Gid Oʻzbekistonda tungi turizmni rivojlantirish lozimligi haqida fikr bildirdi

15:03 16 Sentyabr 2019 Jamiyat
115 0

Innovatsion rivojlanish vazirligi va BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligidagi Innovatsiyalar va boshqaruv yechimlari laboratoriyasida ekskursion xizmatlarni rivojlantirish boʻyicha tashabbuskor ishchi guruhining takliflari muhokama qilindi. Ayni chogʻda unda Oʻzbekistondagi gidlar bilan bogʻliq muammolar va ularni yechish yoʻllari ham atroflicha tahlil etildi.

Muhokamalarda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi masʼul xodimlari, sayyohlik firmalari rahbarlari, gidlar ishtirok etdilar.

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi boshqarma boshligʻi oʻrinbosari Shuhrat Isaqulovning xabar berishicha, 2018-yili Oʻzbekistonga 5,4 mln. nafar sayyoh tashrif buyurgan boʻlsa, joriy yil hali yakuniga yetmasidan turib bu koʻrsatkich 35 foizga oshdi. Yil yakuniga borib mazkur koʻrsatkich yana-da yuqori boʻlishi kutilmoqda. Bu oʻz navbatida mehmonxona, transport va boshqa infratuzilmalarga yuklamalarni oshiradi.

Tadbirda hududlar boʻyicha differensiatsiyalangan soliq stavkalarining yuqoriligi, mehnat sharoitlari, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtish, sayyohlarni tashish, xavfsizlik, mehnat haqi masalalardagi mavjud muammolar koʻrib chiqildi. Ishchi guruh gidlarga imtiyozli soliq toʻlovchi maqomini berish va “gid” mutaxassisligi boʻyicha taʼlim muassasalari bitiruvchilariga yangi subyektlar sifatida 2 yillik soliq taʼtili berish taklifi bilan chiqdi. Shuningdek, gidlarga sayyohlarni tashish xizmatini qoʻshimcha faoliyat turi sifatida kiritishga ruxsat berish taklifi ham koʻrib chiqildi, bunda miniven boʻlganidagina litsenziya berilishi kerakligi qayd etildi. Bunday yangi imkoniyatlar investitsiyalar jalb qilishga koʻmaklashishi taʼkidlandi.

2006-yildan beri gid sifatida faoliyat yuritib kelayotgan Bellya Li sohaning hali Oʻzbekistonda mavjud boʻlmagan yoʻnalishini — tungi turizmni rivojlantirish lozimligi haqida soʻz yuritdi. Sayyohlikning bu turi, ayniqsa, bir samolyotdan ikkinchisiga oʻtishi kerak boʻlgan qisqa muddatli mehmonlarga juda mos keladi. Tranzit sayyohlar aeroportda 7—8 soat davomida kutib qoladilar. Mana shu fursatdan foydalanib, ularga poytaxtni tomosha qilishlari uchun sharoit yaratib berish zarurligi taklif etildi. Hozirda Toshkentda tunu kun ishlaydigan madaniy obyektlarning yoʻqligi sayyohlarga bunday sharoit yaratilishiga toʻsqinlik qilmoqda. Xuddi shunday, umumiy ovqatlanish joylari ham kunduzi va kechasi bir xil tartibda ishlamaydi.

Uchrashvda gidlarga taʼlim berish masalasi alohida muhokama qilindi. Bunda bozor talablarini inobatga olgan holda sayyohlik kompaniyalarini bu masalaga jalb qilish, boʻsh ish oʻrinlari yarmarkalari kabi tadbirlarni tashkil etish lozimligi aytildi. Oʻz navbatida yurtimizda gidlarni tayyorlash boʻyicha faqat bitta muassasa – “Turizm sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash respublika markazi ” mavjuddir.Hozirda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasida gidlar va yoʻl koʻrsatuvchilarga malaka sertifikatlarini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ishlab chiqilmoqda. Ekskursovodlik boʻyicha uslubiy qoʻllanmalarning mavjud emasligini inobatga olib, ularni oʻzbek tilida ham yaratish lozimligi qayd etildi.

Tadbir soʻngida Sh. Isaqulov Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Koreya tajribasiga tayangan holda hududlar boʻyicha 8 hil namunali loyihalarni ishlab chiqqanini va ularni investorlarga taqdim etishga tayyor ekanini maʼlum qildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?