GFR Oʻzbekistonning Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlamoqda

18:25 12 Mart 2020 Siyosat
398 0

Germaniya Oʻzbekistonning Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlamoqda

Yaqinda Germaniyaning Fridrix Ebert va Konrad Adenauer nomidagi yetakchi siyosiy fondlarining mintaqaviy idoralari rahbarlari Termiz shahriga tashrif buyurdi.
Ushbu tashrif Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tashkillashtirildi. Bundan maqsad germaniyalik mutaxassislarni Afgʻoniston bilan hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish maqsadida Surxondaryo viloyatida zamonaviy infratuzilmalarni tashkil etish hamda rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan keng koʻlamli ishlar bilan tanishtirish edi.

Mehmonlar Termizda faoliyat yuritayotgan Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazi, “Termiz kargo” xalqaro logistika markazi hamda “Termiz — Hayraton” xalqaro nazorat punkti faoliyati va salohiyati haqida toʻliq maʼlumotlarga ega boʻldilar. Shuningdek, Oʻzbekiston va Germaniya hamkorligining istiqbolli yoʻnalishlari boʻyicha atroflicha fikr almashildi.

Hozirgi kunda Germaniya Afgʻonistonning asosiy hamkorlaridan biri boʻlib, Yaponiya va AQSHdan keyingi eng yirik donor mamlakat sanaladi. 2002-yildan 2016-yilga qadar Germaniya Afgʻonistonni tiklash uchun 4 milliard yevroga yaqin mablagʻ ajratgan. Bugungi kunda Germaniya Federativ Respublikasining Afgʻonistonga yillik koʻmagi 500 million yevroni tashkil qiladi. Bundan tashqari, Germaniya Afgʻonistondagi, ayniqsa, shimoliy hududlardagi harbiy-siyosiy vaziyatni barqarorlashtirishga katta hissa qoʻshmoqda.

Oʻzbekiston va Germaniya Markaziy Osiyodagi mintaqaviy xavfsizlik masalalari boʻyicha umumiy qarashlarga ega. Xususan, GFR Oʻzbekistonning Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlaydi. Binobarin, har ikki mamlakat ham Afgʻonistondagi vaziyatni faqatgina muzokaralar orqali hal qilinishi tarafdori boʻlib, ushbu davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga salmoqli hissa qoʻshmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Afgʻonistonga nisbatan yangi tashqi siyosati ochiqlik, yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro hurmat va manfaatlar eʼtiborga olinishi tamoyillariga asoslangan boʻlib, ikki tomonlama aloqalarning sezilarli darajada kengayishiga xizmat qildi. Ushbu siyosatning muhim qismi sifatida rasmiy Toshkentning Afgʻonistonda tinchlikka erishish jarayoni va mamlakatning iqtisodiy tiklanishiga koʻmak beradigan koʻp tomonlama mexanizmlarda faol ishtiroki etishi va Oʻzbekistonning Qobulning mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga faol jalb qilinishini qoʻllab-quvvatlashini aytib oʻtish mumkin.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston ushbu yoʻnalishda oʻz saʼy-harakatlarini amalga oshirishda Germaniya bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Jumladan, Afgʻonistondagi mojaroni hal qilish masalalari 2019-yilda Shavkat Mirziyoyevning Germaniyada Federal kansler Angela Merkel bilan, shuningdek, mazkur mamlakat Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan Toshkentda boʻlib oʻtgan yuqori darajadagi muzokaralarda har tomonlama muhokama qilindi.

Taʼkidlash lozimki, shu yil 29-fevral kuni Doha shahrida AQSH va “Tolibon” harakati oʻrtasida tuzilgan tinchlik shartnomasidan soʻng Germaniyaning Afgʻoniston va Pokiston boʻyicha maxsus vakili M.Potsel Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatishda Oʻzbekistonning muhim oʻrin tutishini hamda rasmiy Berlin uzoq yillar davomida Afgʻoniston boʻyicha rasmiy Toshkent bilan hamkorlik qilib kelayotganini taʼkidladi. M.Potselning fikriga koʻra, aynan Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatishga qaratilgan xalqaro konferensiya tashkil etildi.

