Germaniyaning nufuzli kompaniyasi vitse-prezidenti Oʻzbekistondagi forumda ishtirok etadi

18:01 25 Avgust 2018 Sport
144 0
Foto: Auto Motor Sport

Joriy yilning 11 sentyabr kuni Toshkent shahrida “Ijtimoiy sohadagi innovatsiyalar – jamiyat rivojining muhim omili” xalqaro forumi boʻlib oʻtadi. Unda mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari, xalqaro ekspertlar ishtirokida taʻlim va sogʻliqni saqlash tizimida innovatsiyalarni tatbiq etish, innovatsiya sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish kabi qator dolzarb masalalar muhokama qilinadi. Shuningdek, forumda ishtirok etish uchun Germaniyaning Tyuringiya federal yeri sobiq Bosh vaziri doktor Diter Altxaus taklif etilmoqda.

Tadbir “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Konrad Adenauer fondining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi tomonidan iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarning muhim tarmoqlarini jadal innovatsion rivojlanishi masalalari, shuningdek, jahon ilm-fanining soʻnggi yutuqlari, zamonaviy innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar va texnologiyalarini muhokama qilish maqsadida tashkil etilmoqda. Unda “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili” Davlat dasturi ijrosi holati, joriy yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan muhim islohotlar taqdimoti boʻlib oʻtadi.

Forum ishida davlat idoralari, yetakchi xorijiy ekspertlar, NNT va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etadi. Shuningdek, “Magna International” kompaniyasining Yevropa boʻlinmasi vitse-prezidenti, Germaniyaning Tyuringiya federal yeri sobiq Bosh vaziri doktor Diter Altxaus “Innovatsion va iqtisodiy rivojlanish jarayonlari Germaniya tajribasi misolida” mavzusidagi taqdimoti bilan ishtirok etadi.

Maʻlumot uchun “Magna International” “Ford”, “Toyota”, “Honda”, “Volkswagen”, “Porsche”, “General Motors”, “Mercedes-Benz”, “Mitsubishi”, “Hyundai”, “Great Wall Motors” kabi yetakchi avtokonsernlar uchun ehtiyot qismlarini yetkazib beruvchi yirik kompaniya hisoblanadi. Bundan tashqari, ushbu kompaniya “BMW X3”, “Mercedes E-Class” va “G-Class”, “Saab 9-3 Convertible”, “Jeep Grand Cherokee”, “Chrysler 300”, “Chrysler Voyager” kabi rusumdagi avtomobillarni ham yigʻish bilan shugʻullanadi.

Germaniyalik mutaxassis yurtimizga joriy yilning 10-15 sentyabr kunlari tashrif buyurib, iqtisodiy hamkorlik, turli sohalarga investitsiya kiritish hamda innovatsion rivojlantirish masalalari boʻyicha mutasaddi hukumat vakillari bilan muzokaralar oʻtkazadi. Shuningdek, “Uzavtosanoat” AJ rahbariyati bilan uchrashishi rejalashtirilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?