Gidrogel 700 mln. soʻm grant ajratishga loyiq loyihami? Vazirlik maʼlumot berdi

10:08 29 Iyun 2020 Jamiyat
967 0

Milliy ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarni moliyalashtirish usullaridan biri tanlov asosida moliyalashtirishdir. Ilmiy jamoatchilik va mustaqil ekspertlarning fikricha, grant loyihalari tanlovlari — moliyalashtirishning eng shaffof turi sanaladi. Grant tizimi nafaqat malakali ilmiy ekspertiza orqali istiqbolli loyihalarni saralab olish, balki ilmiy-tadqiqot ishlarining sifatini nazorat qilishning samarali vositasi hisoblanadi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi maʼlum qildi.

Vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy taʼlim muassasalari tomonidan ilmiy faoliyatga doir davlat dasturlari doirasida bajarilayotgan hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan innovatsion va amaliy loyihalarning ahamiyati qanday? Ularning iqtisodiyotimiz va jamiyatimizga qanday nafi tegadi? Loyihalarni amalga oshirish jarayonlari qanday kechmoqda? Mana shu savollarga javob berish maqsadida ilmiy faoliyatga doir davlat dasturlari doirasida moliyalashtirilgan loyihalarning olimlarimiz tomonidan bajarilishi boʻyicha maqolalar turkumini eʼtiboringizga havola etishni boshlaymiz.

Birinchi qahramonimiz Toshkent kimyo-texnologiya ilmiy-tadqiqot institutida (TKTITI) faoliyat yurituvchi texnika fanlari boʻyicha falsafa doktori Shavkat Shirinovdir. Shavkat Shirinov rahbarligidagi ilmiy jamoa 700 mln. soʻm miqdoridagi grantni qoʻlga kiritib, hozirda Orolboʻyi hududlaridagi tuz va qum koʻchishini bartaraf etadigan, tuproq unumdorligini oshiradigan, suvni tejashga xizmat qiladigan yangi avlod nanoyelimlari va gidrogel ishlab chiqish ustida tadqiqotlar olib bormoqdalar.

Gidrogel — suvda yuqori boʻkuvchan sintetik polimer boʻlib, tuproq tarkibida, koʻp miqdordagi namlikni uzoq vaqt davomida saqlash imkoniyatini beradi. Tuproqqa atmosfera yogʻinlari yoki sugʻorish yoʻli bilan kirgan suv oʻsimliklar ildiziga bemalol oʻtadigan holatda saqlanadi. Hozirda gidrogel mahsuloti Respublikamizda mavjud boʻlgan mahalliy xomashyolar asosida tayyorlanib, importdan keltirilgan shu xildagi mahsulotlarga nisbatan bahosi 8 barobar arzon, xususiyatlari jihatidan esa farq qilmaydi. Yomgʻir suvlarida oʻzining ogʻirligidan 200-300-marta, koʻpchilik yer maydonlarida esa tuproq tarkibidagi turli tuzlarning miqdoriga qarab 200-250-martagacha koʻp suvni oʻzida saqlaydi.

Gidrogelni Respublikamizdagi barcha turdagi, suv bilan kam taʼminlangan va turli darajadagi shoʻrlangan yerlarda qoʻllash koʻzda tutilgan. Undan qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda lalmi yerlarda boshoqli ekinlar, oʻrmonchilikda koʻchatlar (saksovul, turli daraxtlar) ekishda, koʻkalamzorlashtirishda gazon, gul va shunga oʻxshash manzarali ekinlar ekishda keng koʻlamda foydalanish mumkin. Gidrogel sarfi ekin turiga, tuproq tarkibiga va maxalliy iqlim sharoitidan kelib chiqib aniqlanadi. Gidrogelni mineral oʻgʻit bilan aralashtirib, oʻgʻit berishda foydalaniladigan texnika yordamida avtomatik ravishda oʻsimlikka beriladi.

Hozirgi kunda loyiha mualliflari tomonidan tuproqning suvni oʻzlashtirish dinamikasi oʻrganilib, nanoyelimli gidrogel kompozitsiyalaridan foydalangan holda koʻchatlarni oʻstirish boʻyicha tajribalar oʻtkazilmoqda va tegishli tavsiyalar ishlab chiqilmoqda. Yer osti suv oqimlarini toʻsish maqsadida TKTITIda ishlab chiqarilgan gidrogeldan foydalanish ijobiy natijalar berdi. Amalda mazkur maxsus gidrogel yordamida yer osti suv oqimlarini toʻsish va qazib olinayotgan suyuqlikda neft ulushini oshirish maqsadida iqtisodiy foyda olish mumkinligi isbotlandi.

Ishlab chiqarilgan gidrogellar ekologik jihatdan zararsiz boʻlib, gidrogel qoʻllanilgan maydonlardagi namlikning uzoq saqlanishi va yerning qotib qolmasligi sababli sugʻorishlar 30-40% va agrotexnik ishlov berishlar soni 20-30 foizgacha kamayadi. Qoʻllanilish jarayoni alohida murakkab texnologiyalarni talab qilmaydi. Gidrogel 3-5 yilgacha namlik, mineral oʻgʻit va mikroelementlarni ildiz atrofida saqlanib turishini taʼminlaydi, natijada oʻsimlik tez unib chiqadi, suvsizlikda qurib qolmaydi, hosildorlik va kasalliklarga chidamliligi ortadi. Gidrogelni mineral oʻgʻitlar bilan aralashtirib, soʻngra tuproqqa solish qoʻllashni yana-da osonlashtiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?