Germaniyada yosh olimlarimiz iliq kutib olindi

18:08 08 Oktyabr 2019 Jamiyat
221 0

Germaniya tadqiqot institutlarida ikki hafta davomida malaka oshirishi uchun saralab olingan 13 nafar oʻzbekistonlik yosh olimlar stajirovkaning birinchi kuni Byut amaliy fanlar universiteti hamda Leybnis ilmiy assotsiatsiyasiga tashrif buyurdilar.

Oʻzbekistonlik yosh olimlarni Byut universitetning ilmiy tadqiqotlar boʻyicha vitse-prezidenti professor Koxler kutib oldi va universitet hayoti bilan tanishtirdi. Universitetda bugungi kunda 13 000 nafarga yaqin talabalar 70 dan ziyod bakalavr va magistrlik kurslarida tahsil oladi. Asosan aniq fanlarni oʻqitishga moʻljallangan ilm dargohida ham nazariy, ham amaliy bilimlar beriladi. Boʻlajak muhandislarga professor - oʻqituvchilar bilan bir qatorda ishlab chiqarishda bevosita faoliyat yuritadigan mutaxassislar tomonidan saboq berilishi mazkur universitetning oʻziga xos jihatlaridandir. Talabalarning ishlab chiqarishda amaliyot oʻtashlari esa oʻz navbatida ularning boʻlgʻusida ish joyi bilan taʼminlanishlariga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Byut universitetida taʼlim barcha federal universitetlar kabi bepul boʻlib, talabalarga transport, turar-joy xarajatlari boʻyicha ham qator imtiyozlar bor.

Yosh olimlar universitetdagi startap-inkubatorlar, ilmiy - tekshirish laboratoriyalari, grantlar tizimi haqida ham maʼlumotlar oldilar.

Kunning ikkinchi yarmida tadqiqotchilarimiz Leybnis assotsiatsiyasi professori Veronika Tanner bilan uchrashdilar.Tanner xonim 95 ta mustaqil ilmiy muassasalarni oʻz ichiga oladigan Leybnis assotsiatsiyasi faoliyati haqida soʻzladi. Leybnis assotsiatsiyasi aʼzolari beshta yoʻnalish boʻyicha ish olib boradilar, bular “gumanitar va taʼlim”,“iqtisod, ijtimoiy fanlar”, “tabiiy fanlar”, “matematika va muhandislik” hamda “atrof muhit muhofazasi” yoʻnalishlaridir. Mazkur seksiyalarning asosiy vazifasi hamkorlik va tajriba almashish, shuningdek, yosh tadqiqotchilarni qoʻllab-quvvatlashdan iboratdir.

(“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?