Germaniyaning yetakchi siyosatshunosi va Markaziy Osiyo boʻyicha mutaxassisi Gyunter Knabe Oʻzbekistonning Afgʻonistondagi vaziyatni tinch yoʻl bilan hal etish borasidagi saʼy-harakatlarini izohlar ekan, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ushbu yoʻnalishda siyosiy va diplomatik tadbirlarni amalga oshirishda qoʻshgan ulkan hissasini alohida taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, AQSH va “Tolibon” oʻrtasida tinchlik shartnomasining imzolanishi Oʻzbekiston rahbarining Afgʻonistondagi inqirozni siyosiy yoʻl bilan hal etishning muqobili yoʻqligi toʻgʻrisidagi fikrlarining nechogʻlik toʻgʻri ekanligini yana bir bor tasdiqladi.

Afgʻoniston fuqarolarining taʼlim olish masalasi mamlakatda xavfsizlik va barqarorlikni oʻrnatishda muhim oʻrin tutishi inobatga olingan holda 2018-yil yanvar oyida Termizda taʼlim markazi ochildi. Mazkur markazda afgʻon yoshlari uchun oliy taʼlimning 17 yoʻnalishi va oʻrta-maxsus kasbiy taʼlimning 16 yoʻnalishi boʻyicha taʼlim olish imkoniyatlari yaratildi.

Ayni paytga qadar markazda 136 afgʻon talabasi tahsil oldi. Ulardan 96 nafari oʻzbek tili va adabiyoti boʻyicha bakalavr darajasiga ega boʻldi, 40 nafari rus tili, qishloq xoʻjaligini rivojlantirish va tadbirkorlik boʻyicha qisqa muddatli kurslarda malaka oshirdi. Hozirgi kunda markazda “Oʻzbek tili va adabiyoti”, “Akusherlik va hamshiralik ishi”, “Quruqlikdagi transport tizimi va ulardan foydalanish” boʻyicha 172 talaba tahsil olmoqda, ulardan 46 nafarini qizlar tashkil etadi.

Taʼkidlash joizki, markazda afgʻon fuqarolari uchun oʻquv dastur bilan bir qatorda tikuvchilik, sartaroshlik, gilam toʻqish, haykaltaroshlik va boshqa talab yuqori boʻlgan kasblarni oʻrgatish boʻyicha toʻgaraklar tashkil etilgan. Bu bir tomondan talabalarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish imkonini bersa, boshqa jihatdan kelajakda qoʻshimcha daromad topishda foydalanish mumkin boʻlgan koʻnikmalarni egallash imkonini beradi.

Bundan tashqari, afgʻonistonliklarning ehtiyojidan kelib chiqqan holda chet ellik hamkorlar bilan birgalikda qisqa muddatli kurslarni tashkil etish rejalashtirilmoqda. Jumladan, Xitoy bilan Afgʻoniston qishloq xoʻjaligi vazirligi xodimlarini oʻqitish, AQSH bilan afgʻon muhandislarini yoʻl qurilishi va undan foydalanish hamda Afgʻoniston politsiyasi xodimlarini narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish boʻyicha malakasini oshirish yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.

Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, xususan, Germaniyaning moliyaviy koʻmagi asosida afgʻonistonlik mutaxassislar, shu jumladan, tibbiyot sohasidagi xodimlarni Taʼlim markazida oʻqitish masalasi ham koʻrib chiqilmoqda. Germaniya ushbu maqsadlar uchun 17,5 million yevro ajratdi.

Germaniya delegatsiyasiga hamrohlik qilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev Afgʻonistonda transport, energetika, savdo, investitsiya va taʼlim sohasida yirik loyihalarni amalga oshirishda mintaqadagi va dunyodagi yetakchi davlatlarning saʼy-harakatlarini birlashtirish ushbu mamlakatda uzoq muddatli tinchlik va barqarorlikka qisqa muddatda erishishning zaruriy sharti ekanligini taʼkidlab oʻtdi. Bugungi kunda Oʻzbekiston Afgʻonistonda xavfsizlik va barqaror rivojlanishni taʼminlashda muhim boʻlgan sohalarda xorijiy hamkorlar bilan qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda zarur imkoniyatlarga ega.

