Germaniyalik islomshunos olimlar Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida boʻldi

19:08 18 Oktyabr 2019 Madaniyat
215 0

Germaniyaning Osnabruk universiteti Islom teologiyasi instituti professor-oʻqituvchilari va bir guruh talabalari Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida boʻlib, muassasa faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Mehmonlarga davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan markaz faoliyati, bu yerda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot, tarjimonlik ishlari haqida batafsil maʼlumot berildi. Dunyodagi nufuzli ilm dargohlari bilan yoʻlga qoʻyilgan ilmiy hamkorlik aloqalariga eʼtibor qaratildi.

Markaz muzey fondidan oʻrin olgan eksponatlar, noyob qoʻlyozma manbalar, devoriy suratlar germaniyaliklarda katta taassurot qoldirdi.

Islom teologiyasi instituti vakillari va markaz ilmiy xodimlari ishtirokida oʻtkazilgan davra suhbatida ikki mamlakat ilmiy muassasalari haqida maʼlumot almashildi. Germaniyadagi mazkur taʼlim dargohida Movarounnahr hududidan yetishib chiqqan mutafakkir va allomalarning ilmiy merosini chuqur oʻrganish va keng tadqiq qilish ustida ish olib borilayotgani eʼtiborga olinib, bu borada Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Tashrif doirasida mehmonlar Hadis ilmi maktabi faoliyati bilan ham yaqindan tanishib, talabalar bilan suhbatlashdi.

Germaniyalik ilm-fan namoyondalari yurtimizda diniy-maʼrifiy sohaga yuksak eʼtibor qaratilayotganligini alohida eʼtirof etdilar.

Mardon Gunesh – Germaniyaning Osnabruk universiteti Islom teologiyasi instituti professori

Diniy-maʼrifiy yoʻnalishdagi maqsad va rejalarimiz ham hamohangdir!

Biz bir necha kundan buyon Oʻzbekistondagi diniy muassasalar, tarixiy obidalarni tomosha qilmoqdamiz. Taassurotlarimiz bir olam. Sayohatimiz davomida Toshkentda yangidan bunyod etilayotgan Oʻzbekistondagi Islom svilizatsiyasi markazining qurilish jarayonini kuzatdik. Xalqaro islom akademiyasida pedagog xodimlar va talabalar bilan uchrashdik. Ushbu jarayonlarni kuzatib soha xodimlariga bu darajadagi yuksak eʼtibordan hayratlangan boʻlsam, bugun Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi faoliyati bilan tanishib,benihoya xursand boʻldim va havasim ortdi. Har ikkisi ham sharqona meʼmorchilik uslubida, milliy anʼanalarni oʻzida mujassam etgan muhtasham binolar. Taʼrifga soʻz ojiz! Muzeydagi eksponatlar, devoriy suratlar barchasi ajoyib! Qisqa vaqt ichida Markaz xorijdagi koʻplab islom tadqiqot markazlari bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyibdi. Erishilgan yutuqlar va olib borilayotgan tadqiqot ishlari eʼtirofga molik. Markaz xodimlarining kelgusi ishlariga omad tilayman!

Bu yerga tashrif buyurgan institutimiz talabalarining barchasi Germaniyada Movarounnahr hududidan yetishib chiqqan mutafakkir va allomalarning ilmiy merosini chuqur oʻrganib, tadqiq etish ustida ish olib borishmoqda.Shu jihatdan ularning allomalar tugʻilib ijod qilgan diyorga tashrifi juda ham foydali boʻldi. Ilmiy muhit, kadrlar tayyorlashga boʻlgan eʼtibor, islom dini nufuzini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar barchasi yuqori darajada. Alhamdilulloh barchamiz musulmonmiz! Shunday ekan, bu boradagi maqsad va rejalarimiz ham hamohangdir.

Jens Bakker - Germaniyaning Osnabruk universiteti Islom teologiyasi instituti ilmiy-tadqiqotchisi

Imom Moturidiy davrida islomiy ilmlar maʼrifatining turli sohalari, jumladan kalom ilmi gullab-yashnagan

Bu tabarruk zaminda oʻrta asrlarda oʻz kashfiyotlari va ilmiy taʼlimoti bilan butun dunyoni lol qoldirgan yuzlab ulug zotlar yetishib chiqqan va samarali ijod qilgan. Men bular haqida faqat eshitardim va oʻqir edim. Oʻzbekistonga sayohatimiz davomida toʻgʻridan-toʻgʻri bu ulugʻ zotlarning koʻpini maqbaralarini ziyorat qilishga, ularning ilmiy merosi bilan yaqindan tanishishga muyassar boʻldim. Mana shunday buyuk allomalardan biri kalom ilmining asoschilaridan imom Abu Mansur al-Moturidiydir. Men institutimizda bir necha yillardan buyon Moturidiy taʼlimoti boʻyicha tadqiqot ishlarini olib borayapman. 

Bugun Samarqandga sayohatimiz davomida bu ulugʻ zotning qabrini ham ziyorat qildim. Bundan benihoya xursandman. Tadqiqotlarim natijasida shunga amin boʻlmoqdamanki, Imom al-Moturidiy davrida islomiy ilmlar maʼrifatining turli sohalari, jumladan kalom ilmi gullab-yashnagan. Uning ilmiy-maʼnaviy merosida aqliy dalil va isbotlarga tayangan holda Islom dini aqidasining sofligini himoya qilish va hidoyat yoʻlidan adashgan turli oqimlarga qarshi qurash alohida ahamiyat kasb etgan.

Bugun yurtingizda barcha shart-sharoitlarga ega va qolaversa, manbalar xazinasiga toʻla ilmiy-tadqiqot muassasalarining bunyod etilgani va etilayotgani bu yerda mutafakkir va allomalarning ilmiy merosini chuqur oʻrganish va tadqiq etish borasida olib borilayotgan ishlar meni juda quvontirdi. Kelgusida albatta, biz mazkur muassasalar bilan ilmiy-tadqiqot yoʻnalishida hamkorlikda ish olib boramiz.

Abdulaziz Yoʻldoshev tayyorladi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?