunday texnologiyadan foydalanilmoqda. Bu boradagi ishlar izchil davom ettirilib, yaqin vaqt ichida  ular soni keskin ko‘paytiriladi. Umuman olganda, mazkur yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar natijasida  2018-2019 yillar mobaynida gilos eksporti 40 ming tonnaga yetkaziladi.

Ko‘chatni kompyuter parvarishlaydi

Giloschilikni rivojlantirish va uning eksportini tashkil etish borasidagi ishlarda To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Gold fresh fruits” mas’uliyati cheklangan jamiyatining loyihasi alohida ajralib turadi. Ushbu korxona jamoasi Yandama qishlog‘i atrofida 800 gektardan ortiq maydonda intensiv bog‘lar barpo etdi. Dastlabki o‘tqazilgan nihollar o‘tgan yili nishona ko‘rsatdi. Atrofi maxsus to‘siqlar bilan o‘ralgan bu bog‘larning 85 foizini giloszor tashkil qiladi. Bo‘yi uncha yuqori bo‘lmagan, biroq mahalliy navlarga qaraganda serhosil  ko‘chatlar xorijdan keltirilgan. 

— Ilgari atigi 12 sentnerdan paxta olingan bu yerlarning holatini yaxshilash uchun anchagina ter to‘kildi, — deydi MChJ ish boshqaruvchisi Erkinjon Nishonov. — Pastu balandini tekislab, o‘t-o‘landan tozaladik. Boshqa iqlim va sharoitda undirilgan nihollarni mahalliy sharoitga moslashtirishda xorijlik mutaxassislar bilan mirishkor bog‘bonlarimizning hamkorlikdagi mehnati qo‘l keldi. Tan olib aytish kerakki, bog‘dorchilik borasida xalqaro tajriba biznikidan anchagina farq qiladi. Ko‘chatlar aniq sxema asosida joylashtirilgan. Sug‘orish ilg‘or texnologiya — tomchilatish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Buning uchun katta maydonlardagi meva daraxtlari qatoriga yuz ming metrlab ingichka va yumshoq quvurchalar tortib chiqilgan. Ularga suv kompyuter bilan boshqariladigan 3 ta nasos stansiyasi orqali yetkaziladi. Yangilikning afzalligi shundaki, oddiy usulda sug‘orilganda gektariga 120 litr suv sarflansa, bu usulda 40 litrdan oshmaydi. Tejamkorlik darajasi — 55 — 60 foiz. Biz bog‘ni mineral o‘g‘itlar bilan to‘yintirishni ham suv orqali bajaramiz. Ayni jarayonda sarf-xarajat kamayishidan tashqari suv orqali berilgan ozuqa to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chat ildiziga boradi. 

“Uzbek cherry” loyihasi

E. Nishonov o‘tgan yili Italiyaga xizmat safari bilan borib,  bu boradagi tajribalarni yaqindan o‘rganib qaytdi. Soha bo‘yicha professor Frank Fortening maslahatlarini oldi. Ularda har bir ko‘chatning oralig‘i 15 santimetrdan 3 metrgacha masofani tashkil etar ekan.

— U yerlardagi bog‘larni ko‘rib, hayratlanmay ilojingiz yo‘q, — deydi Erkinjon. — Zich ekilgan ko‘chatlarda bor-yo‘g‘i ikki-uchta shox bor. Biroq bu shoxlar pastidan uchigacha hosil. Buning ustiga ko‘chatlar atrofi chuqur yumshatilmaydi. “Sizlar chopiq qilib, ko‘chatning asosiy ildizlariga shikast yetkazasizlar. Natijada daraxtning hosili kamayib, osmonga qarab o‘sa boshlaydi. Yer yuzasiga yaqin qismida popuk ildiz bor, e’tiborni ko‘proq shunga qaratish kerak”, deya menga maslahat berdi italiyalik olim. Uning gapi to‘g‘ri ekanligini amalda sinab ko‘rdim. Shoxlarga shakl berish, pishib yetilgan hosilni saralashning ilg‘or usullarini ham o‘rgandim. Qaytar chog‘imda Frank maxsus qaychi va mevaning yirikligini o‘lchaydigan  asbob sovg‘a qildi. 

To‘raqo‘rg‘onlik bog‘bonlar hozirgi kunda xorij tajribasini o‘rgangan holda “Uzbek cherry” loyihasi ustida qizg‘in ish olib borishayapti. Uning umumiy qiymati 45 million AQSh dollariga teng bo‘lib, joriy yil oxirigacha intensiv bog‘dagi giloszorlar 1000 gektarga yetkaziladi. Ular to‘la hosilga kirgach, yiliga 10 ming tonnadan oshirib hosil olish mumkin. 

Zamonaviy logistika markazi

Bu yerda barpo etiladigan zamonaviy logistika markazida gilosni saralash, qayta ishlash, qadoqlash va eksportga chiqarish ishlari amalga oshiriladi. Majmuada umumiy quvvati 14200 tonnalik sig‘imga ega 12 ta ombor, 2 ta zamonaviy muzlatkich o‘rnatiladi. Ilg‘or texnologiyaning ish jarayoni kompyuterlar yordamida olib boriladi. Lazer skanerli saralash uskunasi yuvilgan gilosni saqlash muddatini aniqlagan holda, alohida turlarga ajratadi. So‘ngra mahsulot karaxt holga keltirilib, muzlatiladi. Maxsus qutilarga joylangan mahsulot do‘kondagi vitrinali muzlatkichga yetib borgunga qadar shunday saqlanadi. Qiymati 72 million AQSh dollariga teng mazkur loyiha kelgusi yil boshigacha ro‘yobga chiqarilib, yiliga 150 tonna gilosni muzlatilgan holda jamg‘arish imkoniyati yaratiladi. 

Davlatimiz rahbari o‘tgan yili Namangan viloyatiga safari chog‘ida “Gold fresh fruits”ning faoliyati  bilan yaqindan tanishish jarayonida  bu yerda vodiy giloschilik maktabini tashkil etish bo‘yicha o‘z taklifini bildirgan edi. Shundan kelib chiqib, ushbu vazifa ijrosiga kirishildi. O‘tgan qisqa fursatda ilg‘or tajriba markaziga aylangan mazkur jamiyatga Farg‘ona vodiysidan tashqari, mamlakatimizning turli hududlaridan yuzlab bog‘bon va mutaxassislar tashrif buyurishdi.

— Bu yerga kelayotganlar tajribalarimizni yaqindan o‘rganmoqdalar,  —  deydi agronom Dilmurod Arslonov. — Mashg‘ulotlarda, asosan, gilosni o‘tqazish va parvarishlash texnologiyasi, jumladan,  ko‘chatni payvandlash, yerdan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratayapmiz.

Umuman aytganda, ushbu sohaning jadal rivoji mamlakatimiz eksport salohiyati oshishiga xizmat qiladi.

Qudratilla NAJMIDDINOV,
«Xalq so‘zi» muxbiri.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?