— Termiz safari davomida Afgʻoniston yoʻnalishida ikki tomonlama hamkorlikning istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi, — deydi I.Irgashev. — Xususan, Termizdagi taʼlim markazida afgʻon mutaxasislarini tayyorlash va oʻqitish, “Termiz kargo” xalqaro logistika markazi imkoniyatlaridan birgalikda foydalanish, “Termiz” erkin iqtisodiy zonasida qoʻshma korxonalarni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Germaniyaning F.Ebert va K.Adenauer fondlarining Markaziy Osiyodagi vakolatxonalari rahbarlari Kristof Mor va Ronni Xayne Oʻzbekistonning Afgʻonistonga koʻrsatayotgan ijtimoiy-iqtisodiy koʻmak berish borasida olib borilayotgan keng koʻlamli ishlarini yuqori baholab, ushbu sohada oʻzaro manfaatli hamkorlikni oʻrnatishdan manfaatdor ekanliklarini alohida taʼkidladi.

K. Morning soʻzlariga koʻra, bugungi kunda Oʻzbekiston tomoni sharofati bilan Afgʻonistonni boshqa bir bir ijobiy tomondan koʻrish imkoniyatiga muyassar boʻlganligini aytib oʻtdi.

— Taʼlim markazidagi suhbat chogʻida biz afgʻon yoshlari bilim olishga chanqoqligini, oʻz yurtida tinchlik va barqaror rivojlanishni taʼminlash uchun munosib hissa qoʻshishga tayyorligini koʻrdik, — deydi F. Ebert fondining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasirahbari Kristof Mor. — Bu Afgʻonistonning tinch kelajagiga umid, ishonch bagʻishlaydi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ushbu urushdan aziyat chekkan mamlakatni tinch yoʻl bilan qayta tiklashda xalqaro hamjamiyatning saʼy-harakatlarini birlashtirish borasidagi tashabbuslarining dolzarbligini yana bir bor ifodalaydi.

Bundan tashqari, nemis ekspertlarining fikriga koʻra, Oʻzbekistonning Afgʻonistonda mojaroni hal etishda afgʻon milliy iqtisodiyotini tiklashga har tomonlama yordam berish, tinch yoʻl bilan milliy kelishuvga erishish va ushbu mamlakatni mintaqaviy iqtisodiy aloqalarga jalb etish boʻyicha prinsipial yondashuvi maqtovga loyiq va yuqori bahoga munosib boʻlib, dunyoning turli mintaqalarida yuz berayotgan nizolarni hal etish nuqtai-nazaridan katta ilmiy-amaliy qiziqish uygʻotadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi oʻrinbosari Akrom Neʼmatov bugungi kunda Oʻzbekiston va Germaniya tahliliy markazlari oʻrtasida samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilganini alohida taʼkidlab oʻtdi. Chunonchi, doimiy ravishda mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikka bagʻishlangan turli uchrashuvlar, davra suhbatlari, seminarlar va konferensiyalar oʻtkazilmoqda. Bunga tasdiq sifatida shu yilning iyun oyida Toshkentda K.Adenauer fondi bilan birgalikda Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirish va ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish boʻyicha Afgʻoniston, Pokiston va Germaniya vakillari ishtirokida xalqaro seminar oʻtkazilishi rejalashtirilgani qayd etildi.

Bundan tashqari joriy yilning sentyabr oyida Fond koʻmagida Bryussel va Berlin shaharlarida Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishi va mintaqada Yevropa Ittifoqi strategiyasini amalga oshirishda samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari yuzasidan davra suhbatlari tashkil etish rejalashtirilgan. Bunday uchrashuvlar, shubhasiz, Markaziy Osiyoda xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha har tomonlama chuqur oʻylangan va tahliliy tadqiqotlarga asoslangan takliflarni ishlab chiqish imkonini beradi.

Umuman olganda, Termizga tashkil etilgan tashrif Afgʻonistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga hamda uning Markaziy Osiyodagi iqtisodiy va transport sohasidagi integratsiya jarayonlariga qoʻshilishiga qaratilgan Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarni yana-da mustahkamlashga hissa qoʻshadi.

Tashrif doirasida mehmonlar Termiz arxeologik muzeyida ham boʻlishdi. Yurtimizning, xususan, shaharning boy tarixiy merosi ularda katta taassurot qoldirdi.

O. LUTFULLAYEV

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?